Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Qurbon hayiti bilan tabrikladi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 16.06.2024
Obuna bo‘lish
Prezident: dunyoning uzoq-yaqin mamlakatlaridagi dindoshlarimizga ham qizg‘in qutlovlar yo‘llab, ularning xalqlari va mamlakatlariga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilab qolamiz.
TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Qurbon hayiti bilan tabrikladi.

"Siz, azizlarni, butun xalqimizni tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik fazilatlaridan tobora obod va munavvar bo‘layotgan yurtimizga kirib kelgan Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Ushbu saodatli damlarda barchamiz bu ulug‘ ayyomning ruhi va shukuhini chuqur his etib, el-yurtimiz bilan birgalikda shunday yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz", — deyiladi tabrik matnida.

Qayd etilishicha, qisqa muddatda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy markazlari tashkil etildi. Abu Iso Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Sulton Uvays Qaraniy, Suzuk ota yodgorlik majmualari tubdan obod qilindi. Yangitdan barpo etilayotgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazida qurilish va jihozlash ishlari jadal davom ettirilmoqda. Shular qatorida shahar va qishloqlarimizda ko‘plab muhtasham masjidlar barpo etilmoqda.
Keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod O‘zbekiston musulmonlari haj amallarini bajarishdi. Shu kunlarda yana 15 ming nafari ikki muqaddas shahar – Makka va Madina ziyoratiga borib, o‘zlarining ezgu orzularini amalga oshirmoqda.
"Dunyoning uzoq-yaqin mamlakatlaridagi dindoshlarimizga ham qizg‘in qutlovlar yo‘llab, ularning xalqlari va mamlakatlariga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilab qolamiz. Ilohim, jahonning turli mintaqalarida davom etayotgan urush va janjallar tezroq barham topsin! Yer yuzida doimo tinchlik va osoyishtalik barqaror bo‘lsin! Bugun biz ko‘pmillatli xalqimiz bilan birga Yangi O‘zbekistonni barpo etmoqdamiz. Yangi O‘zbekiston – bu yangi hayot, yangi taraqqiyot, baxtli kelajak degani", — deya qayd etdi prezident.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 16-iyun – yakshanbaga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan yurtimizda 16-iyun Qurbon hayiti bayrami sifatida nishonlanadi.
Yangiliklar lentasi
0