Kambag‘allikni qisqartirish, migratsiya, ayollarni qo‘llab-quvvatlash: 2025-yil nimalar o‘zgaradi?
© © Sputnik/ Stas Etvesh/ Mariya VishnyakovaDen 1-yanvarya
© © Sputnik/ Stas Etvesh/ Mariya Vishnyakova
Obuna bo‘lish
Kelasi yildan qaysi qonun-hujjatlar kuchga kirishi haqida — Sputnik O‘zbekiston materialida tanishing.
TOShKENT, 27 dek — Sputnik. Kelasi yildan kambag‘allikni qisqartirish, migrantlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, sportning ayrim turlarini rivojlantirish, ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun-hujjatlar kuchga kiradi. Sputnik O‘zbekiston 2025-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan asosiy o‘zgarishlarni bir joyga jamladi.
Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxini ko‘rsatuvchi axborot tizimi ishga tushiriladi
“Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni bilan O‘zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlashning 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi tasdiqlandi.
2025 yil yakunigacha quyidagilarni tashkil etish maqsadida yaxlit idoralararo Milliy axborot platformasi ishlab chiqiladi:
oziq-ovqat xavfsizligi va iste’moli sohasida salohiyatni barqaror rivojlantirish, xavf-xatarlarni aniqlash, baholash, boshqarish va monitoringini yuritish;
xavf-xatarlar to‘g‘risida erta xabardor qilishni tashkil etish.
Shuningdek, 2025-yil 1-martgacha “Elektron agrosanoat bozori” axborot tizimi ishga tushiriladi va Milliy axborot platformasi bilan integratsiyasi qilinadi. U qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari hamda ularning bozordagi narx-navolari to‘g‘risidagi doimiy, ishonchli va aniq ma’lumotlar bilan ta’minlaydi.
Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslar qo‘llab-quvvatlanadi
Aprel oyida “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
2025 yil 1-iyulgacha quyidagilar yaratiladi:
Kiruvchi va chiquvchi shaxslarning aniq hisobini yuritish imkonini beruvchi yagona idoralararo va to‘liq integratsiya qilingan elektron ma’lumotlar bazasi;
migrantlari uchun mamlakat va u yerdagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlarni joylashtirish, onlayn muloqot qilish va pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolganlarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan bog‘lanish imkonini beruvchi mobil ilova.
Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi
“Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Shuningdek, lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlar va bukmekerlikni tashkil etish faoliyatlari qonunchilikka muvofiq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (vakolatli organ) tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiradi.
Litsenziyalar asosida tashkillashtirilgan lotereya, internet tarmog‘idagi o‘yinlar va bukmekerlik garovlarida faqat 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston rezidenti va norezidentlari qatnashishi mumkin.
2025 yil 1-yanvardan 5-yil muddatga lotereya hamda internetda o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi belgilanadi:
mazkur faoliyatni amalga oshirayotgan yuridik shaxslar olingan jami daromaddan to‘langan yutuqlar va qaytarilgan stavkalar chegirilgan holda 4 foiz stavkasida aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari hisoblanadi;
jismoniy shaxslarning Agentlik tomonidan berilgan litsenziyalar asosida o‘tkaziladigan lotereyalar hamda internet tarmog‘idagi o‘yinlardan va bukmekerlik garovidan olingan yutuqlar sifatidagi daromadlari daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.
Jismoniy shaxslarga “yashil” ipoteka kreditlari ajratiladi
“2024 yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoniga muvofiq, “yashil” ipoteka kreditlarini ajratiladi.
Unga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan qurilish tashkilotlariga “yashil” uy-joy standartlari talablari asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan 1 foiz bandga yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.
2025 yil 1-aprelgacha “yashil” uy-joy standarti talablari asosida qurilgan uy-joylarni sotib olish uchun jismoniy shaxslarga “yashil” ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning reyestri yuritiladi
“Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori bilan, ko‘mak xonalari tashkil etiladi.
Tazyiqdan jabrlangan shaxslarga ruhiy inqiroz holatida birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida, shoshilinch qabul bo‘limlarida tunu kun ishlaydigan birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi:
2025 yil 1-yanvardan ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritiladi.
Aholining yagona elektron reyestri joriy etiladi
2025 yil 1-yanvardan jismoniy shaxslarning fuqarolik holati hamda ularning shaxsiga doir boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi Aholining yagona elektron reyestri joriy etiladi.
Aholining yagona elektron reyestri:
O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlari yagona elektron bazasi hisoblanadi;
tegishli davlat organlari va tashkilotlarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi hamda fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish, notarial harakatlarni rasmiylashtirish, bank, kommunal, sug‘urta va boshqa ommaviy xizmatlarni ko‘rsatishda ushbu reyestrdan foydalaniladi.
