Statistika agentligi va SPbDU Toshkent filiali hamkorlik qilishga kelishib oldi

© Sputnik/Elina Beknazarovazbekiston Statistika agentligi va Sankt-Peterburg davlat universitetining (SPbDU) Toshkent filiali o‘rtasida memorandum imzolandi
zbekiston Statistika agentligi va Sankt-Peterburg davlat universitetining (SPbDU) Toshkent filiali o‘rtasida memorandum imzolandi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 26.03.2024
Obuna bo‘lish
Imzolangan memarandumning asosiy maqsadlari – o‘quv kurslarini birgalikda ishlab chiqish, shuningdek, talabalar uchun amaliyot o‘tash imkoniiyatlari.
TOShKENT, 26 mar — Sputnik. O‘zbekiston Statistika agentligi va Sankt-Peterburg davlat universitetining (SPbDU) Toshkent filiali o‘rtasida memorandum imzolandi, xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Hujjat Statistika agentligi Markaziy apparati bo‘limlari rahbarlari, shuningdek, Sankt-Peterburg davlat universiteti va uning filiali talabalari ishtirokida o‘tkazilgan teleko‘prik chog‘ida imzolandi.
Tadbir davomida statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish, O‘zbekiston statistika tizimidagi islohotlar, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
"Hamkorlik bo‘lmasa, rivojlanish bo‘lmaydi. Rosstat bilan kelishuvlarimiz 1999-yildan beri bor. Biz 20-yildan ortiq vaqtdan beri muntazam ravishda ma’lumotlar almashib kelamiz. Qolaversa, bugun imzolangan memorandum oliygoh oldida bo‘lgan burchlarimiz kafolatidir. Zaruriyat bo‘lsa, biz har doim o‘zimizning statistik jarayon usullarimiz bilan o‘rtoqlashishga tayyormiz”, – ta’kidladi Statistika agentligining Xalqaro hamkorlik va axborot almashinuvi boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Mamadaliyev.
Memorandumda Sankt-Peterburg davlat universiteti filiali talabalarining amaliyot o‘tashlarini tashkil etish, ularni ishga joylashtirish, konferensiyalar, seminarlar va majlislar o‘tkazish, shuningdek, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari va o‘quv dasturlarini birgalikda ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, talabalar mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, ularga javob olish imkoniga ega bo‘lishdi.
Shu tariqa, talabalar O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish mavzusi va uni kechiktirilishi sabablari bilan qiziqdi. Aholini ro‘yxatga olish dastlab 2022-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, ammo pandemiya tufayli u 2023-yil noyabriga ko‘chirildi. Biroq u hali amalga oshirilmagan.

"Pandemiya oqibatlari tufayli bir qator ustuvor yo‘nalishlar o‘zgardi. Aholini ro‘yxatga olish uchun ajratilgan mablag‘lar boshqa maqsadlarga sarflandi. Bu yil ham biz bu borada yana ishlaymiz. Shunda balki kelasi yilgacha aholini ro‘yxatga olishni amalga oshira olamiz”, – deydi Mamadaliyev.

Muloqot davomida mutaxassislar daromad keltiruvchi biznes tarmoqlari, gender statistikasi va statistik ma’lumotlarning ochiqligi haqida gapirdi. Shuningdek, talabalar va o‘qituvchilarning fikr-mulohazalariga qiziqish bildirishdi.
"Biz hamkorlik qilishdan manfaatdormiz va manbalar bo‘yicha fikr-mulohazalarni olishdan xursand bo‘lamiz. Chunki bizning manbalarimizning asosiy foydalanuvichlari – talabalar va o‘qituvchilardir", – dedi Mamadaliyev.
Suhbat so‘ngida Statistika agentligi xodimlari tomonidan talabalarga kitoblar, kasbiy adabiyotlar taqdim etildi.
Yangiliklar lentasi
0