Deputatlar Abdulla Aripovni bosh vazir lavozimiga ma’qullashdi
12:06 20.11.2024 (yangilandi: 14:25 20.11.2024)
© Zakonodatelnaya palata Oliy Majlisa respubliki UzbekistanAbdulla Aripov
© Zakonodatelnaya palata Oliy Majlisa respubliki Uzbekistan
Obuna bo‘lish
Prezident Abdulla Aripov nomzodini deputatlar muhokamasiga taqdim etdi.
TOShKENT, 20 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bosh vazir lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini ko‘rsatdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Telegram-kanalida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqish va Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan majlisida ishtirok etmoqda.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Kun tartibiga muvofiq, majlisda O‘zbekiston bosh vaziri nomzodi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
"Kun tartibidan yangilangan Konstitutsiyamizga muvofiq, ilk bor quyi palatada Bosh vazir lavozimiga nomzod va Hukumatning kelgusi 5-yilga mo‘ljallangan harakatlar dasturini ko‘rib chiqish masalalari o‘rin olgan", — deyiladi xabarda.
Mirziyoyev mamlakat o‘z oldiga qo‘ygan strategik va joriy vazifalarni amalga oshirishda barcha bo‘g‘indagi ijro organlari, avvalo, Hukumat va uning rahbari zimmasidagi mas’uliyat hozirgi murakkab zamonda har qachongidan ham ortib borayotganini qayd etdi.
Bugun mutlaqo yangi vakolat va vazifalarga ega bo‘lgan Hukumat shakllanayotgani aytildi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
"Buni Konstitutsiya darajasida birinchi marta kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, investitsiya, ekologiya kabi muhim yo‘nalishlarda Vazirlar Mahkamasining majburiyatlari belgilab qo‘yilgani ham tasdiqlaydi. Xalqimiz bugun ana shunday hal qiluvchi masalalar bo‘yicha yangi Hukumatdan aniq natijalarni kutmoqda", — dedi davlat rahbari.
Hukumat o‘z faoliyatini mutlaqo yangicha asosda tashkil etishi kerak, buning uchun unga kuchli rahbar, ya’ni, bosh vazir zarur, dedi prezident.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev vidvinul kandidaturu Abdulli Aripova na post premyer-ministra.
Shavkat Mirziyoyev vidvinul kandidaturu Abdulli Aripova na post premyer-ministra.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
"Davlatimiz rahbari bu masalani atroflicha o‘ylab, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodini ko‘rsatishga qaror qilganini aytdi", — deyiladi xabarda.
Abdulla Aripov katta tashkilotchilik salohiyatiga ega bo‘lgan, ijro hokimiyati tizimida boy bilim va tajriba orttirgan, mas’uliyatni doimo chuqur his etadigan rahbar ekani ta’kidlandi.
Ushbu nomzod bugun Hukumat oldiga qo‘yilgan, ko‘lami va miqyosi benihoya katta bo‘lgan muhim vazifalarni hal etishda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini samarali tashkil qilishi, Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlarini birlashtirib, yagona maqsad sari safarbar eta olishiga ishonch bildirildi. Prezident Abdulla Aripov nomzodini deputatlar muhokamasiga taqdim etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bosh vazir lavozimiga ko‘rsatilgan Abdulla Aripov nomzodini ko‘rib chiqishdi.
Nomzod Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturini taqdim etdi.
"Nomzod va Hukumatning dasturi ko‘rib chiqilgach, Bosh vazir lavozimiga nomzodni ma’qullash masalasi ovoz berishga qo‘yildi. Yashirin ovoz berish yo‘li bilan deputatlar Abdulla Aripovni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga ma’qulladilar", —deyiladi xabarda.
Davlati rahbari Hukumat faoliyatining eng muhim yo‘nalishlarini belgilab berdi.
"Avvalo, makroiqtisodiy muvozanatni saqlab, kelgusi besh yilda iqtisodiy o‘sish sur’atini 6-7 foiz atrofida ta’minlash zarur. Bunda inflyatsiya darajasi 5-6 foiz, budjet taqchilligi 3 foiz doirasida bo‘lishiga erishish, yillik kreditlash hajmini 30 milliard dollarga olib chiqish asosiy vazifa bo‘ladi", — deyiladi xabarda.
