Uzluksiz elektr: O‘zbekiston elektr energetika sohasini qanday rivojlantirmoqchi?
© Unsplash / Matthew HenryEnergetika

© Unsplash / Matthew Henry
Obuna bo‘lish
2030 yilga borib, O‘zbekiston aholisi 41 millionga yetishi, iqtisodiyot esa 1,5 karra o‘sishi kutilmoqda.
TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasini 2025-2035 yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, 2030-yilga borib, O‘zbekiston aholisi 41 millionga yetishi, iqtisodiyot esa 1,5 karra o‘sishi kutilmoqda.
“Shunga mutanosib ravishda, sanoatda 45 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish, xizmatlar hajmini 3 baravar oshirish, yirik Ma’lumotlar markazlarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Buning uchun, avvalo, barqaror elektr ta’minoti zarur. Hisob-kitobga ko‘ra, 2030-yilda 117 milliard kilovatt soat, 2035-yilda esa 135 milliard kilovatt soat elektr energiyasi talab etiladi. Ya’ni, hozirgidan 1,7 baravar ko‘p”, — deyiladi xabarda.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev provel soveshanie po meram razvitiya elektroenergetiki na period 2025–2035 godov.

Shavkat Mirziyoyev provel soveshanie po meram razvitiya elektroenergetiki na period 2025–2035 godov.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Energetika vazirining taqdimotiga ko‘ra, yangi elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlari barpo etiladi. Ularni tizimga ulash uchun 7 ming kilometr magistral tarmoq qurilib, raqamlashtirilgan boshqaruv joriy qilinadi.
“Bu orqali hududlarda energiya balansi ta’minlanadi. Bir viloyatda elektr yetishmovchiligi bo‘lsa, boshqa joyda qo‘shimcha quvvatlar ishga tushiriladi. Bu ishlar uchun kelgusi besh yilda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”ga 4 milliard dollarlik investitsiya kiritish talab etiladi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Aytilishicha, yana bir muhim masala bu elektr energiyasining tannarxini pasaytirish.
“Buning omili muqobil manbalarni ko‘paytirishdir. Xorijiy ekspertlar ham O‘zbekiston sharoitida “yashil” energiya imkoniyatlari ko‘pligini aytayapti. Shundan kelib chiqib, 2030-yilga borib jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 50 foizdan oshirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, 3 mingta mikroGESda 164 megavatt, quyosh va shamol qurilmalari hisobiga 750 megavatt quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan”, — deya aniqlik kiritilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, sanoatda energiya samaradorlik orqali qo‘shimcha 27 foiz yalpi ichki mahsulot yaratish imkoniyati bor. Hozir kimyo va metallurgiya bo‘yicha ayrim mahalliy korxonalarda energiya sarfi dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 2 karra, sement ishlab chiqarishda esa 1,2 barobar yuqori.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev provel soveshanie po meram razvitiya elektroenergetiki na period 2025–2035 godov.

Shavkat Mirziyoyev provel soveshanie po meram razvitiya elektroenergetiki na period 2025–2035 godov.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Shu bois, har bir tarmoq kesimida energiyani 10-15 foiz iqtisod qilish, 2030-yilda elektr energiyasi yo‘qotishlarini hozirgi 14 foizdan 8-9 foizgacha tushirish vazifa qilib olinmoqda.
“Xorijiy investorlar bilan yana 26 milliard dollarlik 24 gigavattli loyihalar bo‘yicha ishlar boshlangan. Ularga ko‘p miqdorda uskuna va qurilish materiallari ishlatiladi. Bu yurtimiz korxonalari uchun katta imkoniyat ekani, loyihalarda mahalliylashtirish va kooperatsiyani rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Mutasaddilarga elektr energetikasi sohasini 2035-yilgacha rivojlantirish dasturini tayyorlash topshirildi.
Ma’lumot uchun, oxirgi sakkiz yilda elektr ishlab chiqarish 38 foiz oshib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetdi. Xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani tufayli 11,2 gigavattli qo‘shimcha quvvat yaratildi. Natijada bu sektorning generatsiyadagi ulushi 24 foizga, “yashil” energiya hissasi esa 16 foizga yetdi. Shu davrda aholi daromadi 1,6 baravar o‘sgani, yangi turdagi maishiy texnikalardan foydalanilayotgani sababli xonadonlarda elektr iste’moli 21 milliard kilovatt soatdan oshdi. Bu 2016-yilgidan 2 baravar ko‘p.