Media kun tartibini diplomatik kun tartibdan ajratish zarur — O‘zbekiston TIV
18:55 01.02.2025 (yangilandi: 19:07 01.02.2025)

© Sputnik / Avenir Deberdeyev
Obuna bo‘lish
Axror Burxanov ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya fuqarosi deb taxmin qilingan shaxsning o‘zbeklarga nisbatan shovinistik va ochiq haqoratomuz bayonotlari aks etgan videoga izoh berdi.
TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Media kun tartibini diplomatik kun tartibdan ajratish zarur, dedi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Axror Burxanov.
Axror Burxanov ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya fuqarosi deb taxmin qilingan shaxsning o‘zbeklarga nisbatan shovinistik va ochiq haqoratomuz bayonotlari aks etgan videoga izoh berdi.
“Javob berishni boshlashdan oldin media kun tartibini diplomatik kun tartibdan ajratish zarurligini ta’kidlamoqchiman. Vaqti-vaqti bilan OAVlarining kun tartibida ba’zi voqealar yoki bayonotlar tufayli shovqinlar paydo bo‘ladi. Lekin ular voqelikni to‘g‘ri aks ettira olmasligi, ba’zan esa uni juda buzib ko‘rsatishi mumkin. Shu munosabat bilan OAV va bloglar olami vakillarini tasdiqlanmagan materiallarni tarqatmaslikka chaqiramiz. Biz hamkorlikka doim ochiqmiz. Videoning o‘ziga kelsak, albatta, qaysi millatga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar, xalqimizga qarata aytilayotgan bunday gaplarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. O‘zbekiston o‘z fuqarolarining huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar doimo himoya qilgan va himoya qiladi”, - dedi Burxanov.
Ta’kidlanishicha, ushbu video internetda topilishi bilanoq, Rossiya tomoniga diplomatik kanallar orqali zudlik bilan murojaat qilingan.
“Bunday paytlarda asl manbani topish va materialning haqiqiyligini tekshirish juda muhimdir. Tabiiyki, Rossiya tomoni shu zahotiyoq “Bunday haqoratomuz bayonotlar, kim tomonidan aytilishidan qat’i nazar, chuqur afsuslanarliligi”ni ta’kidladi. Tekshiruvlar natijasida ushbu material provokatsion xususiyatga ega bo‘lib, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarga nizo keltirib chiqarishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlar tomonidan to‘qib chiqarilgani ma’lum bo‘ldi. Rossiya tomonining xabar berishicha, videoda tilga olingan shaxs Rossiya Federatsiyasi fuqarosi emas. Hozirda Rossiyaning rasmiy OAVlari ham bu borada qator materiallarni e’lon qilmoqda”, - dedi vazir matbuot kotibi.
Burxanov barchaga har qanday axborot materialini tarqatishda mas’uliyat bilan yondashish zarurligini eslatib o‘tdi. Uning aytishicha, tasdiqlanmagan manbalardan olingan kontentni targ‘ib qilish nomaqbul.
Ma’lumot uchun, ukrainalik rus niqobi ostida o‘zbek millati vakillarini internet tarmoqlarida haqorat qildi. Video muallifi Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan aniqlandi. U Nikolayev viloyatida tug‘ilgan Nikolay Kochmarik bo‘lib chiqdi. Uning videosi Litva razvedka xizmatlari nazorati ostidagi YouTube kanalida qo‘yilgan.