O‘zbekiston xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytiradi — tafsilotlar

© AP Photo / Rebecca BlackwellOlimpiyskie igri Parij-2024. Futbol: Uzbekistan-Ispaniya
Olimpiyskie igri Parij-2024. Futbol: Uzbekistan-Ispaniya - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 13.02.2025
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, seleksiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
TOShKENT, 13 fev — Sputnik. O‘zbekistonda xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish kuchaytiriladi, ommaviy sport yangi bosqichga olib chiqiladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Prezident raisligida 2028-yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi to‘rt yilda budjetdan sportga ajratilayotgan mablag‘ 1,5 trillion so‘mdan 3 trillion so‘mga oshdi, murabbiylarning o‘rtacha maoshi 2 barobar ko‘paydi, 101 ta yirik sport obyektlari yangidan qurildi, 67 tasi rekonstruksiya qilindi.
Qayd etilishicha, Los-Anjeles-2028 Olimpiya o‘yinlarida kuchli o‘ntalikka kirish maqsad qilingan. Buning uchun mutasaddi rahbarlardan tortib, tuman hokimlarigacha barcha qattiq ishlashi kerakligi aytildi.
“Olimpiya o‘yinlaridagi tariximiz faqatgina yakkakurash sport turlari bilan yozilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Oxirgi Olimpiadada faqat 5 ta sport turi – boks, dzudo, taekvondo, og‘ir atletika va erkin kurash bo‘yicha medal qo‘lga kiritilgan. Sport federatsiyalarining har biriga vazirlar va respublika tashkilotlari rahbarlari saylangan, lekin ayrimlarining faoliyati mavjud salohiyatga mos emasligi qayd etildi”, — deyiladi xabarda.
Prezident mavjud salohiyat to‘liq ishga solinmayotgan sport turlariga alohida to‘xtaldi:
Badmintonda birorta litsenziya qo‘lga kiritilmagan.
Kamondan otish sport turi bo‘yicha bor-yo‘g‘i 3 ta litsenziya olingan.
Olimpiya o‘yinlarida yengil atletika turlari bo‘yicha 48 ta dastur bor. Lekin yengil atletika federatsiyasi so‘nggi olimpiadada 5 ta litsenziya qo‘lga kiritdi, xolos.
Yadro, disk, nayza uloqtirish, sakrash sport turlarida birorta litsenziya olinmadi.
49 ta suv sporti dasturidan bor-yo‘g‘i 4 tasi bo‘yicha litsenziya qo‘lga kiritilgan.
O‘q otish sportini rivojlantirish uchun mudofaa tizimi va “Vatanparvar” tashkilotida barcha sharoit yaratilgan. Lekin birorta sportchi Olimpiadaga bormadi.
Yakkakurash sport turlari, milliy kurash rivojlangan bo‘lsa-da, yunon-rum kurashi bo‘yicha atigi 3 ta litsenziya olingan.
O‘tgan yili baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati ilk bor yurtimizda o‘tkazildi. Lekin unda O‘zbekiston birorta ham medal qo‘lga kiritmadi.
Aytilishicha, o‘tgan yili olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatlarida sportchilar 58 ta medal qo‘lga kiritdi. Lekin Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryo sportchilari bu chempionatlarda birorta ham medal olmagan. Parij Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qo‘lga kiritilgan litsenziyalar Navoiy va Qoraqalpog‘istonda eng kam.
Prezident olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, seleksiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi:
Los-Anjelesdagi yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘limlarini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasiga prezident rahbar bo‘lganidek, hududiy bo‘limlarga viloyat hokimlari boshchilik qiladi.
Hokimlar har bir federatsiya bilan ishlab, olimpiya sikli uchun maxsus strategiyasini ishlab chiqadi va Milliy olimpiya qo‘mitasi huzurida himoya qiladi.
Barcha sport federatsiyalari rahbarlari va viloyat hokimlari amalga oshirayotgan ishlari va erishgan natijalari haqida har oyda Olimpiya qo‘mitasida hisobot beradi.
Sportchilarni kelgusi Olimpiadaga tayyorlash uchun zarur sharoit va infratuzilmaga 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Bu yilning o‘zida kamida 10 nafardan sportchi va murabbiylarni eng nufuzli xorijiy sport akademiyalarida o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, oldingi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari natijasiga qarab, sport turlari differensial yondashuv asosida 3 ta toifaga ajratiladi.
“Bizda boks, dzudo, taekvondo, erkin kurash, og‘ir atletika yo‘nalishlari ustuvor bo‘lib kelgan. Lekin bu federatsiya rahbarlari xotirjamlikka berilmasdan, medallar sonini 2 karra oshirishni o‘z oldiga maqsad qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bilan birga, yunon-rum, ayollar kurashi, kamondan otish, qilichbozlik bo‘yicha bizda sharoit ham, iqtidorli sportchilar ham yetarli”, — deyilgan xabarda.
