Endi uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli “eskrou” tizimi joriy etiladi

© Sputnik / Baxrom XatamovStroitelstvo mnogoetajki
Stroitelstvo mnogoetajki - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.09.2024
Obuna bo‘lish
Qurilayotgan har bir inshoot bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatilishi belgilandi.
TOShKENT, 24 sen — Sputnik. O‘zbekistonda endi uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli “eskrou” tizimi joriy qilinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan qurilish industriyasi va qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha videoselektorda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda sohadagi mavjud muamollar va imkoniyatlar tahlil qilindi, yangi tashabbus va vazifalar aytildi.
Aytilishicha, respublikada quvvati 140 ming tonna bo‘lgan 7 ta bazalt korxonasi bor. Binokorlikda bu mahsulot keng qo‘llanayotgani natijasida yangi uy-joy va ijtimoiy binolarda energiya sarfi 20 foizgacha kamaygan.
“Lekin, bundan tashqari, quyosh nurini qaytaruvchi oyna, vermikulit aralashmasi kabi materiallarni ishlatib, energiya sarfini yana 2 baravar qisqartirsa bo‘ladi. Binolarning fasad qismida fibro tolali paneldan foydalanish ham yaxshi natija beradi. Uni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan sement va boyitilgan qum o‘zimizda yetarli”, — deyiladi xabarda.
Mutasaddilarga shu kabi muhim qurilish materiallarini mamlakatda ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Jumaladan, Quvasoydagi “Kvars” korxonasida 20 million dollarlik, Jizzaxdagi oyna zavodida 10 million dollarlik investitsiya loyihalari bajarilishi aytildi.
Umuman, tadbirkorlar bilan birgalikda, 3,5 milliard dollarlik 350 ta yangi loyiha rejalashtirilgan. Ularning qurilishiga hamda faoliyatiga kambag‘al oilalardan 50 ming fuqaroni ishga joylashtirish ko‘zda tutilgan.
So‘nggi ikki yilda bu tarmoqda ishlab chiqarish 1,2 karra oshgan bo‘lsa-da, shunday choralar hisobiga energiya sarfi 1,3 barobar, energiya sig‘imi 1,6 barobar kamaydi. Misol uchun, “Qizilqumsement”da issiqlik almashish uskunalari rekonstruksiya qilinib, yiliga 37 million kilovatt soat elektr tejaldi.
Energiya sarfi yuqori bo‘lgan 34 ta korxonada energo auditni yakunlab, yiliga 300 million kilovatt soat elektrni iqtisod qilish mumkinligi aytildi.
“Hozir yurtimizda ishlab chiqarilayotgan 170 nomdagi qurilish materialidan 97 tasi bo‘yicha ichki talab qoplangan. Lekin, bozor to‘liq o‘rganilmasdan, shunga o‘xshash loyihalar yana rejalangan. Shu bois endi bozor to‘yingan qurilish materiallari ro‘yxati e’lon qilinadi. Ichki va tashqi ehtiyojdan kelib chiqib, yangi mahsulotlar bo‘yicha takliflar tayyorlanib, ochiq portalga joylashtiriladi. Loyihalar “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining ilmiy-texnik kengashida ko‘rib chiqiladi. Mazkur uyushma huzurida Koreya tajribasi asosida sinov laboratoriyasi tashkil etiladi”, — deya qayd etilgan xabarda

Qurilish sohasidagi dolzarb masalalar

So‘nggi yetti yilda mamlakatda qariyb 100 milliard dollarlik qurilishlar bo‘lgan. Bu sohadagi ishlar hajmi yiliga o‘rtacha 7-8 foiz o‘smoqda.
Zamonaviy uslublardan orqada qolib ketmaslik uchun shaharsozlik normalari va qoidalarini muntazam yangilab borish kerakligi ta’kidlandi.
Viloyat hokimlariga hududlarni kompleks rivojlantirish va urbanizatsiya bo‘yicha 48 ta, turizm zonalarini tashkil etishga qaratilgan 20 ta, yo‘l bo‘ylarida savdo va xizmatlarni kengaytirish bo‘yicha 68 ta master rejani jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.
Qurilishlar sifati masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ayrim pala-partish loyihalar odamlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Quyidagilar amalga oshiriladi:
Qurilayotgan har bir inshoot bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatilishi belgilandi.
Buning uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy boshqarmalarida shtab tashkil qilinadi.
Davlat hisobidan qurilayotgan har bir binoga videokameralar o‘rnatilib, inspeksiyaga ma’lumotlar onlayn borib turadi.
Noqonuniy qurilishlar bo‘yicha mahalla raislari va jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.
Har bir qurilayotgan imorat oldida “QR” kodli ma’lumotlar yozib qo‘yiladi. Bu bo‘lmasa, qurilish noqonuniy hisoblanadi.
Shaharsozlik kengashlari bilan bog‘liq jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi. Endi unga barcha loyihalar “Shaffof qurilish” platformasi orqali elektron kiritiladi. Kengash a’zolari loyihani quyi tizimi bilan shu platformada elektron kelishadi. Loyihani ko‘rib chiqish muddati 15 kundan oshmaydi.
“Uy-joylar qurilishida aldov, tushunmovchiliklar uchrab turibdi. Shu bois endi uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli “eskrou” tizimi joriy qilinadi”, — deyiladi xabarda.
Tizmning ishlash tartibi:
Developerlar o‘zlari qurayotgan uylar sotuvini tashkil qilish bo‘yicha banklar bilan shartnoma tuzadi.
Xonadon olmoqchi bo‘lgan odamlar pulini quruvchiga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bankka topshiradi.
Banklar esa yig‘ilgan pulni quruvchiga resurs sifatida beradi. Ya’ni, banklar quruvchi va xaridor o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lib, uy-joyni o‘z vaqtida va sifatli qurib, egasiga topshirishga kafil bo‘ladi.
Qurilishlar sifati xodimlarning bilim va mahoratiga ham bog‘liq. Shu bois endi qurilishdagi ishchilar malakasini baholaydigan tizim tatbiq etiladi.
Bunda kasblarga malaka darajasi va ish o‘rinlariga aniq talablar belgilanadi. Uni egallashi uchun talabgorlar professional ta’lim muassasalarida o‘qitiladi. Mustaqil yoki shogird sifatida o‘rganib, malaka imtihonidan o‘tgan mutaxassislar o‘qimasdan sertifikat oladi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yetti yilda qurilish materiallari sohasiga 9 milliard dollar investitsiya kiritilib, 5 mingga yaqin yangi korxona ishga tushirilgan, 94 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarish 2 karra o‘sgan, yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan ziyod korxonalar 150 tadan oshgan.
Oxirgi besh yilda bunyodkorlik hajmi 2 baravar ko‘paygan. 650 million dollarlik yangi mahsulotlar o‘zlashtirilgani hisobiga qurilishdagi import ulushi 31 foizdan 25 foizga kamaygan. Qurilish materiallari eksport bozori kengayib, 58 taga yetdi. Xorijda 20 dan ortiq savdo omborlari, 50 dan ziyod do‘konlar ochildi. Bu yil eksport miqdorini 1 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallangan.
Yangiliklar lentasi
0