O‘zbekistonda “yashil energiya” ulushi 15 foizga yetishi kutilmoqda

© MinenergoFermer ustanovil solnechnie paneli na 60 kVt
Fermer ustanovil solnechnie paneli na 60 kVt - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 28.02.2024
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda quyosh va shamol energiyasi salohiyati elektrga bo‘lgan hozirgi ehtiyojni 10-12 barobar ortig‘i bilan qoplashga yetarli ekani ma’lum qilindi.
TOShKENT, 28 fev — Sputnik. Elektr ishlab chiqarishda “yashil energiya” ulushi 2024-yilda 15 foizga yetishi kutilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tayotgan qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda quyosh va shamol energiyasi salohiyati elektrga bo‘lgan hozirgi ehtiyojni 10-12 barobar ortig‘i bilan qoplashga yetarli ekani ta’kidlandi.
“Yashil energiya manbalarini barpo qilish bo‘yicha yurtimizda katta dasturlar boshlandi. Bugungi kunga qadar sohaga 2,1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi, yana 13 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, respublikada 5 milliard kilovatt-soat ekologik toza elektr ishlab chiqarish va 1,5 milliard kub metr gazni tejash imkoniyati yaratildi.
"Bir so‘z bilan aytganda, “yashil” energetika ham iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga, ham chinakam umummilliy harakatga aylandi”, — dedi davlat rahbari.
Prezident joriy yildan boshlab yirik “yashil energiya” quvvatlarini barpo etish bo‘yicha uch yillik dasturni amalga oshirishga o‘tilishini ta’kidladi.
“Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari talabidan kelib chiqib, kelgusi uch yilda 8 gigavattli 28 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, 944 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va 6 ta yirik podstansiyani qurish, jami 2,2 gigavatt bo‘lgan 18 ta elektr saqlash quvvatlarini o‘rnatish mo‘ljal qilib olindi”, — deyiladi xabarda.
Energetika vazirligiga shu yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan 14 ta stansiya qurilishini jadallashtirish topshirildi. Bular - Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona viloyatlarida 2 gigavattli 11 ta quyosh, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 600 megavattli 3 ta shamol stansiyasi.
“Joylarda quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha ishlarni yanada kengaytirish, aholining “yashil” energiyadan foydalanish borasidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi. Bu maqsadlarga qo‘shimcha 50 million dollar resurs ajratish, xorijiy investorlar bilan muzokaralar o‘tkazib, yana 100 million dollar jalb qilishga ko‘rsatma berildi”, — deb yozadi Asadov.
Tadbirkorlarga quyosh energiyasi quvvatlarini joriy etishda manfaatdorligini oshirish uchun qo‘shimcha yengilliklar yaratilishi belgilandi.
Yangiliklar lentasi
0