O‘zbekiston BRIKS davlatlari bilan yangi imkoniyatlardan foydalanish niyatida — Mirziyoyev
18:00 24.10.2024 (yangilandi: 18:01 24.10.2024)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev “BRIKS plyus” sammitining yalpi majlisida nutq so‘zladi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston BRIKS davlatlari bilan sheriklik aloqalarini bundan buyon ham faol chuqurlashtiradi.
TOShKENT, 24 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozonda bo‘lib o‘tgan “BRIKS plyus” sammitining yalpi majlisida nutq so‘zladi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev “BRIKS plyus” sammitining yalpi majlisida nutq so‘zladi
Shavkat Mirziyoyev “BRIKS plyus” sammitining yalpi majlisida nutq so‘zladi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
O‘zbekiston yetakchisi o‘z so‘zida bugungi kunda urush va mojarolar soni ortayotganini afsus bilan qayd etdi.
“Jahon iqtisodiyoti va savdosining parchalanib borayotgani tengsizlik, texnologik uzilishlar va proteksionizmni kuchaytirmoqda. Mamlakatlar o‘rtasida yangi to‘siqlar vujudga kelmoqda”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilishicha, bunday sharoitda BRIKS o‘zini ko‘p tomonlama hamkorlik va sheriklikning nufuzli va rivojlanib borayotgan tuzilmasi sifatida namoyon etmoqda.
O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro aloqalarning bunday modeli BMTning markaziy rolini saqlagan holda jahon tartibotining bugungidan ko‘ra adolatliroq yangi arxitekturasini shakllantirish uchun mustahkam asos bo‘lishi mumkinligiga ishonch bildirdi.
Geosiyosiy raqobat, milliy egoizm va mafkuraviy qoliplardan xoli bo‘lgan, konstruktiv muloqot yo‘li bilan global murosaga erishish bo‘yicha yangragan da’vatlar qo‘llab-quvvatlandi.
“Jahondagi boshqaruv institutlarini isloh qilish hamda “Janub – Janub” va “Shimol – Janub” formatlaridagi mas’uliyatli muloqotlarni kengaytirishning vaqti keldi, deb hisoblaymiz”, – dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston BRIKS davlatlari bilan sheriklik aloqalarini bundan buyon ham faol chuqurlashtirish, ushbu birlashma doirasida ochilayotgan yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish niyatida ekani aytildi.
Davlat rahbari BRIKS mamlakatlarining global tengsizlik va iqtisodiyotni inklyuziv yo‘l bilan qayta tiklash muammolarini hal etish maqsadida hamkorlikni rivojlantirish borasidagi fundamental sodiqligini qo‘llab-quvvatladi.
Aytilishicha, O‘zbekiston ustuvor investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun BRIKSning Yangi taraqqiyot banki bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishni rejalashtirgan. Innovatsiya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” taraqqiyot va energetika, to‘siqlarsiz elektron tijorat kabi sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor.
Quyidagilar ma’lum qilindi:
O‘zbekiston BRIKS sun’iy intellekt bo‘yicha Tadqiqot guruhining qo‘shma loyihalarida ishtirok etish, YuNIDO huzurida tashkil etilayotgan Kompetensiyalar markaziga, shuningdek, taklif etilayotgan Investitsiya platformasiga qo‘shilish niyatida.
O‘zbekiston BRIKSdagi sheriklari bilan birgalikda transport sohasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish, yangi transkontinental yo‘laklarni yaratish, yetkazib berishning ishonchli logistika zanjirlarini shakllantirish, kabotaj tashuvlar tizimini rivojlantirish borasida yaqindan ish olib borishga tayyorlgarlik bildirildi.
Oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish, sog‘liqni saqlash masalalarida ham hamkorlik qilish muhim ekani qayd etildi.
Tashkilot doirasida ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlab, davlat rahbari barcha manfaatdor mamlakatlarga BRIKSning Ishbilarmonlar kengashiga qo‘shilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etdi.
O‘zbekiston rahbari radikallashuv va ekstremistik g‘oyalarning, avvalo, yoshlar o‘rtasida tarqalishining oldini olishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.
Yaqin Sharqdagi mojaro tobora keskinlashib borayotgani, bu mintaqa qo‘shni mamlakatlar va yirik davlatlarning bu mojaroga tortilishi bilan global inqirozning yirik o‘chog‘iga aylanib borayotgani alohida tashvish bilan qayd etildi.
“Biz G‘azo va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi og‘riq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon bo‘lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bugungi kunda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish va jabrlanganlarga shoshilinch yordam ko‘rsatish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar ekani ta’kidlandi.
“Isroil-Falastin muammosining yagona yechimi – “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘lib qolmoqda”, – dedi prezident.
Mirziyoyev Afg‘oniston muammosiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning fikricha, mamlakatni yakkalash emas, balki Afg‘oniston xalqiga va uning amaldagi hokimiyatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinch qurilish va taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishda yordam ko‘rsatish umumiy vazifa hisoblanadi.
So‘zining yakunida O‘zbekiston yetakchisi barqaror taraqqiyotning umumiy maqsadlariga erishish uchun BRIKS mamlakatlari bilan yaqin va o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini ta’kidladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozon shahriga tadbirlarga boy amaliy tashrifi nihoyasiga yetdi.