Birinchi oktabrdan nimalar o‘zgarmoqda?
CC0 / Unsplash / Mockaroon / Kalendar. Illyustrativnoe foto
Obuna bo‘lish
1 oktabrdan ish haqi, eng kam ish haqi va BHM oshiriladi, ayrim tadbirkorlarga QQSning bir qismi qaytariladi – batafsil maqolamizda.
TOShKENT, 1 okt — Sputnik. O‘zbekistonda1 oktabrdan qonunchilikda qator o‘zgarishlar ro‘y beradi va qonunlar kuchga kiradi. Adliya vazirligi ular haqida ma’lumot berdi.
Ish haqi, eng kam ish haqi va BHM oshiriladi
O‘zbekistonda 1-oktabrdan budjet tashkilotlarida ishlaydigan tibbiyot xodimlari hamda maktabgacha, umumta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va tashkilotlari, "Muruvvat" internat uylari, Bolalar uylari va "Mehribonlik" uylari, bolalar sanatoriyalarida ishlaydigan pedagog xodimlarning ish haqi miqdori 15 foizga oshiriladi.
Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori, tibbiyot va pedagog xodimlardan tashqari, 10 foizga oshiriladi. Eng kam ish haqi miqdori — oyiga 1 155 000 so‘m, BHM — 375 000 so‘m etib belgilanmoqda.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi davlat boshqaruvi yanada takomillashtiriladi
2024 yil 1-oktabrdan ishlab chiqarilgan va chetdan olib kiriladigan xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.
Bunda, respublika hududiga olib kirilayotgan mahsulotlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma bojxona hududiga kelishidan avval "Yagona darcha" bojxona axborot tizimiga va Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga import qiluvchi tomonidan joylashtirilishi shart.
Shuningdek, 1-oktabrdan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun quyidagilar amalga oshiriladi:
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga nomuvofiq mahsulotni muomaladan chiqarish yoki mahsulotning kamida 60 foizini chaqirib olish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarni bajarmaganlik uchun — yuridik shaxslarga realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining 100 foizi miqdorida moliyaviy jarima qo‘llash;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga nomuvofiq mahsulotlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish holatlari tasdiqlanganda, ushbu mahsulotlarga rasmiylashtirilgan muvofiqlik sertifikatini Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan to‘xtatib turish;
sertifikatlashtirish organining qoidalarga rioya etmaganligi (shu jumladan, mahsulot barcha majburiy ko‘rsatkichlarga muvofiqligi baholanmaganligi) natijasida sifatsiz mahsulotlar realizatsiya qilinganligi holatlari aniqlaganda, mazkur organning sertifikatlash faoliyatini Inspeksiya tomonidan to‘xtatib turish.
Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtiriladi.
2024 yil 1-oktabrdan qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilgan holda, "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimining "Qurilishda davlat nazorati" elektron platformasi orqali rasmiylashtiriladi.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish takomillashtiriladi.
1 oktabrdan tazyiqdan jabrlangan shaxslarga ruhiy inqiroz holatida birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida, shoshilinch qabul bo‘limlarida tunu kun ishlaydigan birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi.
Bu kundan boshlab himoya orderi berilgan har bir holatda tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturi "Inson" markazlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Temir yo‘lda yuk tashish uchun taqdim etilayotgan chegirmalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi.
1 oktabrdan bosqichma-bosqich 2025-yil 1-aprelgacha respublika hududida temir yo‘l transportida yuk tashishda taqdim etilayotgan chegirmalar berish amaliyotini bekor qilinadi. Bu O‘zbekiston milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish yo‘lida amalga oshiriladi.
Iste’mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda qo‘shimcha litsenziya talablari joriy etiladi.
O‘zbekistonda 1-oktabrdan iste’mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari joriy etiladi:
yillik litsenziya to‘lovlarini, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarga rioya qilish;
alkogol mahsulotlari ishlab chiqarishda va ularning savdosida sifat talablariga, shuningdek, aksiz markalarini qo‘llash hamda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tartiblariga rioya etish;
alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini monitoring va nazorat qilish imkonini beruvchi videokuzatuv vositalarini o‘rnatish.
