O‘zbekiston va Ozarbayjon savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazmoqchi
© Ministerstvo investitsiy, promishlennosti i torgovli respubliki UzbekistanO‘zbekiston va Ozarbayjon ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirmoqda
© Ministerstvo investitsiy, promishlennosti i torgovli respubliki Uzbekistan
Obuna bo‘lish
Buxoroda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi 13-majlisi bo‘lib o‘tdi.
TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo hajmi 1 milliard dollarga yetkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Buxoroda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov raisligida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi o‘n uchinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda ustuvor tarmoqlarda ikki tomonlama ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, o‘zaro tovar ayirboshlashning rivojlanish sur’ati ko‘rib chiqildi.
© Ministerstvo investitsiy, promishlennosti i torgovli respubliki UzbekistanO‘zbekiston va Ozarbayjon ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Ozarbayjon ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirmoqda
© Ministerstvo investitsiy, promishlennosti i torgovli respubliki Uzbekistan
“2023 yilda tovar ayirboshlash hajmi 26,5 foizga o‘sib, 231,6 million dollarni tashkil etdi, joriy yil boshidan bu ko‘rsatkich yana 2,6 foizga oshdi”, — deyiladi xabarda.
Shu nuqtayi nazardan, ikki tomonlama savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi. Ular ichidan yuqori talabga ega bo‘lgan tovarlar tahlili asosida import o‘rnini bosish, muntazam ravishda savdo va biznes missiyalarini tashkil qilish, yirik shaharlarda ikki mamlakat milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish masalalari joy olgan.
Sanoat kooperatsiyasi ko‘lami tobora kengayib borayotgani qayd etildi.
“Bugungi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 236 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 62 tasi qo‘shma korxona va 174 tasi 100 foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalardir. Ozarbayjonda 70 ta o‘zbek kompaniyasi faoliyat yuritadi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Aytilishicha, bu yo‘nalishda O‘zbekiston-Ozarbayjon qo‘shma investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kuchaytirish muhim.
Istiqbolli tashabbuslar qatorida ipak mahsulotlari ishlab chiqarish, to‘qimachilik klasterini yaratish, xalqaro maktab qurish, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish kabi loyihalar belgilab olindi. Shu bilan birga mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, energetika, neft-kimyo, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Ikki tomonlama va tranzit yuk tashish hajmini oshirish maqsadida transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, logistika infratuzilmasini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari alohida muhokama qilindi.
© Ministerstvo investitsiy, promishlennosti i torgovli respubliki UzbekistanO‘zbekiston va Ozarbayjon ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Ozarbayjon ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirmoqda
© Ministerstvo investitsiy, promishlennosti i torgovli respubliki Uzbekistan
“Bugungi kunda Guliston va Fuzuli, Namangan va Ming‘achevir, Termiz va Bilasuvar shaharlari o‘rtasida qardosh shahar aloqalari o‘rnatilgan. Bu boradagi ishlar davom etmoqda. Tomonlar o‘zaro tashriflar jadvalini qabul qilish, yangi loyihalarni ishlab chiqish va hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha doimiy ishlaydigan ishchi guruh faoliyatini tashkil etishga kelishib oldilar”, — deyiladi xabarda.
Yig‘ilish doirasida ikki delegatsiya rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi, unda tomonlar qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni atroflicha muhokama qildilar va hamkorlik rishtalarini yanada kengaytirishga kelishib oldilar.
Komissiya yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar, mas’ul rahbarlar va topshiriqlarni amalga oshirish muddatlari o‘z aksini topgan yakuniy bayonnoma qabul qilindi.