Davlat OTMlari bakalavriatiga qabul jarayoni 2 bosqichda amalga oshiriladi
2025/2026 o‘quv yili qabulidan fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi.
Barcha davlat kollej va texnikumlariga “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq qabul qilishda abituriyentlar kollej va texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini OTMlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi
“Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritiladi.
Tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati beriladi. Ko‘rib chiqiladigan ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi. Tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi hamda faqat qonunga bo‘ysunadi
Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini kasbiy rivojlantirishning vertikal tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
“Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, 1-yanvardan xodimlarni kasbiy rivojlantirish tartibi joriy etiladi.
Xodimlarni kasbiy ehtiyojlari va malaka toifasidan kelib chiqib tabaqalashgan ta’lim dasturlari asosida uzluksiz kasbiy rivojlantirishning vertikal tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Xodimlar uchun 5-yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda o‘tkaziladigan malaka oshirish kurslari joriy qilinadi.
Barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida malaka oshirishning “Kasbiy rivojlanish soati”, tayanch umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida esa, shuningdek, “Kasbiy rivojlanish kuni” kabi shakllari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
“Farzand tarbiyasida ota-onaning mas’uliyati” mavzusida tarbiya haftaliklari o‘tkaziladi
2025 yil yakunigacha ota-onalar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun yoshlar tarbiyasiga oid raqamli kontentlarni joylashtirish maqsadida “milliytarbiya.uz” elektron platformasi va uning mobil versiyasi ishlab chiqiladi.
Voleybol sporti yanada rivojlantiriladi
“Voleybol sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, 2025-yildan har yili an’anaviy tarzda oliy ta’lim muassasalari talabalari, professional ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Volleyball stars” O‘zbekiston kubogi o‘tkaziladi.
Vazirlik va idoralar xodimlari o‘rtasida 3 bosqichli voleybol sport turlari bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston” respublika musobaqasi;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalari yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida 3 bosqichli Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi kubogi;
nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida para voleybol sport musobaqalari o‘tkaziladi.
2025 yildan har ikki yilda bir marta voleybol bo‘yicha Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasi (CAVA)ga a’zo davlatlar o‘rtasida “Buyuk Ipak yo‘li” xalqaro turniri o‘tkazib boriladi.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yanada rivojlantiriladi
“Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, yil yakunigacha qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning yillik ishlab chiqarish hajmlari 1 milliard dollarga va eksport ko‘rsatkichi 100 million dollarga yetkaziladi.
Fuqarolar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega bo‘ladi
“Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga muvofiq, 1-iyuldan quyidagilar rejali statsionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega bo‘ladi:
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilar;
Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to‘lagan shaxslar;
voyaga yetmaganlar, o‘quvchi-talabalar, homilador ayollar va ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolari.
Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi. 1-yanvardan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashganda, o‘zini o‘zi band qilganda yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lash davom ettiriladi.
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz stavkada to‘lanadi.
Kambag‘al oilalarga ko‘mak choralari ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash, o‘z tomorqasidan samarali foydalanish (ekin ekish), oila a’zolari, shu jumladan, farzandlarining bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi hamda sog‘lig‘ini nazoratga olishi, uy-joyini ozoda tutishi kabi shartlar inobatga olingan holda ko‘rsatiladi.
1 yanvardan kambag‘al oilalar farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilinadi.
Rahbarlar va ularning o‘rinbosarlariga og‘ir ahvoldagi kambag‘al oilalar biriktiriladi.
Xokkey sporti yanada rivojlantiriladi
“Xokkey sport turini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, har yili xokkey sport turi bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va chet ellik mutaxassislar ishtirokida seminar-treninglar, shuningdek, ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazib boriladi.
“Sport faoliyati” (xokkey)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalarining xokkey klublari sport bazalarida amaliyotini tashkil etish choralari ko‘riladi. O‘zbekiston xokkey federatsiyasi, xokkey sport turi bo‘yicha sport klublari va nodavlat sport ta’lim tashkilotlari uchun foyda solig‘i 3-yil muddatga 50 foizga kamaytiriladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosati takomillashtiriladi
“Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, 2025-yil 1-dekabrgacha 50 ta tumanda, 2026-yilda qolgan tumanlarda 50–100 gektardan ijara asosida ajratilgan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida sanoatlashgan plantatsiya, bog‘ va uzumzorlar tashkil etiladi.
