Ko‘chada sotilayotgan ayrim muzqaymoqlarda stafilokokk bakteriyasi aniqlandi — Sanepidqo‘mita
10:20 30.07.2024 (yangilandi: 10:32 30.07.2024)
© Sputnik / Maksim BlinovMorojenoe v stakanchike
© Sputnik / Maksim Blinov
Obuna bo‘lish
Sanepidqo‘mita zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida nazorat reyd tadbirlarini olib bormoqda.
TOShKENT, 30-iyul — Sputnik. Ko‘chada antisanitar holatda sotilayotgan muzqaymoqda stafilokokk bakteriyasi bo‘lishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi (Sanepidqo‘mita) axborot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, ayni kunlarda do‘konlarda muzqaymoqqa talab ortgan.
“Agar issiqlik ta’sirida muzqaymoq erisa, qaytadan muzlatib, iste’mol qilish mumkin emas. Chunki jarayon davomida muzqaymoqning tarkibi o‘zgarib, bakteriyalarni o‘ziga jalb qilish xususiyati ortadi. Afsuski, bugun ko‘chada ruxsat etilmagan idishlarda muzqaymoq sotish holatlari kuzatilmoqda. Tabiiyki, muzqaymoq solingan idishlar muzlatgich imkoniyatiga ega emas. Shu sababli ichidagi mahsulotni yetarli darajada salqin va sifatli saqlab berolmasligi ham bor gap”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, ko‘cha-ko‘yda sotilayotgan muzqaymoq solingan aksariyat idishlar bugungi kunda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi.
“Zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida nazorat reyd tadbirlarini olib borilmoqda. Mahsulotlardan nazorat tahlili olganimizda ko‘chada sotilayotgan muzqaymoq tarkibida stalifilokokk bakteriyasi aniqlandi. Qayd etish joizki, ko‘p hollarda stafilokokk ikkilamchi infeksiyalarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Patogen stafilokokk tushgan sut va sut mahsulotlari: tort, muzqaymoq va boshqa oziq-ovqatlarni iste’mol qilganda kishi zaharlanishi mumkin”, — deya qayd etilgan xabarda.
Mahsulotni sotayotgan sotuvchilar maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanmagan va ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tgani to‘g‘risida maxsus yuritiladigan daftari ham mavjud emas. Talabga ko‘ra, maishiy xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar, savdo shoxobchalari va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadigan xodimlar har olti oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishlari zarur.
Agar ishchi-xodimlar yuqori nafas kasalliklari — tonzillit, gaymorit, stomatit bilan kasallangan bo‘lsa, bu ishchilarni vaqtinchalik ishdan ozod qilib, davolangandan keyin qabul qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bundan tashqari, qo‘lida teri-kasalliklari va panaritsiya bo‘lsa, bunday xodimlarni ham ishdan belgilangan tartibda chetlashtirish zarur. Shu bois har bir oziq-ovqat mahsulotini tayyorlaganda xodimlar sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishlari talab etiladi.