Markaziy bank asosiy stavkani 13,5% ga tushirdi

© Sputnik / Natalya SeliverstovaZnak protsenta v vitrine.
Znak protsenta v vitrine. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.07.2024
Obuna bo‘lish
Markaziy bank asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirdi.
TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 13,5 foizga tushirdi, deya xabar berdi bank matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bunda inflyatsiyaning kutilayotgan dinamikasi va inflyatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayganligini inobatga olingan.
“Joriy yildagi bazaviy inflyatsiya tendensiyasi va inflyatsion omillar ta’sirining kutilganidan pastroq bo‘lishi hisobiga inflyatsiya prognozi pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqildi. Yil yakunida umumiy inflyatsiyaning 9 foiz atrofida shakllanishi va 2025-yil oxirida 5 foizlik target darajasiga yaqinlashishi kutilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, iyun oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,6 foiz darajasida shakllanib, inflyatsiyaning barqaror komponentlari va meva-sabzavotlar narxlarida sezilarli pasayish kuzatildi. Tashqi bozorlardagi narxlar dinamikasi ham import inflyatsiyasiga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.
Shuningdek, oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining pasayishi hamda almashuv kursi barqarorligi aholining inflyatsion kutilmalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iyun oyida sezilarli pasayishiga olib keldi. Bu esa, kutilmalar tomonidan inflyatsiyaga bosimlarni pasayib borishiga sharoit yaratadi.
Bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasi davom etib, iyunda 5,9 foizga teng bo‘ldi va yil boshidan 2,6 foiz bandga pasaydi. Ta’kidlanishicha, bu energiya tariflari o‘zgarishining ikkilamchi ta’siri kutilganidan past bo‘lganligi bilan izohlanib, inflyatsiyaning kelgusida ham pasayuvchi trendining davom etishiga ishora bermoqda.
2024 yilning II choragida iqtisodiy o‘sish tezlashishda davom etib, I yarim yillikda iqtisodiyot real hisobda 6,4 foizga o‘sdi. Sanoat, qurilish va xizmatlar sohalaridagi yuqori faollik iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Yuqori investitsion faollik, xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va xususiy kapital qo‘yilmalari yalpi investitsion talabni oshishida muhim omillardan bo‘lmoqda.
Tadbirkorlarning iqtisodiy faolligi va ishbilarmonlik kayfiyati bo‘yicha indekslarda so‘nggi ikki oyda nisbatan pasayish kuzatilgan bo‘lsada, ijobiy natijalar saqlanib qolmoqda.
Yilning II yarmida ham yuqori investitsion va ishlab chiqarish faolligining saqlanib qolishi fonida yil yakuni bo‘yicha real YaIM o‘sishi prognozi 5,7-6,2 foizgacha oshirildi.
Aholi va tadbirkorlik subyektlari xarajatlaridagi tarkibiy o‘zgarishlar ta’sirida yalpi iste’mol talabining ma’lum ma’noda maqbullashishi prognoz qilinmoqda.
Iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining saqlanib qolayotganligi yalpi talab va taklif o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi. Natijada, bugungi kunda shakllangan 0,5-0,6 foizlik YaIM ijobiy tafovutining yil yakuniga qadar yopilishi va inflyatsiyaga oshiruvchi ta’siri pasayishi kutilmoqda.
Asosiy savdo hamkorlardagi yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari hamda jahon narxlarining qulay konyunkturasi sharoitida eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmlarining dastlabki prognozlarga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi taxmin qilinmoqda.
Joriy yilning II choragida iqtisodiyotga turli kanallar orqali valyuta oqimining sezilarli oshishi kuzatilib, so‘m almashuv kursining barqarorlashishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Bank tizimi umumiy likvidligi, jamg‘armalar va kreditlar hajmi dinamikasi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda. Bu, o‘z navbatida, so‘mda jamg‘arish jozibadorligini oshirib, aholi omonatlarida yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlab boradi.
“Shu bilan birga, yil yakuniga qadar inflyatsion kutilmalarning joriy dinamikasi davom etishi bo‘yicha ayrim noaniqliklar hamda xizmatlar bazaviy inflyatsiyasi yuqoriligi bilan bog‘liq inflyatsiyani oshiruvchi xatarlar ham saqlanib qolmoqda”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etadi.
“Bunda, asosiy stavka bo‘yicha kelgusi qarorlar inflyatsiya dinamikasi va prognozi, inflyatsion kutilmalar hamda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha kelgusi davr ma’lumotlari asosida qabul qilinadi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024-yil 12-sentabrga belgilangan.
Yangiliklar lentasi
0