Ushbu davrda Hukumat kamida 100 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishga hamda yillik eksport hajmini 45 milliard dollarga olib chiqib, unda tayyor mahsulotlar ulushini 50 foizga yetkazishga erishishi lozimligi ta’kidlandi.
Prezident aholi soni ko‘payib borayotgan hozirgi sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb vazifa bo‘lib qolishini qayd etdi.
Bu borada qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari, avvalo, meva-sabzavotchilikni intensiv rivojlantirish, yangi urug‘ navlarini yaratib, importni 50 foizga qisqartirish bo‘yicha dasturlar bor.
"Hukumat bu dasturlar ijrosini ta’minlab, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni 1,3 barobar oshirish, har gektar yerdan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazish, sohada eksport hajmi 10 milliard dollardan iborat bo‘lishi, suv tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yer maydonlarini 2 karra oshirish bo‘yicha ishni samarali tashkil etishi zarur. Yangi yilda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishga 5 trillion so‘m, kanallarni betonlashga 800 milliard so‘m yo‘naltiriladi", —deyiladi xabarda.
Kelgusi besh yilda iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushini 85 foizga yetkazish ham asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Bu borada 2 mingta korxonada davlat ulushini, 5 mingdan ziyod ko‘chmas mulk obyektini sotish, 16 ta yirik majmua aksiyalarini IPOga chiqarish talab etiladi. Hukumat 30 milliard dollarlik xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishni ta’minlashi kerak.
"Vazirlar Mahkamasi 2025-yilda “tejamkorlik va barqarorlik” tamoyili asosida davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni tezlashtirib, ularning xarajatlarini 15-20 foizga qisqartirishi zarur. Bu borada 1 milliard dollarlik 18 ta davlat kompaniyasining ulushi berilgan Milliy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish lozim", — dedi prezident.
Prezident ta’kidlaganidek, sog‘liqni saqlash, ta’lim va sportni rivojlantirish bo‘yicha katta dasturlarni samarali va to‘liq amalga oshirish – hamisha Hukumatning kun tartibida turishi kerak bo‘lgan asosiy vazifalardir.
Eng avvalo, o‘rtacha umr ko‘rish darajasini 78 yoshga yetkazish uchun birlamchi tibbiy xizmatlarning aholi uchun qulayligi va sifatini oshirish zarur. Xususan, 2025-yilda birlamchi bo‘g‘inda 3 million 700 ming nafar ayolni skriningdan o‘tkazish, bu jarayonni raqamlashtirish orqali saraton kasalini erta aniqlash ko‘rsatkichini 85 foizga yetkazish mumkinligi ta’kidlandi.
Hukumat mahallalardagi 18 mingta tibbiyot brigadalarini o‘qitish, 884 ming nafar bemorni uy sharoitida reabilitatsiya bilan qamrab olish bo‘yicha yangi tizimni joriy etadi. Shu bilan birga tug‘ruqxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 100 million dollar yo‘naltiriladi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi va aholiga “kafolatlangan paket” asosida tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi kelgusi uch yilda barcha shahar, tuman va qishloqlar qamrab olinishi zarurligi qayd etildi. Shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish kabi masalalar bo‘yicha Hukumat alohida dasturlar ishlab chiqishi lozimligi aytildi.
Prezident Tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zarurligini ta’kidladi. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash tashqi siyosatda ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoladi.
"Kelgusi yili yurtimizda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo beshligi” uchrashuvi shu yo‘ldagi yana bir ulkan amaliy qadam bo‘ladi. Hozirgi vaqtda fuqarolarimiz Qirg‘izistonga ID karta bilan bemalol borib-kelmoqdalar. Endi shunday tartibni Qozog‘iston va Tojikiston bilan ham joriy etish rejalashtirilgan. Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda boshqa yetakchi hamkor davlatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari bilan samarali va tizimli aloqalarni yanada rivojlantirish doimo e’tibor markazida bo‘lishi ta’kidlandi", — deya qayd etilgan xabarda.