Mirziyoyev “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” simpoziumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev prinyal uchastie v torjestvennoy seremonii, posvashennoy zapusku novix moshnostey i nachalu stroitelstva ocherednix obyektov energetiki.

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Ta’kidlanishicha, mazkur anjuman shoirning 584-yillik tavallud sanasi keng nishonlanayotgan kunlarda o‘tayotgani uning shukuhini yanada oshirmoqda.
TOShKENT, 8 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Avvalo, siz, azizlarni “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Qadimiy O‘zbekiston zaminida, go‘zal Zarafshon vohasida Sharq Uyg‘onish davrining yorqin namoyandasi, buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan navqiron shaharda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu forumning nufuzi dunyo miqyosida tobora ortib bormoqda. Bu galgi anjumanda Osiyo, Afrika, Yevropa va Amerika qit’alari mamlakatlaridan ko‘plab taniqli olim va tadqiqotchilar ishtirok etayotgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi”, - deyiladi tabrik matnida.
Ta’kidlanishicha, mazkur anjuman Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilingan joriy yilda, shoirning 584-yillik tavallud sanasi keng nishonlanayotgan kunlarda o‘tayotgani uning fayzi va shukuhini yanada oshirmoqda.
“Jahon adabiyoti va tafakkuri tarixida o‘chmas iz qoldirgan Alisher Navoiyning serqirra ijtimoiy-siyosiy, ijodiy, ilmiy-ma’rifiy faoliyati, boy adabiy-badiiy merosi asrlar davomida yuksak insonparvarlik, Vatanga sadoqat, adolat va ezgulik timsoli sifatida hamisha jahon ahlining e’tiborini tortib kelmoqda. Hazrat Mir Alisher Navoiy o‘ta murakkab sharoitda milliy va umuminsoniy g‘oyalarni baland ko‘tarib maydonga chiqqani, o‘zbek adabiy tiliga asos solib, uning o‘lmas ruhi, qudrati va latofatini har tomonlama isbotlab bergani chinakam ma’naviy jasorat namunasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz”, - deyilgan tabrikda.
Qayd etilishicha, mutafakkirning turli xalqlar o‘rtasida tinchlik va do‘stlikni mustahkamlash, bashariyatning yorug‘ kelajagini birgalikda qurishga chorlaydigan g‘oya va qarashlarining ahamiyati hozirgi tahlikali davrda tobora ortib bormoqda.
“Bugungi kunda biz Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansni barpo etish jarayonlarida Alisher Navoiy asarlarini o‘zimiz uchun bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat va ilhom manbai deb bilamiz. Shu bois bu noyob ma’naviy boylikni chuqur o‘rganish va targ‘ib etish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Fursatdan foydalanib, shu borada yurtimiz olimlari bilan faol hamkorlik qilib kelayotgan siz, azizlarga, barcha ilm-fan namoyandalariga chuqur minnatdorlik bildiraman. Ushbu anjumanga puxta tayyorgarlik ko‘rgan, Alisher Navoiyning tavallud ayyomini katta shodu xurramlik va bunyodkorlik ishlari bilan kutib olayotgan Navoiy shahri va viloyati ahliga, mutasaddi rahbarlarga ham samimiy tashakkur izhor etaman”, - degan Mirziyoyev tabrikda.