Shuningdek, 1-oktabrdan:
yashirin ishlab chiqarish, aksiz markasiz, raqamli markirovkasiz yoki sifatsiz alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish holatlari aniqlanganda ishlab chiqarish uskunalari davlat foydasiga o‘tkaziladi;
qalbaki aksiz markali, aksiz markasiz, raqamli identifikatsiya vositasi bilan markirovkalanmagan, qalbaki markirovka kodlari bilan markirovkalangan alkogol va tamaki mahsulotlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan muomaladan olinadi va ushbu mahsulotlar bilan savdo qilish huquqini beruvchi litsenziya (ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat) belgilangan tartibda bekor qilinadi;
iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ulgurji realizatsiyasiga oid shartnomalar soliq organlarida majburiy hisobga qo‘yiladi;
har yarim yil yakunlari bo‘yicha aroq, shuningdek, iste’mol etil spirtidan aroq va likor-aroq mahsulotlarini ishlab chiqarishda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish ko‘rsatkichi 60 foizdan kam bo‘lganda, belgilangan 60 foizning bajarilmagan qismiga aksiz solig‘i summasining 50 foizi miqdorida moliyaviy jarima hisoblanadi.
Bunda har yarim yillik yakunlari bo‘yicha mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish ko‘rsatkichi 60 foizdan ko‘p bo‘lganda va aksiz solig‘i to‘liq to‘langan taqdirda, undirilgan moliyaviy jarima summalari korxonaga qaytarib beriladi.
Parranda go‘shti importiga berilgan imtiyoz bekor qilinadi
1 oktabrdan yangi so‘yilgan, sovutilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi go‘shti va qo‘shimcha ozuqabop mahsulotlari (butun go‘sht, qanot, bel, bo‘yin, okorochok, golen, son, qiyma va teri) O‘zbekiston hududiga olib kirishda belgilangan bojxona boji bo‘yicha berilgan imtiyoz bekor qilinadi.
Davlat xaridlari tizimida jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi
Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va ushbu tizimda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2024-yil 1-oktabrdan davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar ular tuzilishidan oldin kamida 1 ish kuni, shuningdek, tender savdolari natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnomalar davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtirish orqali kamida 2 ish kuni davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.
Nogironlikni belgilash tizimi takomillashtiriladi
1 oktabrdan ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalari tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan belgilanadi.
Shuningdek, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2024-yil 1-oktabrdan:
TIEK xodimlarini ular faoliyati samaradorligining eng muhim ko‘rsatkichlari (KPI) bajarilishidan kelib chiqib rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlarning vazifalari va shtat birliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlarga o‘tkazgan holda tugatiladi;
joylardagi TIEKlarga pediatr, psixiatr, ftiziatr shtatlari ajratiladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratiladi
1 oktabrdan:
rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi nogironligi bo‘lgan shaxslarga sharoitlar yaratish bo‘yicha shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi;
har yili "Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda" respublika jamg‘armasi mablag‘larining kamida 10 foizi chorrahalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar (piyodalar) uchun xavfsiz va to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlariga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, 1-oktabrdan:
shahar yo‘lovchi transportida I guruh nogironligi bo‘lgan shaxs va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga bepul xizmat ko‘rsatiladi;
I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning shaxsiy avtotransport vositalarini moslashtirish xarajatlarining 50 foizi (BHMning 30 baravarigacha bo‘lgan miqdorda) qoplab beriladi.
Zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi.
O‘zbekistonda 2024-yil 1-oktabrdan 2027-yil 1-oktabrgacha:
zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlarini import qilishda maxsus turdagi tovarlar importi uchun litsenziya olish talabi bekor qilinadi;
O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan va zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi.
Shuningdek, 2024-yil 1-oktabrdan 2027-yil 1-oktabrgacha:
belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sohasida foydalaniladigan asbob-uskunalar, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi;
"Uzbek Jewellery Fair" xalqaro ko‘rgazma savdosi doirasida O‘zbekistonning norezidentlari tomonidan respublika hududiga vaqtincha olib kiriladigan hamda keyinchalik qaytarib olib chiqiladigan zargarlik buyumlariga nisbatan bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishda bojxona yig‘imlari undirilmaydi.
