O‘zbekistonliklarni 1-maydan qanday yangiliklar kutmoqda — tafsilotlar

© Sputnik1 Maya kalendar
1 Maya kalendar  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 29.04.2024
Obuna bo‘lish
Shu yilning 1-mayidan fuqarolar, tadbirkorlar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun bir qator qulayliklarni nazarda tutuvchi hujjatlar kuchga kiradi.
TOShKENT, 29 apr — Sputnik. May oyidan boshlab elektr va gaz tariflari oshiriladi, “Afrosiyob” tezurar poyezdi chiptalari qimmatlashadi, ijro hujjatlarini elektron formatda berish yo‘lga qo‘yiladi, keksalar va nogironlar har oyda moddiy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Demak, 1-mayidan boshlab fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun yangi majburiy to‘lovlar va yig‘imlarni faqatgina qonunda belgilash amaliyoti kiritiladi. Bu haqda "O‘zbekiston — 2030" strategiyasini "Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmonida nazarda tutilgan.

O‘zbekistonda 1-maydan gaz va elektr narxi oshadi

Hukumatning “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, aholi uchun elektr energiyasining kVt.soati 295 so‘mdan 450 so‘mga, gazning kubi 380 so‘mdan 650 so‘mgacha oshiriladi.
Ijtimoiy norma elektr energiyasi uchun 200 kvt.soatni, gaz uchun yozgi mavsumda 100 kub, qishki mavsumda 500 kub miqdorida belgilanadi. Hujjatda belgilanishicha, ayrim fuqarolarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiya beriladi.
Unga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:
2024-2025 yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigi;
2024 yil 1-maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining “bazaviy meyorlari”.
Shu yil 1-maygacha yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari oshishini hisobga olgan holda minimal iste’mol xarajatlari qiymati qayta ko‘rib chiqiladi.
Quyidagi toifadagi iste’molchilar uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash bo‘yicha vaqtincha kompensatsiya joriy etiladi:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalar, bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalar;
Yagona reyestrga kiritilmagan, “mahalla yettiligi” xulosasi asosida aniqlanadigan qo‘shimcha ehtiyojmand oilalar.
Shuningdek, isitish mavsumida (noyabr – fevral oylarida) ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya turlari taqdim etiladi. Unga ko‘ra, noyabr oyida 270 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam o‘tkazib beriladi.
Qolaversa, elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha quyidagi miqdorlardagi iste’mol uchun bazaviy meyor doirasidagi hamda bazaviy meyordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi:
tabiiy gaz uchun – oyiga bazaviy meyordan ortiq foydalanilgan 250 kub metrgacha;
elektr energiyasi uchun – oyiga bazaviy meyordan ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha.

Har bir hududda volontorlik guruhlari shakllantiriladi

Prezidentning “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 1-maydan boshlab har bir hududda kuchli zilzilada aholini qutqarish ishlariga jalb etish uchun volontorlik guruhlari shakllantiriladi.

Meva-sabzavot mahsulotlarining eksport narxlarini sun’iy pasaytirib ko‘rsatish holatlarining oldi olinadi

Shu yilning fevral oyida Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Respublikada meva-sabzavot mahsulotlari eksportini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risi”da qaror qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, meva-sabzavot mahsulotlariga eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazoratni ta’minlash maqsadida 1-maydan boshlab belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha respublikadan eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha shartnomalar qiymatini monitoring qilish va eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazorat o‘rnatish tartibi joriy etiladi.
Hujjat meva-sabzavot mahsulotlarining eksport narxlarini sun’iy pasaytirib ko‘rsatish holatlarining oldini olish, valyuta tushumlari o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlanishini nazorat qilish hamda ushbu sohada yashirin iqtisodiyot ulushini keskin qisqartirishni maqsad qilgan.

Yolg‘iz keksalar va nogironligi bor shaxslarga oylik moddiy yordam to‘lanadi

Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan "O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, reyestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun har oyda qo‘shimcha pul to‘lovlari o‘rniga yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida moddiy yordam to‘lanadi.

Ijro hujjatlarini elektron shaklda berish tartibi joriy etiladi

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident farmoniga ko‘ra, 1-maydan sud hujjatlari asosida ijro hujjatlarini elektron shaklda berish (yuborish, taqdim etish) tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, fuqarolardan qarzdorliklari uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromad belgilanadi, ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi pochta xarajatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirishga ham tatbiq etiladi.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoniga tadbirkorlik subyektlarini autsorsing asosida jalb etiladi.

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida eksperiment amalga oshiriladi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni e’tirof etish, individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish rejasini tasdiqlash va monitoring qilishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga davlat sport tadbirlariga, teatr va muzeylarga kirish bepul etib belgilanadi. Davlat mulkida bo‘lgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida tashkil etilgan sport to‘garaklarida bepul shug‘ullanadi. Yashash joyida dezinfeksiya tadbirlari tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari tomonidan bepul amalga oshiriladi.
2024 yil 1-maydan boshlab eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoniga tadbirkorlik subyektlarini autsorsing asosida jalb etiladi.

Endi daryo bo‘ylaridan qum-shag‘al materiallarini qazib olish uchun ruxsatnoma - faqat "E-auksion" platformasi orqali beriladi

Prezidentning "Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bilan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo darolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etiladi.
Daryo bo‘ylari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqini faqat "E-auksion" elektron savdo platformasi orqali realizatsiya qilinadi.
Daryo bo‘ylari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallarini qazib olishni taqiqlash va tog‘li yoki tog‘oldi hududlarda (quruqlikda) joylashgan muqobil kon uchastkalarida qazish ishlarini tashkil etish taqiqlanadi.

“Afrosiyob” elektropoyezdi chiptalari narxi qimmatlashadi

Shu yilning 15-maydan boshlab "Afrosiyob" elektropoyezdlarining chiptalari narxi ekonom klass uchun 20 foiz, biznes klass uchun 30 foiz va VIP klass uchun 40 foizga oshiriladi. Chiptalar narxi temir yo‘l infratuzilmasini isloh qilish, elektr-energiya, yoqilg‘i, logistika va transport xarajatlarini qoplash hamda yangi yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish maqsadida oshirilmoqda.
Yangiliklar lentasi
0