Toshkent kamida 7,5 mln odam yashaydigan megapolisga aylantiriladi

© Sputnik / Aktan TemirkanovStela "Ya lyublyu Tashkent".
Stela Ya lyublyu Tashkent. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.10.2024
Obuna bo‘lish
Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasiga ko‘ra, uning hududi 3 ta zonaga ajratiladi.
TOShKENT, 10 okt — Sputnik. Toshkent kamida 7,5 million odam yashashi va ishlashi uchun qulay sharoitga ega yirik megapolisga aylantiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda shahar hududi 43 ming 822 gektar, aholi soni 3 milliondan ziyod. Kelgusida bu miqyos yanada oshishini inobatga olib, Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi loyihalashtirildi.
“Davlatimiz rahbari Toshkentni kamida 7,5 million odam yashashi va ishlashi uchun qulay sharoitga ega yirik megapolisga aylantirish zarurligini ta’kidladi”, — deyiladi xabarda.
Davlat rahbari bu boradagi ilk ishlanmalar bilan 2022-yilda tanishgan edi. Unda berilgan ko‘rsatma va tavsiyalar asosida loyiha takomillashtirildi. “ToshkentboshplanLITI” korxonasida xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda puxta ish olib borildi.
Loyihada quyidagilar nazarda tutilgan:
Toshkent hududi 3 ta zonaga ajratiladi.
Konservatsiya zonasida madaniy meros binolari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar o‘zgarishsiz qoladi.
Rekonstruksiya zonasida master-rejalar asosida qo‘shimcha qurilishlar qilish mumkin bo‘ladi.
Renovatsiya zonasida eskirgan uy-joy, binolar o‘rnida yangi qurilishlar va ta’mirlash amalga oshiriladi.
Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlar 3 karra ko‘paytirilib, 25 ming gektarga yetkazilishi belgilanmoqda. Bu orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil maydon hozirgi 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrga oshadi.
“Shaharsozlik talabiga ko‘ra, aholi o‘z yashash joyidan eng yaqin bog‘cha, maktab, shifoxona, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarigacha ko‘pi bilan 15 daqiqada yetib bora olishi kerak. Shu bois jamoat transporti tarmog‘i kengaytirilib, bog‘lamlar va bekatlar ko‘paytiriladi. Yangi yo‘llar qurilib, metrobus yo‘nalishlari tashkil etiladi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Aytilishicha, so‘nggi yillardagi o‘sish natijasida Toshkentda elektr energiyasi, suv va oqova infratuzilmasi yuklama bilan ishlayapti. Bosh reja loyihasida bu quvvatlarni oshirish manbalari ham hisob-kitob qilingan.
Bosh reja tasdiqlangach, uning xaritalari Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimida hamda Toshkent hokimligi veb-saytida ochiq ma’lumot sifatida joylashtiriladi.
Shuningdek, davlat rahbari Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Yuqorichirchiq, O‘rtachirchiq va Toshkent tumanlarini poytaxt bilan yaxlit aglomeratsiya asosida rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Yangiliklar lentasi
0