Qirg‘izistonda YeOII va MDH davlatlarining birinchi yoshlar forumi start oldi  - Sputnik O‘zbekiston, 1920
O‘zbekiston va YeOII
Shavkat Mirziyoyev hukumat, ekspertlar va parlament a’zolariga O‘zbekistonning YeOIIga kirish istiqbollarini har tomonlama o‘rganib chiqish, bu integratsiyaning barcha afzalliklari va xavf-xatarlarini baholab, yakuniy qaror qabul qilish uchun batafsil hisobot taqdim etilishi haqida topshiriq bergan edi.

Rossiya bilan hamkorlik, YeOII, saylov: O‘zbekiston elchisi bilan katta intervyu

© Sputnik / Aleksey DrujininChrezvichayniy i polnomochniy posol Respubliki Uzbekistan Botirjon Zakirovich Asadov v Rossii
Chrezvichayniy i polnomochniy posol Respubliki Uzbekistan Botirjon Zakirovich Asadov v Rossii - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.09.2024
Obuna bo‘lish
Elchi: Rossiya bilan tovar ayirboshlash esa yaqin yillarda 30 milliard dollargacha oshishi kerak.
TOShKENT, 11 sen — Sputnik. O‘zbekistonning Rossiya va boshqa YeOII davlatlari bilan iqtisodiy aloqalari jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda, O‘zbekiston kuzatuvchi sifatidagi faoliyati davomida atigi uch yil ichida tovar ayirboshlash 60 foizga oshdi, Rossiya bilan tovar ayirboshlash esa yaqin yillarda 30 milliard dollargacha oshishi kerak. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov RIA Novostiga ma’lum qildi. Agentlik muxbiri bilan intervyuda u respublikada iqtisodiyot va siyosiy soha qanday rivojlanayotgani, ular O‘zbekistonda turizmga qanchalik ahamiyat berayotgani haqida ham gapirib berdi.
– O‘zbekistonda 1-sentabr kuni Mustaqillik bayrami nishonlandi. 1991-yildan beri erishilgan natijalar haqida nima deyish mumkin?
– O‘tgan davr mobaynida biz uzoq yo‘lni bosib o‘tdik, ko‘plab qiyinchilik va sinovlarni munosib tarzda yengdik. Shu vaqt ichida O‘zbekiston o‘zining aniq maqsadlari, yo‘nalishi va pozitsiyasiga ega suveren davlat sifatida shakllandi, deya dadil aytish mumkin. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qat’iy qadam qo‘ymoqda. Mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligini ta’minlash jarayonida “Yangi O‘zbekiston”ning yangi qiyofasi yaratilmoqda. Shu bilan birga, mustaqillik yillarida, nazarimda, inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining javobgarligi va ochiqligini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish borasida samarali ishlar amalga oshirildi.
Milliy iqtisodiyotni o‘zgartirish yo‘lida tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini erkinlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish, shuningdek, hududlarni jadal rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha islohot soralari ko‘rildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan o‘zgarishlar natijasida keyingi yillarda mamlakatimizda rivojlangan zamonaviy jamiyat qurish uchun zarur bo‘lgan siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslar yaratildi. Bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar va loyihalar asosiy maqsad – mehnatkash xalqimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilganini alohida ta’kidlash lozim.
Xalqning salohiyati va qudratiga tayanib, yerning tabiiy boyliklaridan oqilona foydalanish bilan birga, o‘z oldimizga qo‘ygan maqsad sari dadil qadam tashlamoqdamiz. Hech kimga sir emaski, siyosiy erkinlikning asosi, eng avvalo, iqtisodiy mustaqillikdir. O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, erishilayotgan natijalar uni mustahkamlashda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, qashshoqlik darajasini ikki baravardan ko‘proq kamaytirishga erishilgani mamlakatimizda barqarorlik va farovonlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lganini alohida ta’kidlash quvonarlidir.
Biroq bugunni kechagi kun bilan emas, ertangi kun bilan qiyoslashimiz, ishimizni shundan kelib chiqib tashkil etishimiz kerak. Zero, kelajak hozir tashlayotgan qadamlarimizdan boshlanadi.
– Bu yil O‘zbekistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Ularning xususiyatlari va ahamiyati qanday?
