O‘zbekiston hukumati iste’foga chiqdi

© Kabinet MinistrovKabinet Ministrov
Kabinet Ministrov - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 19.11.2024
Obuna bo‘lish
Amaldagi Vazirlar Mahkamasi yangi tarkibdagi hukumat shakllantirilguniga qadar o‘z faoliyatini davom ettirib turadi.
TOShKENT, 19 noya — Sputnik. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra amaldagi Hukumat yangi saylangan Oliy Majlis oldida vakolatlarini zimmasidan soqit qildi, deya xabar berdi bosh vazir matbuot kotibi o‘zining Telegram-kanalida.
Ma’lumki, 27-oktabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlariga muvofiq, Oliy Majlis palatalari yangi tarkibda shakllantirildi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 116-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi belgilangan.
“Shu munosabat bilan, joriy yilning 19-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra amaldagi Hukumat yangi saylangan Oliy Majlis oldida vakolatlarini zimmasidan soqit qildi”, — deyiladi xabarda
Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoniga asosan, amaldagi Vazirlar Mahkamasi Hukumat faoliyatida uzviylik va uzluksizlikni ta’minlash maqsadida yangi tarkibdagi Vazirlar Mahkamasi shakllantirilguniga qadar o‘z faoliyatini davom ettirib turadi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy normalar doirasida va qonunchilikka muvofiq mamlakatning butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida Oliy Majlis va prezident oldida javobgardir.
Bosh vazir nomzodi Oliy Majlisi palatalarining mansabdor shaxslari saylangandan va organlari shakllangandan so‘ng 1 oy ichida yoki bosh vazir lavozimidan ozod etilganidan keyin yoxud bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibi iste’foga chiqqanidan keyin 1 oy ichida Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi va ma’qullashi uchun prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng taqdim etiladi.
Qonunchilik palatasi prezident tomonidan taqdim etilgan bosh vazir nomzodini taqdimnoma kiritilgan kundan e’tiboran 10 kun ichida ko‘rib chiqadi.
Bosh vazir lavozimiga nomzod quyi palatada uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi.
Bosh vazir nomzodiga Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda ma’qullangan hisoblanadi.
Yangiliklar lentasi
0