Pokistonda “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi — qanday kelishuvlarga erishildi?
10:30 15.02.2025 (yangilandi: 10:39 15.02.2025)
© IA "Dunyo"V pakistanskom gorode Laxore zavershilas promishlennaya vistavka "Made in Uzbekistan"

© IA "Dunyo"
Obuna bo‘lish
Uch kun davomida 80 mingdan ortiq tashrif buyuruvchilar milliy sanoat mahsulotlari va hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishdi.
TOShKENT, 15 fev — Sputnik. Pokistonning Lahor shahrida “Made in Uzbekistan” sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Milliy sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi 11-13 fevral kunlari tashkil etildi. Tadbirda to‘qimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, mebel va yog‘ochsozlik, kimyo, farmatsevtika sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari hamda O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi.
Uch kun davomida 80 mingdan ortiq tashrif buyuruvchilar milliy sanoat mahsulotlari va hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishdi. Tadbir doirasida O‘zbekiston tadbirkorlarining 500 dan ortiq “B2B” uchrashuvlari tashkil etildi. Ularda yangi savdo shartnomalarini tuzish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya a’zolari, shuningdek, Panjob viloyatining yirik sanoat markazlari – Faysalobod, Sialkot, Gujranvala, Gujrat, Bahavalpur, Mo‘lton va Sheyxpura shaharlariga tashrif buyurib, hududlardagi ixtisoslashgan korxonalar va ularning ishlab chiqarish quvvatlari bilan yaqindan tanishdi. Aniq istiqbolli loyihalar bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishib, qisqa fursatlarda o‘zaro tashriflarni uyushtirish va loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha muzokaralarni batafsil davom ettirish tomonlarning ish rejalariga kiritildi.
Ko‘rgazma davomida umumiy qiymati 500 mln AQSh dollariga teng 181 ta shartnoma imzolandi. Shundan 263 mln AQSh dollari eksport savdo shartnomalari, 236 mln AQSh dollari esa import shartnomalarini tashkil etadi.
Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimga kiritilgan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish, O‘zbekistonning meva-sabzavot mahsulotlarini Pokistonga eksport qilish uchun fitosanitar ruxsatnomalar olishni tezlashtirish hamda ikki mamlakat elektron savdo platformalarida mahsulotlarni joylashtirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhni shakllantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Pokiston hududlarida O‘zbekiston savdo uylarini tashkil etish, ikki mamlakatda paritet asosida tijorat yarmarkalarini tashkil etish, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, transport-logistika, qurilish materiallari, terini qayta ishlash va charm mahsulotlar, chinni buyumlar, mebelsozlik yo‘nalishlarida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilib, hamkorlik loyihalari ishlab chiqildi.
Tadbir ishtirokchilari bu kabi ko‘rgazmalarning tashkil etilishi biznes doiralari hamda keng jamoatchilikning ikki davlat sanoat mahsulotlari to‘g‘risidagi o‘zaro xabardorligini oshirishini, hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida aniq rejalarni shakllantirishini qayd etishdi.