Toshkentda avtotransportni diagnostika qilish bo‘yicha zamonaviy markaz ishga tushdi
09:27 06.03.2024 (yangilandi: 11:12 06.03.2024)
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaZapushen sovremenniy sentr po ekologicheskoy diagnostike avtotransportnix sredstv
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Markazda avtomobildan chiqayotgan zararli moddalar miqdori tekshiriladi.
TOShKENT, 6 mar — Sputnik. Toshkentda avtotransport vositalarini diagnostika qilish bo‘yicha zamonaviy markaz ishga tushdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, avtotransport vositalarining zararli tashlanmalari bilan bog‘liq ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida Toshkentning Mirobod tumani Fayzobod mahallasida joylashgan Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi mutlaqo yangi uslubda ishlovchi zamonaviy diagnostika markaziga aylantirildi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaZapushen sovremenniy sentr po ekologicheskoy diagnostike avtotransportnix sredstv
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Bu yerda avval avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni olti-yetti bosqichda amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda bosqichlar soni uchtaga qisqardi.
"Asosiysi, endilikda markazda avtomobildan chiqayotgan zararli moddalar miqdori tekshiriladi va ekologik tekshiruv natijasidan kelib chiqib RFID chip o‘rnatilgan "qizil", "sariq" yoki "yashil" yorliq (stiker) mashinaning old oynasiga yopishtiriladi", — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, shahar hududi bir nechta ekologik zonalarga ajratiladi va transport vositalarining havoga chiqarayotgan zararli moddalari darajasiga ko‘ra, ya’ni stiker rangiga qarab, ayrim ekologik zonalarga kirishni bosqichma-bosqich cheklash taklif etilmoqda.
Bunda ekologik zonalarga ruxsat etilmagan transport vositalarining kirishi avtomatlashtirilgan holda nazorat qilinadi. Qoidabuzarlik natijasida kelib tushayotgan jarimalar hududning ekologik holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
"Tizim to‘laqonli ishlashi uchun mamlakat bo‘ylab 100 ga yaqin havoni monitoring qilish avtomatik stansiyalari o‘rnatilishi, transport vositalarining atmosferaga chiqarayotgan zarari darajasini baholash uchun 84 ta ro‘yxatga olish-diagnostika markazlarini, shuningdek, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining 216 ta hududiy tuman bo‘linmalarini zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlash rejalashtirilmoqda", — deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, aholi uchun elektromobillarni xarid qilishni rag‘batlantirish, shu jumladan, bunday toifadagi avtomobillar uchun davlat raqamlarini berishda undiriladigan to‘lov miqdorlarini kamaytirish yuzasidan aniq amaliy choralar ko‘riladi.