O‘zbekiston hududlari va Saxalin viloyati o‘rtasidagi hamkorlik jadallashadi
10:30 01.01.2025 (yangilandi: 10:36 01.01.2025)
© Sovet Federatsii RFFlagi Rossii i Uzbekistana
© Sovet Federatsii RF
Obuna bo‘lish
Rossiya vakilining aytishicha, so‘nggi yillarda hududda O‘zbekistondan keltirilgan meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari, shuningdek, maishiy va elektrotexnika jihozlari ommalashmoqda.
TOShKENT, 1 yanv — Sputnik. O‘zbekiston hududlari va Rossiyaning Saxalin viloyati o‘rtasidagi hamkorlik yanada jadallashadi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari amaliy tashrif bilan Saxalin viloyatida bo‘ldi. Tashrif davomida Rossiya TIVning Yujno-Saxalinsk shahridagi vakolatxonasi rahbari Vladimir Nosov bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot chog‘ida tomonlar turli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni tashkil etish yuzasidan fikr almashdilar. Ta’lim sohasida ikki mamlakat o‘rtasidagi konstruktiv aloqalar mustahkamlanib borayotgani, buning natijasida Rossiyadagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar soni oshayotgani ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida turli darajadagi bo‘lajak qo‘shma tadbirlar, ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida doimiy muloqotni davom ettirishga kelishib olishdi.
Diplomatlar, shuningdek, Saxalin viloyati investitsiyalar, sanoat va tashqi aloqalar vaziri Vasiliy Grudev bilan uchrashuv o‘tkazishdi. Vazir mintaqaga tashrif buyurgan Bosh konsulxona xodimlariga minnatdorlik bildirib, Saxalin viloyati va O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish masalalarini muhokama qilishga tayyor ekanligini ta’kidladi.
Konsulxona vakillari O‘zbekistonda savdo-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berishdi.
Rossiya vakilining aytishicha, so‘nggi yillarda hududda O‘zbekistondan keltirilgan meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari, shuningdek, yuqori sifatli va xalqaro talablarga javob beradigan maishiy va elektrotexnika jihozlari ommalashmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonning mahalliy aholi orasida jozibador sayyohlik yo‘nalishi sifatida mashhurligi ortib borayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Rossiyaning Saxalin viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, turizm va gumanitar aloqalarni birgalikda rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.