O‘zbekiston zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish hajmini oshiradi — yangi farmon
© Sputnik / Sergey Patakov
/ Obuna bo‘lish
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yanada rivojlantiriladi.
TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. O‘zbekiston 2025-yil yakunigacha qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning yillik ishlab chiqarish hajmlarini 1 milliard dollarga va eksport ko‘rsatkichi 100 million dollarga yetkazadi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan tegishli farmonda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2024–2026 yillarda Buxoro va Namangan viloyatlarida bittadan hamda Toshkent shahrida ikkita zargarlik markazlari tashkil etiladi. U yerda tadbirkorlar uchun zarur infratuzilma yaratiladi.
“2025 yil yakunigacha qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning yillik ishlab chiqarish hajmlari 1 milliard AQSh dollariga va eksport ko‘rsatkichi 100 million AQSh dollariga yetkaziladi”, — deyiladi hujjat matnida.
2025 yil 1-yanvargacha zargarlik markazlarini tashkil etish uchun davlat ko‘chmas mulk obyektlarini yaxlit mulk sifatida yoki lotlar (qismlar va xonalar)ga bo‘lgan holda tadbirkorlik subyektlari va tijorat banklariga uzoq muddatli ijaraga yoki mulk huquqi asosida, qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlarida realizatsiya qilish choralari ko‘riladi.
Zargarlik markazlaridagi ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan sotishda:
90 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga – foiz hisoblanmaydi;
91-kundan boshlab 180-kungacha amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga – yillik 3 foiz miqdorida foiz hisoblanadi.
Zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi
Farmonga muvofiq, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar “Olmaliq KMK” AJ va “Navoiy KMK” AJ tomonidan uzluksiz ravishda zarur miqdordagi qimmatbaho metallar bilan ta’minlanadi.
2024 yil 1-sentabrdan:
“O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo bo‘lgan affinaj korxonalariga “Olmaliq KMK” AJ va “Navoiy KMK” AJdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida 100 foiz oldindan to‘lov shartlarida qimmatbaho metallarni sotib olish va keyinchalik ularni qulay bo‘lgan shakl va miqdorlarga keltirgan holda zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga sotish huquqi beriladi;
zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga o‘zlari yasagan yarim tayyor zargarlik buyumlarini boshqa zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.
2024 yil 1-oktabrdan 2027-yil 1-oktabrgacha zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlarini import qilishda maxsus turdagi tovarlar importi uchun litsenziya olish talabi bekor qilinadi.
O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan va zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi.
Zargarlikda foydalaniladigan asbob-uskunalarni import qilishda bojxona bojidan ozod etiladi
“Farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-avgustdan xorijiy ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish etish uchun olib chiqiladigan tayyor zargarlik buyumlarini “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimiga joylashtirishda yig‘im BHMning 1 baravari (340 ming so‘m) miqdorida undiriladi”, — deyiladi hujjat matnida.
2024 yil 1-oktabrdan 2027-yil 1-oktabrgacha:
belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sohasida foydalaniladigan asbob-uskunalar, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi;
“Uzbek Jewellery Fair” xalqaro ko‘rgazma savdosi doirasida O‘zbekistonning norezidentlari tomonidan respublika hududiga vaqtincha olib kiriladigan hamda keyinchalik qaytarib olib chiqiladigan zargarlik buyumlariga nisbatan bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishda bojxona yig‘imlari undirilmaydi.
Tayyor zargarlik buyumlariga import bojxona boji kamaytiriladi
Shu yil 1-noyabrdan chet elda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini, basharti ular bo‘yicha bojxona to‘lovlari amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmasa, sotuvga qo‘yish va chakana savdoda realizatsiya qilish man etiladi.
Bunda ushbu tartib buxgalteriya hisobi qonunchiligiga muvofiq 2024-yil 1-sentabrgacha rasmiylashtirilgan (kirim qilingan) zargarlik buyumlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
“Qimmatbaho metallarning hamda qimmatbaho metallar bilan qoplangan metallarning chiqindilari va parchalari litsenziya asosida eksport qilinadigan maxsus turdagi tovarlar ro‘yxatiga kiritiladi. Asillik inspeksiyasining xulosasi bo‘lmagan yarim tayyor zargarlik buyumlarini O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish man etiladi”, — deyilgan hujjatda.
Shuningdek, jismoniy shaxslarga og‘irligi 200 grammgacha bo‘lgan kumushdan hamda 65 grammgacha bo‘lgan oltin va boshqa qimmatbaho metallardan yasalgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, ushbu miqdorlardan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi.
2027 yil 1-yanvargacha O‘zbekistonga olib kiriladigan tayyor zargarlik buyumlariga nisbatan import bojxona bojlari 20 foizdan 10 foizgacha kamaytiriladi.
2025 yil 1-yanvargacha Toshkent shahri, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida zargarlik buyumlarining asilligini tezkor tekshirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatuvchi shoxobchalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.