Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon oyi bilan tabrikladi
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrazdnichnoe meropriyatie po sluchayu Mejdunarodnogo jenskogo dnya.
Obuna bo‘lish
Prezident O‘zbekiston xalqi, do‘st va hamkorlarni muqaddas Ramazon oyi bilan samimiy qutladi.
TOShKENT, 12 mar — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev muborak Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan O‘zbekiston xalqini tabrikladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
“Dunyo musulmonlari uchun eng aziz va qadrli bo‘lgan, barcha ezgu niyatlar ijobat bo‘ladigan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan siz, azizlarni, butun xalqimizni chin yurakdan muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak ehtiromim va samimiy tilaklarimni izhor etaman”, — deyiladi tabrik matnida.
Qayd etilishicha, Ramazonni milliy an’ana va qadriyatlarimizga mos, yuksak darajada o‘tkazish, mamlakat musulmonlarining ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.
“Inson qadri – ulug‘ degan olijanob tamoyilimizdan kelib chiqqan holda, mazkur fazilatli oyda xalqimiz manfaatlarini ta’minlash, yosh avlodimizni bilim-ma’rifat, yaxshi xulq-odob sohiblari etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatimiz, el-yurtimiz o‘rtasida mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan savobli ishlarimiz yanada ziyoda bo‘ladi, deb ishonamiz. Zero, hadisi shariflarda zikr etilganidek, bu oyda qilingan birgina yaxshilik o‘n karra mukofot bo‘lib qaytadi”, — deya qayd etilgan tabrikda.
Ta’kidlanishicha, bugun dunyoning bir qancha mintaqalarida notinchlik, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda, begunoh insonlarning qoni to‘kilmoqda.
“Biz butun xalqimiz bilan birga yaratgan Egamdan dunyoda tinchlik va osoyishtalik qaror topishini, go‘zal diyorimizdagi tinch-osuda hayot bardavom bo‘lishini chin dildan so‘rab, Qadr kechalarida ixlos bilan duolar qilamiz”, — deya ta’kidladi prezident.
Prezident shuningdek, ushbu shukuhli lahzalarda dunyo mo‘min-musulmonlari, do‘st va hamkorlarni muqaddas Ramazon oyi bilan samimiy qutlab, ularning davlatlari va xalqlariga tinchlik-omonlik, ravnaq va farovonlik tiladi.