O‘zbekiston kelasi yil aholini kambag‘allikdan qanday chiqaradi — yangi farmon

© Valeriy MelnikovSituatsiya posle viborov prezidenta v Respublike Uzbekistan.
Situatsiya posle viborov prezidenta v Respublike Uzbekistan. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.09.2024
Obuna bo‘lish
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshiriladi.
TOShKENT, 24 sen — Sputnik. O‘zbekistonda aholi turmush farovonligi yanada oshiriladi, shuningdek, kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan tegishli farmonda nazarda tutilgan.
Davlat rahbari tomonidan “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi.
O‘zbekistonda bir milliondan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi – batafsil
“Farmonga ko‘ra, 2024-yilning qolgan davrida 500 ming, 2025-yilda 1 million nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining hamda barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshiriladi hamda dasturni amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi. U har bir fuqaroni o‘zi va farzandlari kelajagi uchun mas’uliyat bilan yondashishga undaydigan va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan.
Har qanday ijtimoiy yordam pirovardida bandlikka bog‘lanishi shart — Mirziyoyev
Dastur 2024-yil 1-noyabrdan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida amalga oshiriladi:
barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish;
ta’lim olish va kasb-hunar o‘rganish;
kafolatlangan davlat tibbiy xizmatidan foydalanish;
ijtimoiy xizmatlardan foydalanish;
yashash sharoitlarini yaxshilash;
davlat tomonidan mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish;
davlat organlari xodimlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish.

Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi

Reyestr 2024-yil 1-dekabrdan “mahalla yettiligi” tomonidan kambag‘al oilalarning ijtimoiy sharoiti va kambag‘allikka tushish sabablarini o‘rganish natijasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan shakllantiriladi.
2025 yil 1-yanvardan:
kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashganda, o‘zini o‘zi band qilganda yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lash davom ettiriladi;
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz stavkada to‘lanadi;
kambag‘al oilalarga ko‘mak choralari ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash, o‘z tomorqasidan samarali foydalanish (ekin ekish), oila a’zolari, shu jumladan, farzandlarining bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi hamda sog‘lig‘ini nazoratga olishi, uy-joyini ozoda tutishi kabi shartlar inobatga olingan holda ko‘rsatiladi.

Eng og‘ir ahvoldagi 1000 ta mahalla infratuzilmasi yaxshilanadi

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori ham qabul qilindi.
Quyidagilar tasdiqlandi:
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi;
2024–2025 yillarda aholini kambag‘allikdan chiqarishning yo‘nalishlar va hududlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlari.
Shuningdek, eng og‘ir ahvoldagi 1000 ta mahalla tanlanib, ro‘yxati shakllantiriladi hamda ularning infratuzilmasini yaxshilash dasturi 1-noyabrgacha tasdiqlanadi.
2024 yil 1-dekabrgacha tadbirkorlik faoliyati hamda aholining barcha qatlamlariga yashash va dam olishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida 2024–2025 yillarda tuman va shaharlarni jadal kompleks rivojlantirish, shu jumladan, ularda kamida bittadan mahallada “yashil mahalla” loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi dasturlar tasdiqlanadi.

"Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “Biznesga birinchi qadam” dasturlari hamda mikromoliya tashkilotlari orqali joriy yil yakunigacha 4 trillion so‘m, 2025-yilda 15 trillion so‘m kreditlar ajratilishi ta’minlanadi", — deyiladi hujjat matnida.

Kambag‘al oilalar farzandlari davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilinadi

Qarorga ko‘ra, quyidagilar amalga oshiriladi:
2025 yil 1-yanvardan kambag‘al oilalar farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilinadi;
2025/2026 o‘quv yilidan, kambag‘al oilalar farzandlarining davlat OTM talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlari Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi;
2025 yildan “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan kambag‘al oilalarning farzandlari uchun alohida kvotalar ajratiladi.
Shuningdek, AT “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” ATB biriktirilgan rahbarlarning xulosasi asosida:
kambag‘al oilalarga noutbuk sotib olish uchun 5-yil muddatga 2-yil imtiyozli davr bilan garovsiz va foizsiz qarz ajratiladi;
tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun qiymati 30 mln so‘mgacha bo‘lgan kichik ishlab chiqarish uskunalari, ko‘chma do‘konlar (food truck), motoroller, skuter va shu kabi boshqa asosiy vositalarni sotib olish uchun 5-yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan garovsiz va foizsiz qarz ajratiladi.

Rahbarlar va ularning o‘rinbosarlariga og‘ir ahvoldagi kambag‘al oilalar biriktiriladi

Jamoat ishlari jamg‘armasi, Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi negizida Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi.
Kelasi yil uchun uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirish dasturi doirasida ajratiladigan subsidiyalar sonini 1,2 baravarga oshirish nazarda tutiladi.
"2024–2025 yillarda tajriba tariqasida og‘ir ahvoldagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarish maqsadida joylardagi tashkilotlarining 14 mingta rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarining har biriga har 6 oyda 5 tadan eng og‘ir ahvoldagi kambag‘al oilalar biriktiriladi", — deyiladi hujjat matnida.
2025 yil 1-apreldan:
Samarqand va Toshkent shaharlarida eksperiment tariqasida autsorsing asosida Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan boquvchisini yo‘qotgan to‘liq bo‘lmagan oilalar, mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan oilalar, ikki va undan ortiq nogiron a’zolari mavjud oilalardagi o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati ko‘rsatiladi;
ijtimoiy yetimlikning oldini olish, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga individual yondashuv asosida oilaga yaqin muhitda g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda tarbiyalash xizmatini ko‘rsatish maqsadida mahallalarda oila shaklidagi kichik hajmli bolalar uylari tashkil etiladi;
YaTT sifatida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslarga alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning kunduzgi parvarish xizmatlarini hamda yuridik shaxslarga nogironligi bo‘lgan bolalar, shu jumladan, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
Pod predsedatelstvom Prezidenta Shavkata Mirziyoyeva sostoyalos videoselektornoe soveshanie po voprosam perexoda na kachestvenno noviy uroven raboti po sokrasheniyu bednosti. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 12.09.2024
Bundan buyon kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi — Mirziyoyev
Yangiliklar lentasi
0