Ekologik loyihalarning xaritalarini tasdiqlashning elektron mexanizmi joriy etildi

© O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiEkologik loyihalarning situatsion xaritalarini tasdiqlashning elektron mexanizmi joriy etildi
Ekologik loyihalarning situatsion xaritalarini tasdiqlashning elektron mexanizmi joriy etildi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 16.08.2024
Obuna bo‘lish
Ekologiya vazirining tegishli buyrug‘i bilan rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan faoliyatning atrof-muhitga ta’sirini baholash uchun taqdim etiladigan loyihalarning situatsion xaritalarini tasdiqlash mexanizmi joriy etildi.
TOShKENT, 16 avg — Sputnik. Ekologik loyihalarning situatsion xaritalarini tasdiqlashning elektron mexanizmi joriy etildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentning “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq atrof-muhitga ta’sirni baholash sohasini raqamlashtirish va shaffof tizim yaratilishi belgilangan.
Unga ko‘ra, Ekologiya vazirining tegishli buyrug‘i bilan rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan faoliyatning atrof-muhitga ta’sirini baholash uchun taqdim etiladigan loyihalarning situatsion xaritalarini tasdiqlash mexanizmi joriy etildi.
Ekologik ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim qilingan situatsion xaritalarning ishonchli va aniq asoslangan ma’lumotlar asosida kiritilishini ta’minlash, shuningdek, ularni Ekologiya vazirligi hududiy boshqarmalarining mas’ul xodimlari tomonidan tasdiqlash jarayonlarini tartibga solish maqsadida amalga oshirililishi ko‘zda tutilgan.
Buyurtmachi tomonidan loyiha hujjatlari Davlat ekologik ekspertizasi markazining eco-service.uz dasturi orqali elektron kiritilgandan so‘ng ariza shakllantiriladi hamda dastur orqali avtomatik tarzda tuman (shahar) inspeksiya bo‘lim boshlig‘i va mas’ul inspektorlarning profiliga yuboriladi.
Tuman (shahar) ekologik inspeksiya bo‘limi boshlig‘i va inspektorlari eco-service.uz dasturiga elektron raqamli imzosi orqali kirishadi va situatsion xaritalarni ko‘rib chiqadi. Inspektorlar situatsion xaritadagi belgilangan obyekt joylashgan hududga chiqib, obyektning geografik koordinatalari, rekreatsiya zonalari, aholi yashash joylari, suv va gaz quvurlari kabi ma’lumotlar situatsion xaritaga mos kelishini tekshiradi.
Agar barcha ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lsa, situatsion xaritani tasdiqlaydi va tizim ushbu arizani Davlat ekologik ekspertizasi markaziga yuboradi. Agar tekshiruv vaqtida kamchiliklar aniqlansa, situatsion xarita inspektorlar tomonidan rad etiladi.
Inspektorlar tomonidan situation xaritalar quyidagi muddatlarda ko‘rib chiqiladi hamda tasdiqlanadi:
atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I-toifasiga mansub obyektlarning situatsion xaritalari 10 ish kunida;
atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning II-toifasiga mansub obyektlarning situatsion xaritalari 7 ish kunida;
atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning III-toifasiga mansub obyektlarning vaziyat xaritalari 5 ish kunida;
atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning IV-toifasiga mansub obyektlarning vaziyat xaritalari 3 ish kunida.
Ekologik nazorat inspeksiyasi tuman (shahar) inspeksiya bo‘lim boshlig‘i va mas’ul inspektorlari tomonidan “situatsion xaritalar” tasdiqlanganidan so‘ng buyurtmachining arizasi Davlat ekologik ekspertizasi markazi ma’sul xodimiga kelib tushadi hamda keyingi ekologik ekspertiza ishlari olib boriladi.
Ma’lumot uchun, ilgari bu jarayon tadbirkorlik subyektlari uchun ancha murakkab bo‘lgan va ko‘p vaqt talab qilgan, chunki loyihalarning barcha hujjatlari qog‘ozda tayyorlanib, tegishli idoralarga qo‘lda topshirilishi kerak edi. Bu holat qator muammolarni keltirib chiqargan, jumladan, ovoragarchilik, tezkorlikning yo‘qligi, hujjatlarni kuzatishdagi qiyinchiliklar, resurslarning ko‘p sarflanishi. Hujjatlar endi elektron shaklda taqdim etiladi, bu esa jarayonni sezilarli darajada soddalashtirib, vaqtni tejaydi va ovoragarchiliklarni kamaytiradi.
Yangiliklar lentasi
0