Hech qachon orzu qilishdan to‘xtamang — Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini tabrikladi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.05.2024
Obuna bo‘lish
Mirziyoyev o‘qishni oltin va kumush medallar bilan tamomlayotgan yuzlab o‘g‘il-qizlar borligini ta’kidladi.
TOShKENT, 25-may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Qadrli farzandlarim! Bugun o‘z bilim va iste’dodi, kuch-g‘ayratini Yangi O‘zbekiston bunyodkori, jonajon yurtimizga munosib farzand bo‘lishdek ezgu maqsadga baxsh etishga bel bog‘lagan sizlar kabi navqiron yoshlarni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatayotganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman”, - deyiladi tabrikda.
Mirziyoyev o‘qishni oltin va kumush medallar bilan tamomlayotgan yuzlab o‘g‘il-qizlar borligini ta’kidlagan.
“Hayotda yuksak marralarni ko‘zlab turgan bunday serg‘ayrat va bilimdon farzandlarimizni yurtimizdagi millionlab o‘g‘il-qizlarimizga o‘rnak qilib ko‘rsatsak, arziydi. Mamlakatimizda navqiron avlod vakillarini har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga juda katta e’tibor qaratilmoqda”, - deydi prezident.
Prezidentga ko‘ra, davlatning ertangi taqdiri, uning ravnaqi va taraqqiyoti yoshlarning qo‘lida.
“Hech qachon orzu qilishdan to‘xtamang, katta maqsadlar yo‘lida imkoniyatlaringizni sinab ko‘rishdan, bu yo‘lda xato qilish va ulardan saboq olishdan qo‘rqmang. Chunki xalqimiz sizlarga katta umid va ishonch bilan qaramoqda. Sizlarning yangi g‘oya va tashabbuslaringiz, ishtiyoqingiz va kuchingiz nafaqat O‘zbekistonni, balki butun dunyoni o‘zgartirishi mumkin. Shuning uchun har qanday holatda ham o‘z oldingizga qo‘ygan ezgu maqsadingizdan ortga chekinmang”, - deyilgan tabrikda.
Ta’kidlanishicha, hayotda yuksak natijalarga erishish uchun tinimsiz harakat, shijoat va jasorat talab etiladi.
“Sizlarning chuqur bilim olish, zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganish orqali Vatanimizga munosib farzandlar bo‘lib yetishishingiz va uning taqdiri uchun mas’uliyatni zimmangizga olishingizga ishonaman. Bu sharafli yo‘lda barchangizga baxt va omad doimo yor bo‘lishini tilayman”, - deyilgan tabrikda.
Yangiliklar lentasi
0