Endi omonatchilarning banklardagi pullari to‘liq kafolatlanadi — qonun loyihasi

© Sputnik / Zafar XalilovUzbekskie sumi
Uzbekskie sumi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 14.08.2024
Obuna bo‘lish
Qonun loyihasiga ko‘ra, kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi 200 mln so‘m miqdorida belgilanmoqda.
TOShKENT, 14 avg — Sputnik. Deputatlar omonatchilarning banklardagi mablag‘larini to‘liq kafolatlaydigan qonun loyihasini qabul qilishdi, deya xabar berdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Quyi palata majlisida deputatlar “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilishdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatda omonatlarni kafolatlash tizimi bilan barcha tijorat banklari qamrab olinmagan.
“Jismoniy shaxslar bo‘lgan ko‘plab mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi Xalq banki omonatlarni kafolatlash tizimida ishtirok etmagan holda, unga joylashtirilgan omonatlar davlat tomonidan kafolatlanadi. Bu esa moliya xizmatlari bozorida raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, banklardagi omonatlar Fuqarolarning omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to‘liq hajmda kafolatlangani omonatchilar tomonidan bankning moliyaviy holati va faoliyat tavakkalchiligi bilan qiziqmasdan o‘z mablag‘larini yuqori foizli omonatlarga joylashtirilishiga sabab bo‘lmoqda”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, Jahon banki ekspertlari respublikadagi banklarning “Omonatlarni kafolatlashning samarali tizimi asosiy tamoyillari”ga muvofiqligini o‘rgangan. Unga ko‘ra, 16 ta asosiy tamoyildan 8 tasi bo‘yicha qo‘yilgan maqsadlarga erishish mumkin emasligi yoki bunday maqsadlarga zid qoidalar mavjudligi aniqlangan.
Qonun loyihasida omonatlarni kafolatlash tizimini isloh qilish, shu jumladan bank tizimining uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash, uni ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish ko‘zda tutilmoqda.
“Qonun loyihasiga ko‘ra, kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi 200 mln so‘m miqdorida belgilanmoqda. Mazkur yuqori chegarani belgilashda omonatlarning amaldagi holati to‘liq tahlil qilingan bo‘lib, ushbu miqdor bugungi kunda mamlakatimizda 99,7 foiz omonatchilarning banklardagi mablag‘lari to‘liq kafolatlanishini ta’minlaydi”, — deydi deputat Jahongir Abdurasulov.
Kafolatlangan omonat miqdorining cheklangani bilan banklar fuqaroviy javobgarlikdan ozod etilmaydi va ular omonatchilari oldida o‘zining mol-mulki bilan javobgar bo‘lishadi. Bunda omonatchilar pul mablag‘larining kafolatlangan hajmdan oshgan qismini ham bankdan talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
“Kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi muayan shaxsning faqat bitta bankdagi omonatiga tatbiq etiladi, ya’ni ushbu shaxs bir vaqtning o‘zida bir nechta banklarda o‘z omonatlariga ega bo‘la turib, mazkur banklarning barchasi tugatilgan taqdirda ham qonun loyihasi bilan yaratilayotgan tizim barcha omonatlarni bir xilda kafolatlaydi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani 13,5% ga tushirdi. Qayd etilishicha, bank tizimi umumiy likvidligi, jamg‘armalar va kreditlar hajmi dinamikasi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda. Bu, o‘z navbatida, so‘mda jamg‘arish jozibadorligini oshirib, aholi omonatlarida yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlab boradi.
Yangiliklar lentasi
0