– 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovi demokratik yo‘limizda muhim bosqichni belgilaydi. Bu yil O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta majoritar va proporsional vakillikni o‘zida mujassam etgan aralash saylov tizimidan foydalanadi. Bu tizim yanada muvozanatli va vakillik qonun chiqaruvchi organni yaratish, demokratik qonuniylikni mustahkamlash va siyosiy fikrlarning yanada keng doirasini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, bu, nazarimda, parlamentimizning demokratik qonuniyligini mustahkamlaydi. O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchisi sifatida men uchun ushbu saylov formati demokratik davlat qurilishi tamoyillariga sodiqligimizning ko‘zgusi ekanini alohida ta’kidlab o‘tishim kerak. “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori nafaqat fuqarolarimizning ushbu jarayonga qanday ruh bilan yondashayotganini, balki O‘zbekiston rahbariyatining demokratik davlat qurilishi va fuqarolarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qat’iy sodiqligini ham ifodalaydi.
Saylovni tashkil etish keng ko‘lamli bo‘ladi: saylov komissiyalarining 120 mingdan ortiq a’zolari va xalqaro kuzatuvchilar. Bu fakt saylovlarni imkon qadar shaffof va keng qamrovli o‘tkazishga intilishimizdan dalolat beradi. Ishonchim komilki, mazkur saylovlar O‘zbekistonda demokratik jarayonlarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi. Ular fuqarolarimizga o‘z xohish-istaklarini bildirish, o‘z manfaatlarini davlat darajasida himoya qiladigan o‘z vakillari – deputatlarni saylash imkoniyatini beradi.
– O‘zbekistonning boshqa davlatlar, xususan, Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorligi qanday rivojlanmoqda?
– Zamonaviy dunyo chuqur o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda va shunday sharoitda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan tamoyilga asoslangan islohotlarni izchil davom ettirayotgan Yangi O‘zbekiston keng xalqaro hamkorlikka ochiq. Savdo to‘siqlarini bartaraf etish, yangi ishlab chiqarish va logistika zanjirlarini yaratish, kooperatsiya va infratuzilma loyihalariga sarmoya jalb etish bo‘yicha faol ish olib borapmiz. Texnologiyalar transferi, innovatsiyalar, shuningdek, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, biotexnologiya va vaksina yaratish kabi ilg‘or yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qashshoqlikni kamaytirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, iqlim masalalari bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlikni faollashtirish, inson taraqqiyoti, shuningdek, kasb-hunar ta’limi va yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlik xalqaro hamkorligimizning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikka kelsak, u har doim yuqori dinamik va samarali bo‘lib kelgan. Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan uzoq yillik mustahkam munosabatlar mavjud. Bunday yuksak darajadagi hamkorlik, avvalambor, prezidentlarimiz o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlarga asoslanadi. Iqtisodiyot va sanoatdan tortib, madaniyat va ta’limgacha bo‘lgan turli sohalarda ko‘plab qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqdamiz.
Yangi ish o‘rinlari yaratish, infratuzilmani rivojlantirish va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli tashabbuslar amalga oshirilayotgan energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorligimiz, ayniqsa, ahamiyatlidir. Tomonlar o‘rtasida har yili yuqori darajadagi tashriflar o‘tkaziladi.
Masalan, joriy yilning may oyida ikki davlat prezidentlari raisligida Toshkentda O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi Hududlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, buning natijasida mamlakatlar rahbarlari o‘z oldiga yangi ulkan maqsadlarni qo‘ydilar – yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish va kelgusi 2025-yilda 10 milliard dollargacha investitsiyalarni o‘zlashtirish.
Shu bilan birga, ikki hamkor davlat o‘rtasida madaniy-gumanitar va ta’lim sohalari faol rivojlanmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda 211 ta oliy o‘quv yurti mavjud bo‘lib, ulardan 14 tasi Rossiyaning yetakchi universitetlarining filiallaridir.
– Avvalroq O‘zbekiston va Rossiya o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish rejasi bo‘yicha kelishib olgan edi. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aloqalari hozir qaysi bosqichda?
– O‘zbekiston bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar yanada yaxshi davrlarni boshidan kechirmoqda va jadal va izchil rivojlanish bosqichida. O‘tgan yetti yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobar oshgani, shubhasiz, birgalikdagi sa’y-harakatlarning yuqori samaradorligi va hamkorlikni mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdorlikdan dalolatdir. Mintaqaviy miqyosda umumiy qiymati to‘rt milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 200 dan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bu loyihalar sanoatning turli sohalarini qamrab olib, yangi ish o‘rinlari yaratish, infratuzilmani rivojlantirish va fuqarolarimiz farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida ko‘p milliard dollarlik yangi shartnomalar paketi tayyorlandi, bu o‘zaro manfaatli sheriklik uchun yangi ufqlarni ochib berishiga ishonaman.
