“Propiska” bo‘yicha yangi tartib ishga tushiriladi — tafsilotlar

© Sputnik / Aktan TemirkanovPeshexodnaya ulitsa na territorii kompleksa Tashkent-Siti.
Peshexodnaya ulitsa na territorii kompleksa Tashkent-Siti. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 21.08.2024
Obuna bo‘lish
Deputatlar tomonidan qabul qilingan hujjat respublikada doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joy bo‘yicha ro‘yxatga olishning yagona tartibini joriy etishga qaratilgan.
TOShKENT, 21 avg — Sputnik. “Propiska” masalasida respublika bo‘yicha bir xil tartib joriy etiladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Quyi palataning navbatdagi majlisida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishi tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilishdi.
Qonun loyihasi o‘tgan yili prezident tomonidan imzolangan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Hujjat respublikada doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joy bo‘yicha ro‘yxatga olishning yagona tartibini joriy etishga qaratilgan.
“Bugungi kunda amalda bo‘lgan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonun sababli fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishda burokratik to‘siqlar yuzaga kelmoqda. Ushbu qonun loyihasi bilan yuqorida qayd etilgan qonun bekor qilinadi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha fuqarolarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishining yagona tartibini joriy etish, shuningdek, vaqtincha turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tartibini takomillashtirgan holda turar joy bo‘yicha xabardor qilish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.
“Endilikda Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun alohida, boshqa viloyatlar uchun esa alohida ro‘yxatga olish tartibi bo‘lmaydi, bunday amaliyotdan voz kechiladi, respublika bo‘yicha bir xil tartib amal qiladi”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, aholining ayrim ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasida belgilangan pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni liberallashtirish taklif etilmoqda.
“O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan, oltmish yoshdan oshgan yoki to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan, shuningdek jazoni ijro etish muassasasidan jazoni o‘tab chiqqan, shuningdek, favqulodda vaziyatlar, turar yoki noturar joylarning yonishi, qulashi, transport vositalarining yonishi kabi hodisalar ro‘y berganligi natijasida jabrlangan shaxslar endilikda pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikdan to‘liq ozod etiladi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Ma’lumot uchun, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 32-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi mustahkamlab qo‘yildi.
Fuqarolarni doimiy yashash joyi yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish ichki ishlar organlari bilan bir qatorda davlat xizmatlari markazlari orqali yoki onlayn tarzda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi. Xorijga chiqish stikeri bekor qilinib, uning o‘rniga biometrik pasport va mamlakat ichida esa ID karta joriy qilindi.
Yangiliklar lentasi
0