YeOIIda qishloq xo‘jaligi sanoatining raqamli infratuzilmasi qanday rivojlanadi?
© Fotoxost-agentstvo RIA Novosti
/ Obuna bo‘lish
YeIK: Ittifoqqa a’zo davlatlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘zini-o‘zi ta’minlash darajasi 93 foizga teng.
TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida (YeOII) qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish, shuningdek, tegishli logistika sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tajriba almashish maqsadida “Raqamli infratuzilmani rivojlantirish Ittifoqning oziq-ovqat xavfsizligi omili sifatida” mavzuyida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqotda YeIK departamentlari, vakolatli davlat organlari, biznes hamjamiyatlari, milliy kompaniyalar va korxonalar, tarmoq birlashmalari va assotsiatsiyalari, YeOII davlatlarining qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy, jamoat va biznes tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Ombor infratuzilmasi holati, ulgurji tarqatish markazlarining Yevroosiyo tarmog‘ini yaratish, raqamli yechimlar mavjudligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligi hamda qayta ishlash korxonalari, jumladan, kichik biznesni raqamli qo‘llab-quvvatlash choralari muhokamaning asosiy mavzulari bo‘ldi.
“Ittifoqqa a’zo davlatlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘zini-o‘zi ta’minlash darajasi yuqori – 93 foizga teng bo‘lishiga qaramay, agrosanoat majmuasining raqamli va jismoniy infratuzilmasini rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjud. Sohaning raqobatbardoshligini oshirish, o‘zaro savdo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish uchun shaffof transport-logistika zanjirini barpo etish va ombor sig‘imini oshirish zarur”, — deya ta’kidladi YeIK Agrosanoat siyosati departamenti direktori Armen Arutunyan.
O‘z navbatida, YeIK Savdo siyosati departamenti direktori Vladimir Serpikov savdo shartnomalari bo‘yicha hamkorlar bilan ishlashda qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikka katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
“Savdo shartnomalari bo‘yicha hamkorlarimiz bilan ishlashning bir qismi sifatida biz qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohasidagi hamkorlikka katta e’tibor qaratamiz, bu sanoat hamkorligi bo‘yicha tegishli boblarda, shuningdek, savdo to‘siqlari va cheklovlarini olib tashlash bo‘yicha maslahatlarda mustahkamlangan. Bizda Xitoy va Eron bilan o‘zaro hamkorlikning bunday kanallari allaqachon mavjud”, — dedi u.
YeOII makonida raqamli infratuzilmani rivojlantirishda davlat organlari va biznes hamjamiyatlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligi muhokama qilindi.