Rossiya Federatsiyasining Moskva va Sankt-Peterburg, Tatariston, Moskva, Leningrad, Novosibirsk, Astraxan, Ivanovo, Chelyabinsk viloyatlari, shuningdek, Krasnoyarsk va Perm o‘lkasi, Boshqirdiston kabi subyektlari va boshqa ko‘plab mintaqalar bilan faol mintaqalararo hamkorlikni alohida ta’kidlamoqchiman.
Bunday geografik keng qamrovli hamkorlik har ikki davlatning salohiyatini maksimal darajada oshirishga yordam beradi va savdo aloqalarini yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
O‘zbekistonda energetika, kimyo va neft-kimyo sanoati, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, logistika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati va boshqa ko‘plab sohalardagi loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan Rossiyaning 3 mingdan ortiq kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ishonchimiz komilki, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning yanada mustahkamlanishi davlatlarimizning barqaror rivojlanishiga, jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirishga va xalqlarimiz turmush sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Bu boradagi tizimli ishlar davom etadi va biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlaydigan yangi tashabbus va loyihalarga ochiqmiz.
– May oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Uning ikki davlat munosabatlari uchun amaliy natijalari qanday?
– Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bu tashrifni tarixiy, deb atadi. Davlatimiz rahbari Vladimir Putin birinchilardan bo‘lib mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelganini ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan yuksak hurmat, deb hisobladi. Natijalar orasida bir qancha ijobiy va, nazarimda, o‘zaro manfaatli kelishuvlarni alohida ta’kidlash joiz. Birinchidan, savdo-iqtisodiy va sanoat sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ulkan maqsadlar belgilanib, yangi kelishuvlarga erishildi. Ikkinchidan, yetakchi korxonalarning qo‘shma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Uchinchidan, davlat rahbarlari energetika, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalar, migratsiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdilar. To‘rtinchidan, ta’lim va muhandis kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasining filiallarini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Beshinchidan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik qayta shakllantirilib, yangi bosqichga ko‘tarildi.
Buni ikki davlat prezidentlari raisligida Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi yig‘ilishi ham tasdiqlaydi, uning yakunida mustahkam hujjatlar to‘plamiga tuzildi. Xulosa o‘rnida shuni qayd etishni istardimki, ushbu tashrif bilan O‘zbekiston va Rossiya ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonga Rossiyadan kelayotgan sayyohlar oqimi ortib bormoqda. Yana o‘sishi kutilmoqdami? Necha foizga? Tomonlar parvozlar sonini yanada oshirishni rejalashtirmoqdami?
– So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi sayyohlar oqimi izchil o‘sib borayotgani xalqlarimiz bir-birining madaniyati, tarixi va an’analariga o‘zaro manfaatdorlikdan dalolat beradi. 2022-yilda O‘zbekistonga Rossiyadan 567,7 ming sayyoh tashrif buyurdi, bu 2021-yilga nisbatan 3 baravar ko‘p, ya’ni mamlakatimizga 190,5 ming nafar rossiyalik tashrif buyurgan. Bu raqamlar turizm sohasidagi ikki tomonlama aloqalarimiz mustahkamlanib borayotgani va O‘zbekiston rossiyalik sayohatchilar uchun jozibali yo‘nalish sifatida tobora ommalashib borayotganini yaqqol aks ettiradi.
O‘zbekistonlik sayyohlarning Rossiyaga qiziqishi ham izchil ortib bormoqda. 2023-yilda Rossiyaga 800 mingdan ortiq sayohat amalga oshirildi, bu avvalgi yilga nisbatan ikki baravar ko‘p. Mamlakatimiz rahbariyati joriy tendensiyalarni hisobga olgan holda 2024-yilda 9,96 million kishiga (butun dunyodan – tahr.) xorijiy sayyohlarni jalb etish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini tasdiqlovchi qaror qabul qildi. Xususan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyadan O‘zbekistonga 714 ming rossiyalik sayyoh kelgan 2023-yilga nisbatan Rossiyadan sayyohlar oqimini ikki baravar oshirishni topshirdi.
