Mirziyoyev o‘zbekistonliklar 1941-1943 yillar mudofaa fondiga qancha mablag‘ topshirganini aytdi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev oznakomilsya s predlojeniyami po dalneyshemu sovershenstvovaniyu sistemi sotsialnogo obslujivaniya.
Shavkat Mirziyoyev oznakomilsya s predlojeniyami po dalneyshemu sovershenstvovaniyu sistemi sotsialnogo obslujivaniya. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 08.05.2024
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonliklar 1941-1943 yillarda mudofaa fondiga 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgan.
TOShKENT, 8-may — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 79-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqini bayram bilan tabrikladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
“Bugungi shonli bayram – 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 79-yilligi munosabati bilan mo‘’tabar faxriylarimizni, ko‘p millatli butun xalqimizni samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman. Ushbu qutlug‘ kunda insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushda jasorat ko‘rsatib, bashariyatni fashizm balosidan saqlab qolgan qahramon ota-bobolarimiz hamda front ortida mardona mehnat qilib, g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan mard va olijanob yurtdoshlarimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom bajo keltiramiz”, — deyiladi tabrik matnida.
Prezident, shuningdek, jang maydonlaridan omon qaytib, mamlakat ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan urush va mehnat faxriylariga cheksiz tashakkur izhor etdi.
“O‘sha og‘ir yillarda frontga safarbar etilgan 1 million 950 mingdan ziyod o‘zbekistonlik jangchilardan 538 mingdan ko‘prog‘i halok bo‘lgani, 158 mingdan ortig‘i bedarak yo‘qolgani, 870 mingdan oshig‘i turli jarohatlar olgani, 60 ming nafardan ziyodi esa nogiron bo‘lib qaytgani bu g‘alaba biz uchun naqadar qimmatga tushganini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Ana shu qirg‘inbarot urush xalqimiz qalbida qoldirgan bitmas jarohatni, oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hamon unutib bo‘lmaydi”, — deya qayd etdi prezident.
Urush davrida 214 ming askar va ofitserlar jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan. Ularning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga, 70 nafari uchala darajadagi “Slava” (“Shuhrat”) ordeniga sazovor bo‘lgan.
Sizdek nuroniylarning duolari bizga madadkor bo‘ladi — Mirziyoyev
“Metin irodali xalqimiz o‘sha tahlikali yillarda front ortida sabot va matonat bilan mehnat qildi. Sanoat korxonalarining faoliyati front ehtiyojlari uchun yo‘naltirildi. Urush alangasi ichida qolgan hududlardan mamlakatimizga 170 dan ortiq zavod va fabrika ko‘chirib keltirildi va qisqa muddatda ularning faoliyati qayta tiklandi. El-yurtimiz front uchun juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berdi”, — deyiladi tabrikda.
O‘zbekiston aholisi 1941-1943 yillarda mudofaa fondiga 475 million rubldan ortiq mablag‘ni, 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgani g‘alabani yaqinlashtirishga yana bir muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.

“Xalqimiz yuksak odamiylik fazilatini namoyon etib, urush hududlaridan evakuatsiya qilingan 1 million 500 mingga yaqin insonga boshpana berdi. Ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolalarga mehr-oqibat ko‘rsatib, so‘nggi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rdi”, — deya qayd etdi Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, Toshkentda xalq jasoratining timsoli sifatida bunyod qilingan muhtasham “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi qisqa vaqt ichida qutlug‘ qadamjoga aylandi.
Mirziyoyev “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi
Shu kungacha bu yerga 2 million 200 ming nafardan ziyod ziyoratchi tashrif buyurib, uni katta qiziqish va e’tibor bilan tomosha qilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Majmua jamoasi tomonidan ellikka yaqin kitob-albom va monografiyalar, noyob hujjatlar to‘plamlari yaratilib, hozirga qadar noma’lum bo‘lgan yuzlab tarixiy faktlar aniqlanib, jamoatchilikka yetkazildi.
“Bobomni izlayman” loyihasi doirasida urushda ishtirok etgan 2 million nafarga yaqin vatandoshlar ro‘yxati shakllantirildi. Fuqarolardan kelib tushgan 300 dan ziyod murojaatlar bo‘yicha urushda bedarak ketgan 200 nafar jangchining taqdiriga oid muhim ma’lumotlar to‘plandi.
“Hech shubhasiz, biz bugungi ozod va erkin hayot uchun aziz jonini ayamasdan kurashgan bunday ulug‘ insonlar oldida doimo qarzdormiz, ular uchun bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Hozirgi g‘oyat murakkab va tahlikali zamonda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, farzandlarimizni turli zararli ta’sirlardan himoya qilish, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo do‘stlik va ahillikni asrashdek o‘ta muhim vazifalarni bajarishda qahramon faxriylarimizning jasorati, shonli an’analari biz uchun hamisha ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Biz ulardan ruh va kuch olib, Vatan himoyachilari, tinchlik posbonlari, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lishdek yuksak burchimizni albatta sharaf bilan ado etamiz”, — deyilgan prezident tabrigida.
Vladimir Putin  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 08.05.2024
Putin G‘alabaning 79-yilligi munosabati bilan Mirziyoyevga tabrik yo‘lladi
Yangiliklar lentasi
0