Ovchilik guvohnomasini olish uchun yangi qoidalar joriy etiladi
1 oktabrdan ovchilarga ovchilik yo‘llanmasi yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalar asosida elektron dastur orqali beriladi.
Shuningdek, ovchilik guvohnomasini berishning quyidagi tartibi o‘rnatiladi, jumladan:
ovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarni maxsus o‘quv kurslarida o‘qitish joriy etiladi;
ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, 18 yoshga to‘lgan, o‘quv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxslarga YaIDXP orqali 2-yil muddatga beriladi.
Normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini soddalashtirilgan va kengaytirilgan baholash tartibi joriy etiladi
2024 yil 1-oktabrdan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholashning soddalashtirilgan va kengaytirilgan tartibi joriy qilinadi.
Soddalashtirilgan tartibda loyiha ishlab chiqilishidan oldin quyidagi tartibga solish vositalari baholanadi va baholash natijalari yuzasidan Adliya vazirligining dastlabki xulosasi olinadi:
jismoniy va yuridik shaxslarga majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlarni belgilash, ularni o‘zgartirish yoxud talablarga rioya qilishni yoki ularni bajarishni ta’minlash bilan bog‘liq ta’sir choralarini qo‘llash;
jismoniy va yuridik shaxslarga majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlarni belgilash, ularni o‘zgartirish yoxud talablarga rioya qilishni yoki ularni bajarishni ta’minlash bilan bog‘liq ta’sir choralarini qo‘llash;
tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilayotgan imtiyoz, preferensiya va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlarini joriy qilish, ularning ta’sir doirasini kengaytirish yoki qisqartirish.
Kengaytirilgan tartibda quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari baholanadi:
soddalashtirilgan baholash natijalari bo‘yicha iqtisodiy, ijtimoiy va atrof-muhitga ta’siri darajasi yuqori deb topilgan loyihalar;
Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari hamda baholash sohasidagi vakolatli organlar, jamoatchilik va boshqa manfaatdor tomonlarning taklifiga ko‘ra kengaytirilgan baholashdan o‘tkazilishi lozim deb topilgan loyihalar.
QQSning bir qismi qaytariladi
Turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga har oyning 25-sanasiga qadar to‘langan QQSning 20 foizi qaytariladi.
"Xotin-qizlar.uz" platformasi doirasida Muammolarni o‘rganish moduli ishga tushiriladi
2024 yil oktabr oyidan "Xotin-qizlar.uz" platformasi doirasida Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va tizimli hal etish moduli (Muammolarni o‘rganish moduli) ishga tushiriladi.
Shuningdek, doimiy ravishda Muammolarni o‘rganish moduli orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash, xotin-qizlarning muammolarini hal etish yuzasidan monitoring yuritiladi.
Modulli mehmonxona qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratiladi
2026 yil 31-dekabrga qadar tadbirkorlik subyektlari tomonidan modulli mehmonxonani qurish va jihozlash (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan bir martalik subsidiya ajratiladi.
Unga ko‘ra, subsidiya 2024-yil 1-oktabrdan 2026-yil 1-noyabrgacha muvofiqlik sertifikati berilgan yangi tashkil etilgan hamda kamida 10 ta moduldan iborat bo‘lgan modulli mehmonxona uchun uning toifasidan qat’i nazar ajratiladi. Subsidiya modulli mehmonxonada yaratilgan har bir joy uchun 1 mln so‘mdan belgilanadi.
O‘quv markazlari reytingi tuziladi
Yoshlar ishlari agentligi har yili xususiy o‘quv markazlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimidagi reytingini tuzadi hamda rasmiy veb-saytida e’lon qilib boradi.
Reyting natijalariga ko‘ra olis va chekka hududlarda faoliyat ko‘rsatuvchi eng yuqori ko‘rsatkichga ega 100 ta xususiy o‘quv markazining ta’lim jarayonida foydalanadigan bino va inshootlar uchun ijara to‘lovi xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi.