O‘zbekistonda onlayn kredit olish tartibi vaqtincha o‘zgarmoqda — tafsilotlar
© Depositphotos / TzidoAziatskaya devushka ispolzuyet biometricheskuyu verifikatsiyu na mobilnom telefone
© Depositphotos / Tzido
Obuna bo‘lish
Markaziy bank kelasi oydan onlayn kredit ajratish bo‘yicha vaqtinchalik tartib joriy qilmoqda.
TOShKENT, 8 okt — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki kredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarga onlayn kredit ajratish jarayonida bank kartalari bilan bog‘liq shubhali frod operatsiyalarining oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik tartibni joriy qilmoqda.
“Mazkur tartib 2024-yilning 1-noyabridan 2025-yilning 1-apreliga qadar amal qiladi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.
Aytilishicha, firibgarliklarning oldini olish maqsadida bir qator rivojlangan davlatlarning tajribasi o‘rganib chiqildi.
“Onlayn kredit ajratishda firibgarlik holatlarining oldini olish uchun Yevropa Ittifoqi, Avstraliya va Rossiya Federatsiyasida 14 kalendar kunlik, AQShda 3 kalendar kunlik, Kanadada 2 kalendar kunlik “sovish” davri amaliyoti mavjudligi aniqlandi”, — deyiladi xabarda.
Onlayn kredit ajratishning yangi tartibi
Endilikda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish bo‘yicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi.
Ushbu talabning o‘rnatilishi kredit olish bo‘yicha ariza fuqaroning shaxsan o‘zi tomonidan berilganligini aniqlash va uning shaxsiga yana bir bor oydinlik kiritish imkonini beradi.
Vaqtinchalik tartibga ko‘ra, kredit tashkilotlari fuqaro kredit olish uchun ariza yuborganidan keyin uning kredit burolari ma’lumotlar bazasidagi kredit tarixini 2 bosqichda (ariza tushgandan so‘ng hamda kredit mablag‘lari ajratilishidan oldin) tekshirishdan (skoring) o‘tkazadi.
Mijozga quyidagi hollatlarda kredit ajratish rad etilishi yoki boshqa summada ajratilishi to‘g‘risida xabar beriladi:
salbiy kredit tarixi yoki qarz yuki keskin oshgani aniqlansa;
qisqa davr ichida bir nechta kredit rasmiylashtirilgan va qarz yuki keskin oshgan bo‘lsa.
Qayd etilishicha, firibgarlar aldoviga uchgan fuqarolar nomiga bir nechta kredit tashkilotidan kredit mablag‘lari ajratilishining oldini oladi.
Mobil ilovada cheklovlar o‘rnatiladi
Fuqaro kredit tashkiloti mobil ilovasidan yangi ro‘yxatdan o‘tib yoki mavjud akkauntga boshqa qurilmadan kirib, birinchi marta onlayn kredit olganda, mazkur kredit ajratilganidan boshlab 48 soat davomida kredit hisobidan ayrim cheklovlar o‘rnatiladi.
P2P amaliyotlar;
jismoniy shaxslar hisobvaraqlari va elektron hamonlarga o‘tkazmalar;
mobil aloqa operatorlari orqali telefon raqami hisobini to‘ldirish;
chet elga pul o‘tkazmalari hamda onlayn valyuta ayirboshlash operatsiyalari.
“Mazkur cheklovlarni yechish uchun mijoz 48 soat ichida kredit tashkiloti tomonidan yuborilgan SMS-xabarda qayd etilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, kreditni firibgarlar ta’sirisiz olganligini ma’lum qiladi. Kredit tashkiloti xodimi esa mijozga qayta bog‘lanib, berilgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirib, qo‘shimcha tasdiqdan o‘tkazadi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Cheklovlar ajratilgan kredit mablag‘larini fuqaro o‘z ixtiyoriga ko‘ra naqdlashtirishiga yoki tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish kabi operatsiyalariga ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu operatsiyalar hech bir cheklovlarsiz amalga oshirilishi mumkin.
“Kredit mablag‘lari fuqaroning bank kartasiga o‘tkazilgandan keyin pul mablag‘lari sarflanmagan bo‘lsa, 48 soat ichida kredit olishga ariza mijoz tomonidan firibgarlar ta’sirida berilgani aniqlansa yoki mijoz qo‘shimcha tasdiqdan o‘tishni amalga oshirmasa, kredit shartnomasi kredit tashkiloti tomonidan bekor qilinadi va ajratilgan pul mablag‘lari kredit tashkiloti hisobiga qaytariladi”, — deya aniqlik kiritilgan xabarda.
Markaziy bank xabariga ko‘ra, bugungi kunda firibgarlar raqamli texnologiyalar vositasida ijtimoiy muhandislik usullarini qo‘llagan holda fuqarolarning nomiga tijorat banklarining mobil ilovalari orqali onlayn kreditlar rasmiylashtirish hamda bank kartasiga tushgan kredit mablag‘larini P2P o‘tkazmalari orqali noqonuniy o‘zlashtirish holatlari ko‘payib bormoqda.
Shu yilning o‘tgan davri mobaynida firibgarlik yo‘li bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.