O‘zbekiston Pokistonda savdo uyi va madaniy markaz ochdi

© CC BY-SA 4.0 / Fassifarooq Pakistan
Pakistan - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 06.01.2025
Obuna bo‘lish
Savdo uyida O‘zbekiston sanoat mahsulotlari joylashtirilgan.
TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. Pokistonning Karachi shahrida O‘zbekiston Savdo uyi va Madaniy markazi ochildi, deya xabar berdi “Dunyo” AA.
"UzbekPak International Trading Centre" O‘zbekiston-Pokiston xalqaro savdo uyi hamda "UzbekPak Cultural Centre" madaniy markazi O‘zbekiston elchixonasi va "Diners Group" kompaniyasi hamkorligida ochildi.

"Karachi va Toshkent shaharlarida ochilayotgan savdo uylari ikki mamlakat sanoat mahsulotlari to‘g‘risida xabardorlikni oshirib, doimiy faoliyat yurituvchi ko‘rgazma paviloni shaklidagi savdo platformasi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Pokiston va O‘zbekistonning eksport va importi nomenklaturasida o‘zaro ulushni sezilarli oshirishga xizmat qiladi degan umiddamiz", — dedi kompaniya rahbari Sohail Moten.

O‘zbekiston elchisining so‘zlariga ko‘ra, savdo uyi ikki mamlakat xalqlari va milliy iqtisodiyotini yanada yaqinlashtiradi.
“Savdo munosabatlarimiz nomenklaturasini yangi birliklar bilan boyitish, tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazish borasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni samarali ijro etishimizga zamin yaratadi", — dedi elchi Alisher To‘xtayev.
Pokiston tomoni qayd etishicha, savdo uyi va madaniy markaz Pokiston va O‘zbekiston, Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy bog‘liqlikni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar yo‘nalishda istiqbolli loyihalar va zamonaviy yechimlarni ishlab chiqish, ikki millat o‘rtasida uzilib qolgan rishtalarni qayta tiklash uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.
Aytilishicha, savdo uyida O‘zbekiston sanoat mahsulotlari – to‘qimachilik sohasi namunalari, ip-kalava, jun va teri, plastik granulalar, quruq mevalar joylashtirilgan. Hozirda mahsulotlar soni va turini ko‘paytirish borasida ishlar olib borilmoqda.
Yangiliklar lentasi
0