Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150-yilligi keng nishonlanadi
© Portal ziyouzMaxmudxodja Beybudiy.
© Portal ziyouz
Obuna bo‘lish
Qarshi shahridagi ko‘chalardan biriga Mahmudxo‘ja Behbudiy nomi beriladi.
TOShKENT, 4 yanv — Sputnik. Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150-yilligi keng nishonlanadi. Bu bo‘yicha O‘zbekiston prezidentining qarori imzolandi.
“Vatanimiz tarixida g‘oyat murakkab va sinovli davr bo‘lgan XX asr boshida maydonga chiqqan Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlik harakatining asoschisi hisoblanadi. U milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi sifatida ilm-fan, ta’lim va tarbiya, adabiyot va san’at, matbuot sohalarini rivojlantirish, jahondagi ilg‘or taraqqiyot yutuqlarini o‘zlashtirish orqali xalqimizning ongu tafakkurini yuksaltirish hamda hurriyatga erishish yo‘lida o‘z hayotini baxsh etgan fidoyi zotdir”, - deyiladi qaror matnida.
Qarorga ko‘ra, ikki hafta muddatda Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150-yilligini nishonlash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.
Ushbu dasturda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi:
mutafakkir adibning “Tanlangan asarlar” to‘plami, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish;
Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirish hamda bugungi kunga qadar yaratilgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlarini tashkil qilish;
Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi, shuningdek, Turkiston jadidlik harakati namoyandalarining faoliyatiga oid tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasini uyushtirish;
zamonaviy raqamli va targ‘ibot texnologiyalari asosida Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlarini yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirish;
2025 yil oktabr oyida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilish;
Samarqand shahridagi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi hududini obodonlashtirish hamda muzey ekspozitsiyasini boyitish;
Qarshi shahridagi ko‘chalardan biriga Mahmudxo‘ja Behbudiy nomini berish hamda unga bag‘ishlangan yodgorlik lavhasini o‘rnatish va boshqalar.
Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z davrining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan qator salmoqli asarlar va ikki yuzdan ortiq maqolalar yaratgan. Shu bilan birga, “Samarqand” gazetasi hamda “Oyina” jurnaliga asos solgan. 1914-yilda “Turon” teatrida sahnalashtirilgan “Padarkush” pyesasi orqali o‘lkada teatr san’atining tamal toshini qo‘ygan. U 44 yoshida vafot etgan.