Kambag‘allik tufayli farzanlarni bolalar uylariga joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi
09:34 06.11.2024 (yangilandi: 10:21 06.11.2024)
© Sputnik / Konstantin Chalabov
/ Obuna bo‘lish
Bolalar uylarida “Onalar maskani” tashkil etilib, unda bolasidan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar joylashtiriladi.
TOShKENT, 6 noya — Sputnik. O‘zbekistonda farzandlarni oilaning kambag‘alligi tufayli Mehribonlik va Bolalar uylariga joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi taqdimotda ma’lum qilindi.
Prezident ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni tarbiyalash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy yetimlik, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyaga berish va ularga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Ular quyidagilar:
1.
Bolani tarbiyaga berishda oila muhitini saqlab qolishga ustuvorlik beriladi. Bunda avvalo vasiylik, homiylik yoki farzandlikka berish qo‘llab-quvvatlanadi. Ixtisoslashtirilgan muassasaga eng so‘nggi chora sifatida joylashtiriladi. 2.
Farzandlarni oilaning kambag‘alligi tufayli Mehribonlik va Bolalar uylariga joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi. Kambag‘al oila vakillari ishga joylashgan taqdirda, bolasi uch yoshga to‘lguncha bog‘cha xarajatlari uchun Ijtimoiy himoya jamg‘armasidan kompensatsiya beriladi. 3.
Bolalar uylarida “Onalar maskani” tashkil etilib, unda bolasidan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar joylashtiriladi. Ularga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, onalik ko‘nikmalari o‘rgatiladi hamda kasb egallashiga ko‘maklashiladi. Bu kabi xizmatlarni tashkil kilishda nodavlat tashkilotlari ham keng jalb qilinadi.
“Og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan bolalar tarbiyaga berilguniga qadar “Inson” markazi tomonidan oilaviy bolalar uyiga joylashtiriladi. Tarbiyaga beriladigan bolalar uchun individual rivojlanish rejasi ishlab chiqiladi”, — deyiladi xabardla.
Quyidagilar amalga oshiriladi:
yetim bolalarni aniqlash, ularni tarbiyaga olish istagini bildirgan shaxslar ma’lumoti “Ijtimoiy himoya” axborot tizimida yuritiladi;
“Inson” markazlari bolalarning qonuniy vakili etib belgilanadi hamda huquq va manfaatlarini himoya qiladi;
markazlar tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitini, yordamlarning maqsadli ishlatilishini va tarbiyaga olgan shaxslar majburiyatlarini monitoring qilib boradi;
Oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida belgilanadi;
tutingan oilalarda tarbiyalanayotgan bolalarga umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limni tugatgunicha yashash va parvarishlash xarajatlari to‘lanadi.
Rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, shu sohada yana bir hujjat – “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida” qonun ma’qullangan. Unda bu boradagi huquqiy asoslar mustahkamlanib, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi davlat organlari hamda ularning vakolatlari aniq belgilangan. Prezident ushbu qonunni imzoladi.
Taqdimotda nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etishga qaratilgan takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Respublikada 19 ta parasport turi bilan shug‘ullanishga sharoit yaratilgan. 25 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar sport bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Davlat sport maktablarida adaptiv sport bo‘yicha guruhlar tashkil etish, mahallalardagi maydonchalarni nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham moslashtirish taklif etilmoqda.
“ERP-sport” elektron tizimida nogironligi bo‘lgan shaxslarning alohida hisobini yuritish orqali ularning imkoniyatiga mos sport turlari avtomatik aniqlanadi.
Reabilitatsiya markazlarida jismoniy terapiya, mexanoterapiya, fizioterapiya kabi zamonaviy reabilitatsiya usullarini qo‘llash kengaytiriladi.
Adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini tayyorlashga ham e’tibor kuchaytiriladi. Bu yo‘nalishda xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lganlar hamda ularning murabbiylarini moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi.