Toshkentda birinchi o‘zbek muzikli namoyish etildi

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Spektakl XX asrning ikki buyuk san’atkori – Botir Zokirov va Frenk Sinatrani bir sahnada “uchrashtirdi” hamda musiqa va ijod abadiyligini ko‘rsatdi.
TOShKENT, 7 fev — Sputnik. "Turkiston" san’at saroyida “Bo‘lishi mumkin bo‘lgan uchrashuv. Botir Zokirov and Frank Sinatra” birinchi o‘zbek muziklining premyerasi bo‘lib o‘tdi.
Muzikl g‘oyasi O‘zbekistonning mashhur jurnalisti Boris Babayevga tegishli. U shaxsan Botir Zokirovni tanigan, undan intervyu olgan va hanuzgacha musiqachining plastinkalarini saqlab keladi. Shu bilan birga, u doimo Sinatra ijodiga maftun bo‘lgan.
Ikki ijodkorni birlashtirgan spektakl yaratish g‘oyasi Babayevga uch yil oldin kelgan.
“Bir kuni Amerikaga, Nyu-Yorkka borganimda, Frenk Sinatra spektaklini ko‘rdim va u meni ruhlantirgan edi. Toshkentga qaytib, biz ham shunday bir narsa qilishimiz kerak deb o‘yladim. Men bitta loyihada Osiyoning buyuk xonandasini Yevropa va Amerikaning buyuk xonandasi bilan birlashtira oldim”, - deydi Babayev.
Bu g‘oyani hayotga tatbiq etishda Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Andrey Slonim yordam berdi.
Kecha davomida qahramonlarga Igor Azarenko rahbarligidagi O‘zbekiston davlat filarmoniyasi djaz-orkestri hamrohlik qildi. Shuningdek, muzikl hujjatli lavhalar hamda XX asrning ikki buyuk san’atkori haqidagi biografik ma’lumotlar bilan bilan birga namoyish etildi.
Zokirov rolini yosh xonanda Rasul Abdullayev ijro etdi, u tomoshabinlar sevgan “Rano”, “Umid”, “Maftun buldim”, “Yurtim qizlari” va boshqa qo‘shiqlarni ijro etdi.
Sinatra rolini esa O‘zbekiston xalq artisti Mansur Toshmatov juda mahorat bilan ijro etdi. U muxlislar sevgan “New York, New York”, “My Way”, “Strangers in the Night” va boshqa qo‘shiqlari bilan tomoshabinlarni xursand qildi.

“Bir-biriga mos kelmaydiganni birlashtirib, bugungi kunda odamlarni hayratga soladigan ajoyib spektakl yaratishga muvaffaq bo‘lindi. Men bu spektakl mualliflarini yurtimizdagi ajoyib madaniy voqea bilan tabriklayman”, – deb o‘lkashunos-tarixchi Boris Golender spektakldan so‘ng o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Sujetga ko‘ra, Zokirov va Sinatra ijodi, ularning abadiy musiqasi XXI asr yoshlariga – Toshkent BDKU talaba-aktorlari Botir Husanov va Karolina Novikova ijro etgan qahramonlarga muhabbatni asrab qolishga yordam beradi.
“O‘ylaymanki, bu spektaklning umri uzoq bo‘ladi, nafaqat Toshkentda, balki boshqa shaharlarda ham, nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa mamlakatlarda ham olqishlanadi”, – dedi Babayev.
Muziklda, shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Oleg Galaxov, Yoshlar teatri aktrisasi Shahzoda Valiyeva va “Yosh balet” ijodiy jamoasi ishtirok etdi.
Yangiliklar lentasi
0