Endi har payshanba sport kuni bo‘ladi — yangi qaror
10:11 19.12.2024 (yangilandi: 11:18 19.12.2024)
© Sputnik / Baxrom XatamovDetskiy sport
© Sputnik / Baxrom Xatamov
Obuna bo‘lish
Yangi qarorga ko‘ra, sport turlari bo‘yicha mahorat maktablari tashkil qilinadi.
TOShKENT, 19 dek — Sputnik. O‘zbekistonda haftaning har payshanba kuni jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilandi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
2025/2026 o‘quv yilidan:
sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish amaliyoti joriy etiladi;
sport maktablarida ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner lavozimi joriy etiladi;
har bir ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksionerga 5 tagacha mahalla va uning hududidagi davlat ta’lim muassasalari biriktiriladi;
ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner o‘ziga biriktirilgan hududda “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini o‘tkazib borishga mas’ul hisoblanadi.
2025/2026 o‘quv yilidan hududlardagi olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar faoliyati yangicha tartibda tashkil qilinadi.
sport turlari bo‘yicha mahorat maktablari tashkil qilinadi;
mahorat maktablari faoliyati sport turlari bo‘yicha iqtidorli yosh sportchilarni saralab olish va ularni terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlashga yo‘naltiriladi hamda alohida sport turlariga ixtisoslashtiriladi;
mahorat maktablari o‘quvchi-sportchilarining umumiy kontingenti jami 150 nafardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda 7–11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi;
mahorat maktablari o‘quv dasturini o‘zlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tgan 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma beriladi.
Shuningdek, mahorat maktablarida oziq-ovqat bilan ta’minlash xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar to‘lovi undirilmaydi.