Ijara asosida yer maydonlari ajratilgan tumanlarda kamida 40 gektar maydonda “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida yuqori daromadli va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha namunaviy loyihalar amalga oshiriladi.
Sanoat kirib bormagan mahallalarda 2025-yil 1-dekabrga qadar 1 000 ta, 2026-yilda 2 000 ta qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda kichik ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi.
“Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlari negizida kasbiy ko‘nikmalar markazlari tashkil etiladi hamda quyidagilar yo‘lga qo‘yiladi:
1 yanvardan ish beruvchilar talabiga moslashuvchan o‘qitish muddati va vaqtini nazarda tutuvchi tezkor kurslar;
1 martdan amaliy kasbiy ko‘nikmalarni bevosita ish joyida shakllantirish imkonini beruvchi yangi tajribani joriy etish.
Migratsiya agentligi tashkil etildi
“Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati tugatilib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tashkil etildi.
1 yanvardan agentlikka xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tekshirish bilan bog‘liq nazorat tadbirlarini o‘tkazishga ruxsat etiladi.
Agentlik zimmasiga u tomonidan o‘tkazilgan har qanday tekshirish natijasi bo‘yicha tuzilgan bayonnomalar, aniqlangan qonun buzilishi holatlari soni va xususiyati haqidagi ma’lumotlarni majburiy tartibda 5 kunda “Xorijda ish” elektron dasturiga joylashtirib borish majburiyati yuklanadi.
O‘q otish sport turlari bo‘yicha sport musobaqalari tizimli tashkil etib boriladi
“O‘q otish sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga muvofiq, har yili harbiylashtirilgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida o‘q otish sport turlari bo‘yicha “Mergan” kubogi, o‘q otish sport turlari bo‘yicha belgilangan yosh toifalari o‘rtasida O‘zbekiston chempionatlari o‘tkaziladi.
Tuman (shahar)lardagi sport maktablarida bosqichma-bosqich o‘q otish sport turlari bo‘yicha sport guruhlari tashkil etiladi.
Homilador ayollar uchun “Onalar maskani” xizmati yo‘lga qo‘yiladi
“Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni bilan 1-yanvardan boshlab mehribonlik uylari va bolalar uylariga kam ta’minlangan oilalarning farzandlarini vaqtinchalik qabul qilish tartibi bekor qilinadi.
Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarga ta’lim olish, bandligini ta’minlash, davolanish hamda uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.
Tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslariga yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka olish istagini bildirgan nomzodlar ham qamrab olinadi.
Bosqichma-bosqich Andijon viloyati, Toshkent shahri hamda Samarqand viloyatida kichik hajmli bolalar uyi tashkil etiladi.
“Mehr daftari” jamg‘armalari tugatiladi.
1 fevraldan boshlab farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar, shu jumladan, homilador ayollar uchun bolalar uylarida “Onalar maskani” xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
“Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida 30–65 yoshdagi ayollarning elektron bazasi (ro‘yxati) shakllantiriladi, ularni tibbiy ko‘rikka taklif qilish tizimi yaratiladi.
Har yili 30–50 yoshdagi ayollarda bachadon bo‘yni saratoni skriningi odam papillomasi virusini polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvi usuli orqali aniqlash hamda suyuqlik sitologiyasi usulida tekshirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
30–65 yoshdagi ayollar har 2-yilda bir marotaba tibbiyot xodimlari tomonidan birlamchi saralashdan o‘tkaziladi. Skrining natijasida onkologik kasallikka chalinganligi aniqlangan bemorlarni tashxislash va davolash bilan bog‘liq xarajatlar budjet hisobidan moliyalashtiriladi.
Tibbiyot muassasalarini farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlash tizimi takomillashtiriladi
“Tibbiyot muassasalarini farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, 1-yanvardan belgilangan tartib va ro‘yxatga asosan dori vositalari va tibbiy buyumlarning davlat xaridini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirishga ruxsat etiladi:
original dori vositalari (ularning ishlab chiqaruvchisi yoki rasmiy yetkazib beruvchisi orqali);
yopiq turdagi laboratoriya uskunasi uchun maxsus reagent, reaktiv va sarflov vositalari;
shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar.
Yagona integratsiyalashgan ekotizim axborot tizimi ishga tushiriladi
“Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
2025 yil yakunigacha “Yagona integratsiyalashgan ekotizim” axborot tizimi ishga tushiriladi. 2025-yil 1-iyuldan sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi belgilangan huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llash tartibi joriy etiladi.
Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi tashkil etiladi
“Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasini tashkil etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yilidan Akademiyada klinik ordinaturada yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. 1-oktabrdan Akademiya faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.