Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

© Sputnik / Zafar XalilovTashkent. Sentralniy bank Uzbekistana
Tashkent. Sentralniy bank Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 14.03.2024
Obuna bo‘lish
Makaziy bank: Mehnat bozorida yuqori faollik va ishchi kuchiga talabning oshishi kuzatilmoqda.
TOShKENT, 14 mar — Sputnik. Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qoldi.
“Markaziy bank boshqaruvi iqtisodiyotda talab va taklif mutanosibligiga erishish bo‘yicha noaniqliklar va inflyatsiyani oshiruvchi kutilmalarning saqlanib qolayotganligini inobatga olib hamda inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha pasaytirish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini ta’minlash maqsadida asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayib, fevral oyida 8,3 foizni tashkil etdi. Biroq, so‘nggi oylarda yuqori talab va bir qator tartibga solinadigan narx va tariflarning oshishi fonida xizmatlar inflyatsiyasi tezlashishi kuzatildi.
Bundan tashqari, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari deyarli o‘zgarishsiz, yuqoriligicha qolmoqda.
“Joriy yil oxiriga inflyatsiya 8-9 foizlik prognoz diapazoni doirasida shakllanishi kutilmoqda. Prognoz davrida tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishi va ularning inflyatsion kutilmalarga ta’siri bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda”, — deya qayd etilgan xabarda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning yanvar-fevral oylariga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sdi. Shuningdek, ayrim tarmoqlarda, xususan yil boshidan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish dinamikasining sustlashishi qisqa muddatli istiqbolda ichki bozorda talab va taklif nomutanosibligini keltirib chiqarishi yoki importga qo‘shimcha bosimni yaratishi mumkin.
“Umuman olganda, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari nisbatan yuqoriroq shakllanishi, keyingi choraklarda esa bazaviy prognoz doirasida 5,5-6 foiz bo‘lishi borasidagi kutilmalarni kuchaytirmoqda”, deya aniqlik kiritilgan xabarda.
Aytilishicha, o‘tgan yilgi va joriy yil boshidagi yuqori fiskal xarajatlar kelgusi choraklarda yalpi iste’mol faolligini qo‘llab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan bo‘ladi.
“Ayni paytda, transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar doirasida shakllanayotganligi hamda aholi real daromadlarining joriy o‘sish sur’atlari kelgusida iste’mol talabiga qo‘shimcha proinflyatsion bosim yaratmaydi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Mehnat bozorida yuqori faollik va ishchi kuchiga talabning oshishi kuzatilmoqda. Ishchi kuchiga talabning asosiy o‘sishi xizmatlar sohasiga to‘g‘ri kelib, ushbu sohada ish haqilarning yuqori shakllanishga ham olib kelmoqda. Ayni paytda, xizmatlar sohasida narxlar va daromadlarning muntazam oshishi sharoitida iqtisodiyotda mazkur sohalarga investitsiyalar hajmi va joriy iste’mol xarajatlaridagi ulushi ortib boradi.
Ta’kidlanishicha, import dinamikasida mashina va uskunalar, energetika va neft mahsulotlari, qora metallar importining yuqori o‘sishi davom etishi bir tomondan kelgusida ishlab chiqarish hajmlari oshishiga zamin yaratsa, ikkinchi tomondan savdo balansi taqchilligining saqlanib qolishini ham bildiradi.
Qayd etilishicha, nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari keyingi choraklarda ham saqlanib qoladi. Banklararo pul bozorida yil boshidan yuqori faollik va pul-kredit instrumentlaridan foydalanish hajmining ortib borishi fonida UZONIA foiz stavkasi asosiy stavkaga yaqin darajada shakllanib boradi.
Jamg‘arish faolligi oshishda davom etib, bu xususan, milliy valyutadagi depozitlar hajmi o‘sishida namoyon bo‘ladi. Umuman olganda, depozitlarning yillik o‘sish sur’atlari kreditlash hajmining o‘sishidan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Milliy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalarida so‘nggi oylarda sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi.
Ayni paytda, pul-kredit siyosati operatsion mexanizmiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar qisqa muddatli pullar narxini pasaytirish orqali kelgusida kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining ham pasayishiga zamin yaratib boradi.
Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan izchil pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etadi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024-yil 25-aprelga belgilangan.
Tashkent. Sentralniy bank Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 28.01.2024
O‘zbekiston islom moliyasi bo‘yicha ishlarni boshlamoqchi — Markaziy bank
Yangiliklar lentasi
0