O‘zbekiston va Pokiston uy tekstili yo‘nalishida qo‘shma loyiha boshlaydi — tafsilotlar
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaTekstilnoe predpriyatie "Asaka tekstil" v Andijanskoy oblasti.

Obuna bo‘lish
O‘zbekiston Pokiston bilan uy tekstili va boshqa turdagi to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatmoqda.
TOShKENT, 2 fev — Sputnik. O‘zbekistonda Pokistonning to‘qimachilik kompaniyasi ishtirokida uy tekstili yo‘nalishida qo‘shma loyiha amalga oshiriladi, deya xabar berdi “Dunyo”AA.
O‘zbekiston delegatsiyasi Pokistonning Karachi shahriga tashrifi davomida "Union Fabrics" to‘qimachilik kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.
“Korxonaning mato ishlab chiqarish, unga bo‘yoq berish, gul tushirish va savdoga yuborish bilan bog‘liq ishlab chiqarish jarayonlari joyida o‘rganildi. Shundan so‘ng, delegatsiya ishtirokida O‘zbekistonda "Home Textile" (uy tekstili) va boshqa turdagi to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi”, — deyilgan xabarda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston tomoni mazkur loyihani amalga oshirish uchun barcha sharoitlarni, jumladan, binolar bilan ta’minlash va soliq imtiyozlarini ajratishga tayyor.
Kompaniya rahbari Shoayb Dalalning so‘zlariga ko‘ra, uy tekstili mahsulotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarishga mo‘ljallangan, 50 ta sanoat tikuv mashinalari o‘rnatilgan korxona tashkil etish bo‘yicha loyihani texnik jihatdan o‘rganib, tez fursatlarda tegishli ma’lumotlarni taqdim etadi.
“Tomonlar 11-13 fevral kunlari Lahor shahrida o‘tkaziladigan "Made in Uzbekistan" sanoat ko‘rgazmasi hamda fevral oyida O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan biznes-forum doirasida muzokaralarni davom ettirishga va texnik jihatlarni ko‘rib chiqib, yakuniy qaror qabul qilishga kelishib oldi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Uchrashuv davomida tayyor mahsulotlarni yetkazib berish va transport-logistika sohalarida hamkorlik qilish, mavjud mahsulotlarni sotish, xom ashyo ta’minoti masalalari bo‘yicha tomonlarning takliflari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar, shuningdek, to‘qimachilik mahsulotlarining turlarini ko‘paytirish orqali ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va yangi tovarlar hisobiga eksport-import munosabatlarini jadallashtirish borasida aniq kelishuvga erishdi.
“Muzokaralar yakunida "Union Fabrics" ishtirokida O‘zbekistonda uy tekstili yo‘nalishida qo‘shma loyihani amalga oshirishga kelishib olindi”, — deyiladi xabarda.
To‘qimachilik sohasida hamkorlik qilish mumkin bo‘lgan turdosh sohalar, jumladan, malaka oshirish, mutaxassislar uchun almashuv dasturlarini tashkil etish, uchinchi davlatlar bozorlarini birgalikda o‘zlashtirish sohalarida tomonlarni qiziqtirgan masalalar haqida ham fikr almashildi.