O‘zbekistonda 2024-yilda o‘quvchini maktabga yuborish xarajatlari qanchaga tushadi – infografika

Obuna bo‘lish
Yangi o‘quv yili boshlanishiga ikki haftadan kamroq vaqt qoldi, ota-onalar esa o‘quv qurollari hamda kiyim-kechak xarid qilish bilan band.
Sputnik O‘zbekiston muxbirlari 2024-yilda Toshkent va Samarqandda o‘quvchini maktabga yuborish xarajatlari qanchaga tushishini aniqladi.
Ta’kidlab o‘tamiz, barcha ma’lumotlar Toshkent shahridagi bozorlar, maktab yarmarkalari va internet-do‘konlarida to‘plangan va ko‘rsatilgan narxlar yakuniy emas. Savdo markazlarida shunga o‘xshash tovarlarning narxi sezilarli darajada farq qilishi mumkin.
O‘quv qurollari narxi 600 so‘mdan (daftar muqovasi) 230 ming so‘mgacha (portfel) bo‘lishi mumkin. 20 dona o‘n ikki varaqli daftar – 29 ming so‘m, beshta ruchka – 7,5 ming so‘m, qalamdon 32 ming so‘m, flomaster to‘plami – 40 ming so‘mga tushadi.
Maktab formasiga kelsak, o‘g‘il bolalar uchun ko‘ylak narxi – 210 ming so‘m, shim – 200 ming so‘m, poyabzal – 450 ming so‘mgacha yetishi mumkin. Qizlar uchun bluzka – 100-200 ming so‘m, yubka – 162-250 ming so‘m, kostum – 182-400 ming so‘m, poyabzal – 140-360 ming so‘mgacha bo‘ladi.
Narxlar sotib olingan joy, mahsulot sifati, ishlab chiqarilgan mamlakat va brendga bog‘liq.
Sotuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, ota-onalar maktab boshlanishiga 1-2 hafta qolganida o‘quv qurollarini faol xarid qilishga tushishadi. O‘quvchilarga kanselyariya buyumlarini va kiyim-kechaklarni butun mamlakat bo‘ylab ochilgan maxsus maktab yarmarkalarida, bozorlarda va internet-do‘konlarda xarid qilish mumkin.
Mablag‘ni biroz tejashni xohlovchilar Toshkentdan 11 km uzoqlikda joylashgan “Quyoshli” (“Solnechniy”) ulgurji bozoriga borishlari mumkin. U yerda mahsulotlarning keng assortimenti mavjud bo‘lib, ulgurji narxlarda xarid qilish mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, 2018-yildan boshlab O‘zbekistonda onlayn rejimda baholar va dars jadvallarini kuzatish imkonini beruvchi elektron kundaliklar joriy etilgan, shu sababli oddiy kundalik xarid qilishga hojat yo‘q.

Samarqandda 2024-yilda bolani maktabga yuborish xarajatlari qanchaga tushadi?

Shaharda o‘quv qurollarining keng assortimenti mavjud. Masalan, portfel – 180 ming so‘mdan 350 ming so‘mgacha turadi. 12 varaqli daftarning narxi mahsulot sifatiga qarab 700 so‘mdan 2 ming 200 so‘mgacha. 48 va 96 varaqli daftarlar narxi 2,5 ming so‘mdan 6,5 ming so‘mgacha bo‘ladi.
Oddiy sharikli ruchka ming so‘m bo‘lsa, xuddi shu vazifani bajaruvchi to‘pponcha yoki samolyot shaklidagi dekorativ ruchka 10 ming so‘m va undan yuqoriroq turadi. Rangli qalamlar to‘plami – 18 ming so‘mdan 55 ming so‘mgacha, 72 rangdagi qalamlar esa 300 ming so‘mga yaqin narxda. 16 varaqdan iborat rasm daftarini 7–20 ming so‘mga xarid qilish mumkin. Chizg‘ich narxi – 2 ming so‘mdan 3,5 ming so‘mgacha, to‘plami esa 12 ming so‘mdan boshlanadi.
Samarqand shahridagi maktab yarmarkalaridan birining tashkilotchisi Aminjon Aminovning aytishicha, bitta bolaga o‘quv qurollarini xarid qilish, portfelni hisobga olmaganda, 150 ming so‘mga tushadi.
“Bu summaga o‘quvchining o‘qishi uchun zarur bo‘lgan kanselyariya buyumlari kiradi. Biroq, ko‘p xaridorlar unchalik ham zarur bo‘lmagan buyumlarni, masalan, flomaster yoki sketch-markerlarini sotib olishadi. Shunga ko‘ra, xaridning yakuniy qiymati bir necha baravar oshishi mumkin”, - deya ta’kidlaydi Aminov.
Elektron kundaliklar joriy etilganiga qaramay, yarmarkalarda oddiy kundaliklarga talab hamon saqlanib qolmoqda. Ularning narxi 5 ming so‘mdan 60 ming so‘mgacha. Ochqich, o‘chirgich va yelimni 10–15 ming so‘mga xarid qilish mumkin. Qalamdon 15 ming so‘mdan 50 ming so‘mgacha turadi. Oddiy qora qalam qo‘rg‘oshinning yumshoqligi yoki qattiqligiga qarab 800 so‘mdan 1,5 ming so‘mgacha turadi. Chizish uchun suv idishchalarini 5 ming so‘mga sotib olish mumkin.
Maktab o‘quvchilari uchun kiyim-kechak sotiladigan yarmarkalarga kelsak, ular maktab hududida ham, savdo markazlarida ham tashkil etiladi. Masalan, qizlar uchun bluzkani 30 ming so‘mga olish mumkin, lekin 150 ming so‘mga ham bor. Maktab yubkasi 80-200 ming so‘mga tushadi, uch qismli kostum esa 250 ming so‘mdan boshlanadi. O‘g‘il bolalar uchun poyabzalni 200 ming so‘mga, qizlar uchun esa 100 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha xarid qilish mumkin.
Maktab yarmarkalarida qatnashayotgan samarqandliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov davomida ularning aksariyati maktabga tayyorgarlik uchun 1,5-2 million so‘m sarflashga tayyor ekani ma’lum bo‘ldi.
Shunday qilib, bolani maktabga 700 ming so‘mga ham, 2 million va undan ortiqqa ham tayyorlash mumkin.
Yangiliklar lentasi
0