Kelgusi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida bu sport turlari bo‘yicha natija ko‘rsatish uchun hozirdanoq xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, sportchilarni jismoniy va ruhiy tayyorgarligi bilan astoydil shug‘ullanish topshirildi.
“Istiqbolli bo‘lgan yengil atletika, velosport, eshkak eshish, suzish, o‘q otish kabi 22 ta sport turi bo‘yicha litsenziyalarni 3-4 karra ko‘paytirish va medallar uchun kurashga qattiq kirishish lozim. Bundan tashqari, sinxron suzish, triatlon, voleybol, basketbol, gandbol, badminton kabi rivojlanayotgan 17 ta sport turida litsenziyalarni qo‘lga kiritish juda muhimligi ta’kidlandi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Ushbu federatsiya rahbarlari mahallagacha tushib, yosh iqtidorlarni aniqlashi, bittadan sport maktabini tanlab, baza qilishi, infratuzilmasini yaxshilashi va malakali murabbiylar bilan ta’minlashi zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda quyidagilar ma’lum qilindi:
Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarning muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash uchun joylardagi 310 ta sport maktablari milliy terma jamoalarning “seleksiya bazasi”ga aylanadi.
Barcha viloyatlardagi sport boshqarmalari boshliqlari hamda barcha sport maktablari direktorlarining faoliyatini tubdan kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Sport boshqarmalari boshliqlariga shaxsiy mas’uliyatini oshirishga qaratilgan uch oylik sinov tayinlandi.
Mutasaddilarga har bir maktab bo‘yicha aniq maqsadlarni belgilab, uch yillik dastur qilish topshirildi.
Jismoniy tarbiya universiteti, Nukus, Farg‘ona, Samarqand kabi sport fakulteti bo‘lgan oliygohlar professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, bitiruvchi kurs va magistratura talabalarining olti oyga sport maktablariga biriktirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Hududlarning o‘ziga xosligi, yoshlarning qiziqishi va iqtidoridan kelib chiqib, 56 ta sport maktabi olimpiya sport turlariga moslashtirildi. Ushbu maktablar milliy terma jamoalarga asosiy zaxira bo‘ladi.
hududlardan tanlab olingan eng sara yoshlar bu maktablarda individual reja asosida maqsadli tayyorlanadi.
Viloyat hokimlari oldiga ushbu 56 ta sport maktabini yotoqxona va zarur sport jihozlari bilan to‘liq ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Sport vazirligiga bu maktablar uchun ilg‘or xorijiy tajriba va chuqur ilmga asoslangan metodika yaratish topshirildi.
Yilda ikki marta hududlarda olimpiya sport turlari bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Tuman va viloyat sovrindorlarini hokimlar rag‘batlantirib boradi.
Viloyat bosqichi g‘oliblari har yili 10-20 dekabr kunlari Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladigan Prezident olimpiadasida ishtirok etadi.
Musobaqa g‘oliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Birinchi va ikkinchi o‘rinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi. Bunda 1-2 kurs o‘quvchilariga stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.
Endilikda sportchilarni yetishtirib chiqargan birinchi murabbiylarga sportchilar va terma jamoa murabbiylari uchun ko‘zda tutilgan rag‘batning 10 foizgacha qismini mukofot sifatida berilishini ta’kidladi.
So‘nggi uch yilda parasport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar 4 karra ko‘payib, 7 mingdan oshdi, ayol parasportchilar ulushi 29 foizga yetdi. Ilgari bu toifadagi yoshlar uchun atigi 33 ta maktabda sport to‘garaklari bor edi, bugun bunday maktablar soni 235 taga yetdi.
Aytilishicha, har yili kamida 100 nafar nogironligi bo‘lgan sportchilar va ularning murabbiylari malaka oshirish uchun xorijga yuboriladi. Shuningdek, hududlardagi 39 ta sport maktabi parasport turlariga ixtisoslashadi.
Parasportchilar, ayniqsa nogironligi bo‘lgan qizlarning imkoniyatiga qarab, boshqa sportchilar bilan birga shug‘ullanishiga sharoit yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Sportchi va parasportchilarni tayyorlaydigan murabbiylarga malaka sertifikati berish va ularni qayta tayyorlash tizimi soddalashtiriladi.
Nogironligi bo‘lgan sportchilar uchun bu tizim mutlaqo o‘zgartiriladi.
Bundan buyon yoshlar musobaqa natijasiga qarab emas, balki sport normativlarini bajarishiga qarab ham terma jamoaga qabul qilinadi.
Sport musobaqalari va sport yig‘inlarini tashkil qilishda olimpiya va paralimpiya tizimiga o‘tiladi. Endi qayerda qanday chempionat bo‘lsa, unga yonma-yon parasport musobaqasi ham o‘tkaziladi, yig‘inlar ham birgalikda tashkil qilinadi.
