Yigit-qizlar bizning bebaho boyligimiz, oltin fondimizdir — Mirziyoyev yoshlarni tabrikladi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaNakanune Ramazan xayita, Prezident Shavkat Mirziyoyev pozdravil narod s etim svetlim prazdnikom.
Nakanune Ramazan xayita, Prezident Shavkat Mirziyoyev pozdravil narod s etim svetlim prazdnikom. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.06.2024
Obuna bo‘lish
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dunyoda o‘xshashi kam bo‘lgan vertikal boshqaruv tizimi yaratildi.
TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. “Yangi O‘zbekiston yoshlari” degan sharafli nomga har tomonlama munosib bo‘lgan yigit-qizlar bizning bebaho boyligimiz, oltin fondimizdir. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlariga yo‘llagan tabrigida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dunyoda o‘xshashi kam bo‘lgan vertikal boshqaruv tizimi yaratildi.
Bu esa mahallalardagi Prezident vakillari bo‘lgan yoshlar yetakchilari orqali qancha-qancha yigit-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq ko‘plab masalalarni quyi bo‘g‘inning o‘zida hal etish imkonini bermoqda.
Ayniqsa, “Yoshlar daftari”, “Yoshlar balansi” platformasi asosida olib borayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasini o‘g‘il-qizlar o‘z hayotida aniq his etmoqda. Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish bo‘yicha joriy etilgan yangi tizim tufayli bu yilning o‘zida “mahalla yettiligi” tavsiyasi bilan 156 ming yoshga 60 ming gektar yer maydoni 30-yil muddatga ijaraga berilgan.
“Albatta, yoshlarning mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sohalarda muhim yutuqlarga erishayotgani barchamizni xursand qiladi. Birgina o‘tgan o‘quv yilida maktab o‘quvchilarimizdan 55 nafari matematika, kimyo, biologiya, fizika va informatika fanlari bo‘yicha nufuzli xalqaro olimpiadalarda 8 ta oltin, 15 ta kumush, 32 ta bronza medalini, madaniyat va san’at sohasidagi nufuzli xalqaro tanlovlarda esa yoshlarimizning 383 nafari bosh sovrinni, 1 ming 359 nafari 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi”, — deyiladi tabrik matnida.
Ta’kidlanishicha, yaqinda Qatarda bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha Osiyo kubogi o‘yinlarida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi mamlakat tarixida ilk bor Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani ham barchaga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

“Mana, bizning qanday iste’dodli, bilimli va matonatli yoshlarimiz bor! “Yangi O‘zbekiston yoshlari” degan sharafli nomga har tomonlama munosib bo‘lgan bunday yigit-qizlar bizning bebaho boyligimiz, oltin fondimizdir”, — deya qayd etdi prezident.

O‘tgan yili Yoshlar taraqqiyoti indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri, deb e’tirof etilgan.
Shuningdek, BMT tomonidan “Yoshlar strategiyasi – 2030”ni namunaviy tarzda amalga oshirish bo‘yicha tanlab olingan 10 ta mamlakatdan biri aynan O‘zbekistondir. 2022-yilda Buxoro shahri – Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, 2024-yilda esa azim Toshkent – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mintaqasida birinchi yoshlar poytaxti deb e’lon qilindi.
“Shu kunlarda mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan Butunjahon yoshlar festivali ham O‘zbekistonga bo‘lgan yuksak e’tibor namunasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Ushbu anjumanda 92 ta mamlakatdan 700 nafardan ziyod chet ellik yoshlar, 20 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning vazirlik va idoralaridan rahbar va mas’ul xodimlar ishtirok etmoqda. Eng muhimi, yurtimiz yoshlarining butun dunyoda do‘stlari, hamkorlari ko‘paymoqda, bilim va kasb o‘rganish, global muloqot va almashuvlarda ishtirok etish imkoniyatlari kengaymoqda”, — deyiladi bayram tabrigida.
“Hech qachon unutmang, sizlar yoshlikning har bir daqiqasini g‘animat bilib, doimo bunyodkorlik va ijodkorlik hissi bilan, Vatanga cheksiz mehr va sadoqat tuyg‘usi bilan yashasangiz albatta kam bo‘lmaysiz”, — deya qayd etdi prezident.
Yangiliklar lentasi
0