Kelgusi yildan “ijtimoiy karta” joriy etiladi
17:10 13.12.2024 (yangilandi: 17:11 13.12.2024)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaVideoselektornoe soveshanie po sfere sotsialnoy zashiti i prioritetnix zadach na 2025 god
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Kelgusi yil mehribonlik uylaridan 500 nafar o‘g‘il-qizlarni oilaviy muhitga qaytarish rejalashtirilgan.
TOShKENT, 13 dek — Sputnik. O‘zbekistonda kelgusi yildan fuqarolar ijtimoiy yordam olishi uchun “ijtimoiy karta” joriy etiladi. Bu haqida prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan majlisda ma’lum bo‘ldi.
"Hozirgi kunda fuqarolar ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun 10 dan ortiq hujjatni olib yurishga majbur. Endi bularning o‘rnini bosadigan bitta – “ijtimoiy karta” joriy etiladi. U bilan bilan jamoat transportida bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin bo‘ladi. Nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi", - deyiladi majlis xabarida.
Yangi tizim dastlab Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida 1-iyulgacha sinovdan o‘tkaziladi, keyinchalik hamma joyda qo‘llanadi.
Undan tashqari, kelgusi yilda aholi ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida quyidagilar rejalashtirilgan:
kambag‘allik yuqori mingta mahallada yana bittadan oilaviy bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularda o‘rinlarining 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinadi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplab beriladi.
2025 yilda 3,5 ming nafar kambag‘al oila farzandlari oliy ta’limga grant asosida qabul qilinadi.
O‘zi harakatlana olmaydigan a’zolari bor kambag‘al oilalarga qatnov asosida qarash yo‘lga qo‘yiladi, xarajatlarning 80% ini davlat qoplab beradi.
Muhtoj odamlarni jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga qo‘shimcha 185 milliard so‘m ajratiladi.
12 ta nogironlik reabilitatsiya markazida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovi 5 karra oshiriladi.
2025 yilda 80 ming muhtoj odamga zarur protez vositalari yetkazib beriladi.
1 yanvardan nogironligi bo‘lgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi.
Korxonalarga surdo-tarjimon, psixolog va ko‘zi ojizlar uchun hamrohlik xizmati xarajati uchun 50 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi.