O‘zbekistonga 2024-yilda 14,8 mlrd dollar pul o‘tkazmalari kelib tushdi — Markaziy bank

© Sputnik / Baxrom XatamovPlatejniy instrument dlya oplati tovarov i uslug
Platejniy instrument dlya oplati tovarov i uslug - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 20.01.2025
Obuna bo‘lish
Markaziy bank: 2024-yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi mehnat migratsiyasi yo‘nalishida kuzatilgan ijobiy tendensiyalari bilan izohlanadi.
TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. O‘zbekistonga 2024-yilda kelib tushgan pul o‘tkazmalari 14,8 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bankning Jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari bo‘yicha qisqacha sharhida ma’lum qilingan.

Transchegaraviy pul o‘tkazmalari

“2024 yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga yoki 3,4 mlrd dollarga ko‘payib, 14,8 mlrd dollarni tashkil qildi. Mablag‘larning 77 foizi Rossiyadan (11,5 mlrd doll) kelib tushgan bo‘lib, 2023-yilga nisbatan 29 foizga oshgan”, — deyiladi xabarda.
Qolgan davlatlar:
Qozog‘iston - 795 mln dollar;
AQSh - 577 mln dollar;
Janubiy Koreya - 534 mln dollar;
Turkiya - 405 mln dollar;
Buyuk Britaniya - 135 mln dollar va boshqa mamlakatlar.

“2024 yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmining 2023-yilga nisbatan o‘sishi mehnat migratsiyasi yo‘nalishida kuzatilgan ijobiy tendensiyalar, xususan, migrantlarni qabul qiluvchi mamlakatlarda iqtisodiy faollik, ishchi kuchiga talab va ish haqlarining oshishi hamda migratsiya geografiyasi tarkibida yuqori daromadli mamlakatlar ulushining ortishi bilan izohlanadi”, — deyilgan xabarda.

Shunindek, mazkur mablag‘larning oylar kesimi bo‘yicha tahliliga ko‘ra, 2024-yilda o‘tkazmalar dinamikasining shakllanishiga mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq mavsumiylik omili bilan birga mehnat migrantlari faoliyat yuritadigan an’anaviy mamlakatlarda milliy valyuta kursidagi tebranishlar ham ta’sir ko‘rsatdi.
2024 yilda O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmida 2023-yilga nisbatan Buyuk Britaniyadan 83 foizga, Janubiy Koreyadan 56 foizga, AQShdan 35 foizga hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 32 foizga o‘sish kuzatildi.
Ushbu davrda jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning 8,2 mlrd dollari an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali (2023 yilga nisbatan o‘sish 14 foiz), 5,9 mlrd dollari xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri (P2P) o‘tkazmalari orqali (o‘sish 51 foiz) hamda 774 mln dollari bank o‘tkazmasi (SWIFT) orqali (o‘sish 2,1 barobar) amalga oshirilgan.
Qayd etilishicha, xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri (P2P) o‘tkazmalar tezkorligi, qulayligi va nisbatan arzonligi hisobiga ommalashib bormoqda. Birgina 2024-yilda P2P (onlayn) tranzaksiyalar soni qariyb 71 milliontaga yetgan bo‘lsa (2023 yilga nisbatan o‘sish 47 foiz), o‘tkazmalar hajmining kelib tushgan jami mablag‘lar hajmidagi ulushi 40 foizgacha ko‘paydi (2023 yilda 34 foiz).
Shuningdek, 2024-yilda O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2,8 mlrd dollarni (2023 yilga nisbatan o‘sish 19 foiz) tashkil qildi.

Valyuta ayirboshlash operatsiyalari

2024 yilda banklar hamda jismoniy shaxslar o‘rtasidagi chet el valyutasi oldi-sotdi operatsiyalari aylanmasining umumiy hajmi 2023-yilga nisbatan 19 foizga (4 mlrd doll) ko‘payib, 25,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan banklarga 16,1 mlrd dollar miqdoridagi yoki 2023-yilga nisbatan 31 foizga ko‘p (2023 yilda 12,3 mlrd doll) chet el valyutasi sotilgan.
Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan banklardan xarid qilingan chet el valyutasi hajmi 2023-yilga nisbatan 3 foizga o‘sib, 9,4 mlrd dollarga yetdi (2023 yilda 9,1 mlrd doll). Natijada, jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan chet el valyutasi hajmi sotib olingan chet el valyutasi hajmidan 6,7 mlrd dollarga ko‘p bo‘lib, ushbu ijobiy farq o‘z navbatida ichki valyuta bozorida qo‘shimcha taklif manbai bo‘lib xizmat qildi.
Shuningdek, banklarning valyuta ayirboshlash infratuzilmasini rivojlantirish, ularning tarmog‘ini kengaytirish va uzluksiz faoliyat yuritishini ta’minlash borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirib borilmoqda. Xususan, aholi uchun valyuta ayirboshlash infratuzilmasi qamrovini kengaytirish maqsadida, banklarning respublika bo‘ylab valyuta ayirboshlash shoxobchalari umumiy soni yil davomida 20 foizga oshib, 6,2 mingtaga yetkazildi.
Bunda, 24/7 rejimida ishlaydigan avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash bankomatlari soni 3,4 mingdan ortiq bo‘lib, ular aholi gavjum joylar, turistik hududlar, aeroportlar, vokzallar, mehmonxonalar va savdo majmualarida joylashtirilgan.
Yangiliklar lentasi
0