Yil yakuniga qadar tadbirkorlarga 1,4 trln so‘m ajratiladi
09:46 26.07.2024 (yangilandi: 10:37 26.07.2024)
© Depositphotos / ZwolafasolaMujchina v kostume s papkami v ruke
© Depositphotos / Zwolafasola
Obuna bo‘lish
Loyihalar ishga tushishi hisobiga 8 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Yil yakuniga qadar tadbirkorlar uchun 1,4 trln so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi. Bu haqda Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Yil yakuniga qadar tadbirkorlarning 2,1 mingta loyihalarini amalga oshirish uchun 1,4 trln so‘m miqdorida qo‘llab-quvvatlanishi prognoz qilinmoqda. Bunda, 556 mlrd so‘m kafillik, 300 mlrd so‘m xizmatlar ipotekasi, 300 mlrd so‘m kredit resursi, 115 mlrd so‘m kompensatsiya yordamlari taqdim etiladi hamda loyihalarda 84 mlrd so‘m miqdorida ulushdor bo‘lib ishtirok etiladi”, - deyiladi xabarda.
Yordamlarning taqdim etilishi natijasida:
jami 2,2 trln so‘m miqdoridagi kreditlar kafillik va kompensatsiyalash asosida qo‘llab-quvvatlanadi;
aylanma mablag‘lari uchun 275 mlrd so‘m mablag‘ tadbirkorlarning o‘z ixtiyorida qoldiriladi;
kreditlarning 40 foizi garov ta’minoti bilan ta’minlanadi;
yashil loyiha, xususan, yashil va energiya tejamkor loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 168 mlrd so‘m yo‘naltiriladi;
1,2 mingdan ortiq tadbirkorlarni faoliyatidagi turli masalalar bo‘yicha maslahatlar beriladi;
loyihalar ishga tushishi hisobiga 8 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, o‘tgan 6-yil davrda tadbirkorlarning 47 mingdan ortiq loyihalariga 17,1 trln so‘m miqdorida kompaniyaning yordamlari taqdim etildi. Ushbu yordamlardan Xorazm (12 foiz), Toshkent (10 foiz), Buxoro (9 foiz) viloyatlari hamda Toshkent shahrida (9 foiz) ro‘yxatga olingan tadbirkorlar qolgan hududlardagi tadbirkorlarga nisbatan ko‘proq foydalangan.
Kompaniya tomonidan taqdim etilgan yordamlar qishloq xo‘jaligi loyihalariga 9,1 trln so‘m (53 foiz), sanoat loyihalariga 4,4 trln so‘m (26 foiz) hamda xizmat ko‘rsatish loyihalariga 3,6 trln so‘m (21 foiz) to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot uchun, tashkilot 2017-yilda Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi sifatida Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan. O‘zbekiston prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-son farmoniga asosan jamg‘arma negizida Iqtisodiyot va moliya vazirligi ta’sischiligidagi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tashkil qilindi. Kompaniya davlat siyosati darajasida tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.