Imtiyozli kreditlar, ishga solinmagan imkoniyatlar: Namanganni qanday o‘zgarishlar kutmoqda?
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezident Shavkat Mirziyoyev 26-mart kuni Namangan viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev mutasaddilar bilan Namangan viloyatini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
TOShKENT, 26 mar — Sputnik. Odamlarning mehnati va tadbirkorligi bilan Namanganda hayot o‘zgarmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi Namangan viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Sayxunobod tajribasi asosida Namanganda ham katta harakat boshlangan. Viloyatning 14 ta tumanidagi 788 ta mahallaga bank filiallari biriktirilgan. Ular “mahalla yettiligi” bilan birga xonadonlardagi imkoniyatlarni, oilaning xohish-istaklarini o‘rganmoqda.
Birinchi bosqichda kam daromadli 4 mingta xonadon tanlab olinib, oila a’zolari jon boshiga oylik daromadni 2 million so‘mgacha oshirish choralari ko‘riladi. Keyingi bosqichda yana 4 mingtasiga moliyaviy, texnik, maslahat va boshqa ko‘rinishdagi amaliy yordam beriladi. Mahallalarda gulchilik, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, uzumchilik, qulupnay va kartoshka yetishtirish imkoniyati, ayniqsa, yaxshi. Bunga imtiyozli kreditlar ajratiladi.
“Bu ishlarni kim qilishi kerak? Prezident vakili bo‘lgan hokimlar, sektor rahbarlari, 5 mingdan ortiq iqtisodiy idora xodimlari, mahalladagi “yettilik” qilishi lozim. Buning uchun barcha mas’ullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlaydigan tizimni yo‘lga qo‘yishi kerak”, – dedi davlat rahbari.
So‘nggi yillarda to‘qimachilikda xomashoni to‘liq qayta ishlash yo‘lga qo‘yilib, eksport hajmi 1 milliarddan 4 milliard dollarga ko‘paydi. Xuddi shunday, zargarlikda ham salohiyat hozirgidan ancha yuqori.
“Shu bois tadbirkorlar uchun alohida sharoitlarga ega zargarlik zonalari tashkil qilinishi aytildi. Sohaga xomashyo yetkazish, mutaxassis tayyorlash, ishlab chiqarish zanjiri va sotish tizimi butunlay qayta ko‘rib chiqiladi. Bu borada qonunchilikka ham takliflar kiritiladi”, – deyiladi xabarda.
Yo‘llar va turizm
Angren shahridan to To‘raqo‘rg‘ongacha 100 kilometr yuriladi, avtomobil oqimi kuniga 10 mingdan oshadi. Tadbirkorlar bu yo‘l bo‘yida oshxonalar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ko‘paytirib, 10 ming aholini doimiy band qilishga tayyor. Buni tartibli tashkil qilish uchun master-reja ishlab chiqib, yerlarni auksionga chiqarish vazifasi qo‘yildi.
Namangan viloyatining tog‘li va xushmanzara hududlarida turizmni rivojlantirish, sayyohlarga qulaylik yaratish uchun avia va temiryo‘l qatnovlarini ko‘paytirish zarurligi aytildi.
Viloyatda sanoat salohiyati
So‘nggi yillarda 72 ta kichik va yoshlar sanoat zonalari ishga tushdi. Lekin 16 ta sanoat zonasida 78 gektarda qo‘shimcha loyiha joylashtirish imkoniyati bor. 29 ta noruda koniga sanoat kirib bormagan. Viloyatning qo‘shni davlatlarga eksporti 568 million dollar. Bu bor imkoniyatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Shu bois konlarni savdoga chiqarish, qo‘shimcha bojxona postlari va savdo uylari ochish, Namangan xalqaro aeroportida yuk terminali va Qamchiq dovoniga yaqin joyda logistika markazi tashkil etish choralari belgilandi. To‘qimachilik, charm-poyabzal, zargarlik, elektr texnikasi, qurilish materiallari tarmoqlaridagi loyihalar bo‘yicha ko‘rsatmlar berildi.
“Kuni kecha Norin darosida GESlar kaskadi, Pop tumanida ming megavattli 2 ta quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Kelgusi yilda Katta Andijon kanalida 51 megavattli kichik GESlar kaskadi ham ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Buni davom ettirib, gidroenergetikani har bir soy, har bir mahallaga olib kiradigan tizim qilish muhimligi qayd etildi”, – deya qayd etildi yig‘ilishda.
Uchqo‘rg‘on, Pop, Uychi va Mingbuloqda Sloveniya tajribasi asosida intensiv baliqchilik yo‘lga qo‘yilishi, bu tarmoqda 4 ta yirik loyiha ishga tushirilishi aytildi.
Namanganda 1,5 million tonna meva-sabzavotdan 10 foizi eksport qilingan. Agar ish to‘g‘ri tashkil qilinsa, eksportini 3-5 barobar oshirish mumkin. Shu maqsadda viloyat meva-sabzavot eksporti geografiyasi Xitoy, Germaniya, Italiya, Ispaniya va Arab davlatlariga kengaytiriladi. 54 ming gektar yerning agrokimoviy xaritasi ishlab chiqilib, 18 ming gektari “GSP+” talablariga moslashtiriladi.
“Viloyatda meva-sabzavot, go‘sht va sutni qayta ishlash darajasi ham kam. Masalan, Kosonsoy va Chortoq meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan bo‘lsa-da, birorta qayta ishlash korxonasi yo‘q. Shu bois bu yo‘nalishda 141 million dollarlik 62 ta loyiha ishga tushiriladi. Kosonsoy va Popda yirik chorvachilik klasterlari tashkil etiladi”, – deya ta’kidlangan xabarda.
Aytilishicha bugungi kunda 200 ming aholi uchun Yangi Namangan shahri qurilmoqda. Endi Chust va Pop tumanida 10 ming aholi uchun “Yangi O‘zbekiston” massivlari, yana 20 ming xonadonli turar joylar, IT-park va bog‘ barpo etiladi.
Viloyatdagi 16 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazi negizida ikkita – birinchi va ikkinchi Namangan tibbiyot markazlari tashkil etiladi. Bunda shoshilinch va boshqa tibbiy xizmatlar, diagnostik tekshiruvlar hamda tor soha mutaxassislarini bir joyga jamlash, aholiga tunu kun xizmat ko‘rsatish imkoni yaratiladi.