Ekologik ekspertiza: O‘zbekiston qonun ishlab chiqishda MDH tajribasini o‘rgandi

© Sputnik / Baxrom XatamovPanorama sovremennogo goroda s neboskrebami i stroitelnimi kranami
Panorama sovremennogo goroda s neboskrebami i stroitelnimi kranami  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 02.02.2025
Obuna bo‘lish
Vazirlik: MDH davlatlari, shu jumladan Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Belarus, shuningdek Singapur, Turkiya kabi davlatlarning ekologik ekspertiza sohadagi qonunchiligi va amaliyoti o‘rganildi.
TOShKENT, 2 fev — Sputnik. O‘zbekiston“Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida” qonunni ishlab chiqishda MDH va boshqa qator davlatlar tajrisidan foydalandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Avvalroq senatorlar tomonidan “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi qonun ma’qullangan edi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lum qilishicha, ushbu qonunni ishlab chiqishda xorijiy davlatlarning tajribalari o‘rganildi.
“Qonun loyihasini ishlab chiqishda xorijiy davlatlarning ham tajribalari o‘rganildi. Jumladan, ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash hamda strategik ekologik baholash sohasida mavjud qonunchiligi o‘rganildi. Ularning qonunlaridagi ekologik ekspertiza obyektlari toifalari, to‘lov miqdori, o‘tkazish muddatlari, jamoatchilik eshituvi va boshqalar”, — deya qayd etdi mutaxassis.
Demak, qonun loyihasini ishlab chiqishda MDH davlatlari, shu jumladan Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Belarus, shuningdek Singapur, Turkiya kabi davlatlarning ekologik ekspertiza sohadagi qonunchiligi va amaliyoti o‘rganildi.
“Masalan, Rossiya Federatsiyasida “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Federal qonun qabul qilingan bo‘lib, mazkur qonunda ham atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat turlari ekologik havflilik darajasiga qarab 3 ta toifaga ajratilgan holda ekologik jihatdan baholanadi. Mazkur qonunda davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish muddatlari, ekologik ekspertiza uchun undiriladigan to‘lovlar miqdorlari ham belgilangan”, — dedi vazirlik vakili.
Turkiyada mazkur soha “Atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni bilan tartibga solingan. Mazkur qonunning 15-moddasiga ko‘ra, atrof-muhitga ta’sirni baholash ekspertizasi o‘tkazilmasdan boshlangan faoliyat vazirlik tomonidan, loyihaning taqdimot fayli tayyorlanmasdan boshlangan faoliyat esa hududning yuqori turuvchi fuqarolik hokimiyati organi tomonidan hech qanday muddat berilmasdan to‘xtatiladi.

QONUNNI IShLAB ChIQIShDAN MAQSAD

Qayd etilishicha, ekologik ekspertiza faoliyati atrof-muhit muhofazasining eng muhim tadbiri hisoblanadi. Chunki faoliyat samaradorligi obyektlarga berilayotgan davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining sifati, shaffofligi va natijadorligiga uzviy bog‘liq.
“2000 yilda “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Lekin unda asosiy tushunchalarga ta’rif berilmagan. Xalqaro talablar, ekologik ekspertiza jarayonlarida ishtirok etuvchilarning huquq va majburiyatlari ham keltirilmagan. Bu esa soha samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, — deya aniqlik kiritdi vazirlik mutaxassisi.
Yangi tahrirdagi qonunda “Elektron hukumat” prinsiplariga asosan atrof-muhitga ta’sirni baholash bo‘yicha yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining huquqiy asoslari belgilandi. Ushbu mexanizm tadbirkorlik subyektlari uchun ekologik ekspertizaga oid materiallarni onlayn taqdim etish va ekologik ekspertizasi xulosalarini olish imkoniyatini beradi.
Qonun xalqaro amaliyotdan kelib chiqqan holda strategik ekologik baholash institutini amalda joriy etishning huquqiy normalari bilan ham to‘ldirildi.
Bu quyidagi imkoniyatni taqdim etadi:
bugungi kunga qadar ekologik ekspertizasi obyekti sifatida ro‘yobga chiqarilmagan davlat dasturlari, konsepsiyalari, shaharsozlik hujjatlari kabi strategik hujjatlarini ekologik baholash orqali faoliyatning ekologik oqibatlarini oldindan aniqlash, baholash va oldini olish.
Davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining xolisligi va asoslanganligini ta’minlash, ekspertiza bo‘linmalariga kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish, shuningdek, ekspertizani o‘tkazish bilan bog‘liq muammoli va bahsli masalalarni hal etish uchun doimiy faoliyat yurituvchi Ekspertlar kengashi tashkil etilmoqda.
Aytilishicha, davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishga ekspert va mutaxassislarni jalb etish o‘rniga ushbu masalalarni Kollegial ravishda ko‘rib chiqish va hal etish imkoniyatlarini yaratadi hamda ekologik ekspertiza xulosalarining shaffofligini ta’minlaydi.
Ekologik ekspertiza obyektlari atrof muhitga ta’sir darajasi bo‘yicha uchta toifaga ajratilishi natijasida atrof muhitga lokal ta’sir ko‘rsatuvchi to‘rtinchi toifa obyektlari ro‘yxatdan chiqarilmoqda. Bu esa minglab kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqulayliklarni, burokratik to‘siqlarni kamaytiradi, vaqt va xarajatlarni qisqartiradi.
Shuningdek, ekologik ekspertizadan o‘tkazish muddatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.
Loyiha ishlab chiquvchi tashkilotlarga nisbatan malaka sertifikatini joriy etish va tashkilotlarning reytingini shakllantirishning huquqiy asoslari belgilanmoqda. Bu esa sifatiz, ekologik normalarga zid bo‘lgan hujjatlarni tayyorlashning oldini oladi va tadbirkorlik subyektlarining ortiqcha vaqtini hamda moliyaviy xarajatlarining kamayishiga, loyiha ishlab chiquvchi tashkilotlarning mas’uliyatini va javobgarligini oshirishga xizmat qiladi.
Qolaversa, atrof-muhitga ta’sirni baholash jarayonlariga jamoatchilik keng jalb etiladi. Qonunga jamoatchilik ekologik ekspertizasi hamda jamoatchilik eshituvini o‘tkazish tartiblarini belgilash bo‘yicha alohida normalar kiritilmoqda.
Yangiliklar lentasi
0