Dushanbeda O‘zbekiston - Tojikiston “Do‘stlik bog‘i” barpo etilmoqda
© Ministerstvo selskogo xozaystvaSozrevshie plodi granatov

© Ministerstvo selskogo xozaystva
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston Dushanbega Tojikiston iqlimiga moslashtirilgan mevali daraxt ko‘chatlar olib boradi.
TOShKENT, 16 fev — Sputnik. O‘zbekiston va Tojikiston hamkorlikda “Do‘stlik bog‘i” barpo etilmoqda, deya xabar berdi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.
“O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik va strategik hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida Dushanbe shahrida “Do‘stlik bog‘i” tashkil etilmoqda. Ushbu loyiha nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi qardoshlik ramzi, balki ekologik barqarorlik va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yo‘nalishida ham muhim ahamiyat kasb etadi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori Tojikistonga borib, mamlakatning Qishloq xo‘jaligi vaziri birinchi o‘rinbosari Asozoda Nuraly Mahmadullo bilan uchrashdi.
“Uchrashuv davomida bog‘ loyihasi muhokama qilinib, amalga oshirish choralari belgilandi. Tashrif davomida rasmiylar Dushanbe shahrida joylashgan “Do‘stlik bog‘i” uchun ajratilgan hududni borib ko‘rishdi va loyiha bosqichlari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida zarur tavsiyalar ishlab chiqildi, shu kuni loyihaning amaliy ishlariga start berildi”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.
O‘zbekiston tomoni quyidagilarni amalga oshiradi:
Tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish – suvdan samarali foydalanish va ekinlarning yaxshi o‘sishi uchun zamonaviy sug‘orish texnologiyalari o‘rnatiladi;
Ko‘chatlar yetkazib berish – O‘zbekistondan yuqori sifatli Tojikiston iqlimiga moslashtirilgan mevali daraxt ko‘chatlari olib kelinib, ularning barqaror o‘sishini ta’minlash uchun maxsus agrotexnik xizmatlar ham ko‘rsatiladi;
Yer tayyorlash va unumdorlikni oshirish – bog‘ uchun ajratilgan yer maydonida unumdorlikni oshirish ishlari olib boriladi, sifatli o‘g‘itlar bilan ta’minlanadi;
Bog‘ infratuzilmasini yaratish – sug‘orish tizimlari, himoya va parvarish qilish tizimlari, bog‘ dizayni va ekish jarayonlari to‘liq rejalashtiriladi;
Agronomik maslahatlar va tajriba almashish – O‘zbekistondan tajribali mutaxassislar jalb qilinib, Tojikistonlik qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari bilan ilmiy-amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Xabarda aytilishicha, “Do‘stlik bog‘i” nafaqat ekologik jihatdan muhim loyiha, balki ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik timsoli sifatida uzoq yillar xizmat qiladi.