Ushbu o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun tomonlar transport infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha faol ishlamoqda. 2023-yilda O‘zbekiston va Rossiya hukumat idoralari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini ikki barobarga oshirishga kelishib oldilar. Xususan, Toshkentdan Moskvaga parvozlar soni haftasiga 39 tadan 50 taga, Toshkentdan Sankt-Peterburgga esa 7 tadan 14 taga ko‘paydi. Natijada 2023-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘rtacha parvozlar soni haftasiga 280 tadan ortiq reysni tashkil etdi. Ishonchim komilki, bu chora-tadbirlar sayyohlar oqimini yanada oshirish va ikki tomonlama munosabatlarimizni yanada mustahkamlash, ikki davlat uchun ham salmoqli iqtisodiy va madaniy foyda keltiradi.
– 2020-yilda O‘zbekiston YeOIIda kuzatuvchi davlatga aylandi. O‘zbekistonning YeOIIda qanday istiqbollarini ko‘rasiz?
– O‘zbekiston va YeOII o‘rtasidagi kuzatuvchi maqomidagi so‘nggi uch yil davomida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, birinchi navbatda, sanoat mahsulotlari yetkazib berish hajmining oshishi hisobiga 60 foizga oshdi. Shu bilan birga, milliy valyutalarda hisob-kitoblar ulushi ortib bormoqda.
Mingdan ortiq qo‘shma korxona va loyihalar ishga tushirilib, yuk tashish hajmi ortib bormoqda. Shuningdek, biz savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijorat va iqlim kun tartibidagi sohaviy loyiha va dasturlarga qo‘shildik. Mamlakatlarimiz biznes tuzilmalari o‘rtasida, jumladan, hududlar salohiyatini jalb etgan holda muloqot qilish uchun samarali platformalar yaratilgan. Misol tariqasida “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasini keltirish mumkin. U joriy yilning aprel oyida Toshkent shahrida uchinchi marotaba muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda mamlakatlarimizdan ikki mingdan ortiq yetakchi korxonalar ishtirok etib, yuzlab yangi hamkorlik loyihalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mamlakatimiz bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqida prezidentimiz, muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev may oyida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida aniq belgilab bergan edi. Birinchidan. O‘zbekiston amaliy sheriklikni kengaytirish va YeOIIni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari doirasida ko‘p tomonlama sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishda yanada faol ishtirok etishdan manfaatdor. Shu munosabat bilan hozirda O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shma faoliyatining yangi kompleks rejasini tayyorlash ishlari yakunlanmoqda. Ikkinchidan. YeOII mamlakatlari bilan savdodagi to‘siqlar va cheklovlarni o‘zaro bartaraf etish bo‘yicha ishlarni davom ettirish. Bu yo‘nalishdagi aniq amaliy qadamlar sifatida tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron almashinuvini tashkil etish, bojxona chegaralarimizdan o‘tish, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazorati axborot tizimlarini integratsiyalashuvi, texnik jihatdan tartibga solish chora-tadbirlarini birlashtirish va elektron sertifikatlashtirishdan foydalanish rejasini qabul qilish taklif etilmoqda.
Uchinchidan. Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo hamda Yaqin Sharq bozorlari tomon “Shimol-Janub” transport koridorini rivojlantirish bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirish. Ushbu reja Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston multimodal yo‘nalishini rivojlantirishni nazarda tutadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tranzit tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida joriy etilgan To‘rtinchi bojxona tranziti yagona tizimi bilan raqamli hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish taklif etilmoqda. Sanoat kooperatsiyasi loyihalari va xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini faol qo‘llab-quvvatlash.
Beshinchidan. Quyidagi muhim yo‘nalishlarda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi organlari bilan tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi: "Agroekspress"ni rivojlantirish, “yashil” va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, qo‘shma agrosanoat klasterlari va logistika markazlarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etishda umumiy yondashuvlar va yaqin hamkorlikni ishlab chiqish, mamlakatlarimizda mehnat migrantlarining faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar va ijtimoiy kafolatlar yaratish. raqamli platformalarga ulanish, turistik almashinuvni keskin oshirishga qaratilgan qo‘shma turizm dasturlari va mahsulotlarini ishlab chiqish.
Yangiliklar lentasi
0