“Bu haqiqiy inklyuziv tizimga aylanadi, nogironligi bor sportchilar uchun motivatsiya va rag‘bat bo‘ladi. Mutasaddilarga ikki oyda “Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi klassifikatsiya kodeksi” talablari asosida Milliy klassifikatsiya qoidalarini tasdiqlash bo‘yicha topshiriq berildi”, — deya ta’kidlangan xabarda.
Endilikda xususiy sport klublarining yagona reyestri yuritilishi, ularning faoliyati bo‘yicha standart va mezonlar yaratilishi belgilandi. Yoshlarning qamrov darajasiga qarab klublarga bepul sport jihozlari ajratiladi. Xususiy trenerlarga o‘zini o‘zi band qilish huquqi beriladi.
“Muhimi, xususiy klublardagi yoshlarimiz barcha musobaqalarda o‘z nomidan ishtirok etishi mumkin bo‘ladi va natijasiga qarab terma jamoalarga qabul qilinadi. Shuningdek, Toshkent shahrida 5 ta, viloyatlarda 1 tadan past quvvatlarda ishlayotgan sport maktabini xususiy sheriklikka berish bo‘yicha loyihalarni boshlashga ko‘rsatma berildi. Raqamlashtirishni keng joriy qilish orqali iqtidorli sportchilarni topish, saralash va ularni tayyorlash bo‘yicha ham yangi tizim joriy qilinadi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Buning uchun alohida raqamli platforma ishga tushiriladi. Umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning u yoki bu sportga qobiliyati aniqlanib, elektron platformaga kiritiladi.
Sportchilarning kundalik natijalari, erishayotgan yutuqlari ham yagona elektron tizimga joylashtiriladi.
Sport federatsiyalari ham eng yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlarni terma jamoa yig‘inlariga chaqirib, ularni seleksiya qilib boradi. Terma jamoaga jalb qilingan yoshlar uchun jismoniy ko‘rsatkichlarni monitoring qiladigan raqamlashgan tizim yaratiladi.
Sportchilar kasal bo‘lganida, ular qanday dori vositalarini iste’mol qilishi mumkin yoki mumkin emasligi bo‘yicha platformada onlayn konsultatsiyalar berib boriladi. Buni hisobiga doping bilan bog‘liq noxush holatlarni oldi olinadi.
Aytilishicha, o‘tgan yili ommaviy sport musobaqalarida yoshlar qamrovi 10 millionga yetdi.
Endilikda har haftada mahallalarda ommaviy jismoniy faollik tadbirlari o‘tkazib boriladi. Ularga nogironligi bo‘lgan shaxslar keng jalb etiladi.
Mahallalar kesimida “Aholining jismoniy faolligi reytingi” yuritiladi.
Yil yakuni bilan eng faol oilalarga trenajerlar beriladi, eng yaxshi mahallalarda sport maydonchalari qurilib, jihozlanadi.
Maktab o‘quvchilarini sportga jalb etishning bugungi holati ham talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Endi har bir maktabda yakkakurash va jamoaviy olimpiya sport turlari bo‘yicha kamida 1 tadan to‘garak bo‘lishi shartligi belgilandi.
Federatsiyalar har bir tumanda bittadan umumta’lim maktabini tanlab, o‘z yo‘nalishidagi sport turiga moslashtiradi. Ularni malakali murabbiy va sport inventarlari bilan ta’minlaydi.
Maktablar o‘rtasida olimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil qilinadi.
Eng yaxshi natija ko‘rsatgan o‘quvchilar seleksiya qilib boriladi, maktablar esa kerakli sport inventari bilan ta’minlanadi.
Natija ko‘rsatgan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari alohida rag‘batlantiriladi.
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari soni 203 taga yetdi, ularda kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan talabalar 700 mingdan oshdi. Talabalarning sport bilan qamrovini kamida 50 foizdan oshirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xorijiy davlatlarda talabalar sporti katta sport uchun zaxira bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois mutasaddilarga har bir oliygohda kamida 3 ta olimpiya sport turi bo‘yicha sport klubini tashkil qilish topshirildi.
Sport vazirligi bunday sport klublari faoliyatiga ilmiy-metodik ko‘maklashadi, Chirchiqdagi Jismoniy tarbiya universiteti bazasidan foydalanishga sharoit yaratib beradi.
Umuman, aholining ommaviy sport bilan qamrovini kamida 15 millionga yetkazish favqulodda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Bunga faqat Sport vazirligi emas, har bir rahbar, viloyat, shahar va tuman hokimlari mas’ul bo‘ladi. Nogironligi bor shaxslarning sport bilan qamrovini 2 barobarga ko‘paytirish maqsad qilib olindi.
Yangiliklar lentasi
0