Kutilayotgan sovuq kunlarda sabzavotlarni qanday asrash kerak — vazirlik javobi
16:55 15.02.2024 (yangilandi: 16:56 15.02.2024)
© Sputnik / Maksim Bogodvid
/ Obuna bo‘lish
Qishloq xo‘jaligi vazirligi: piyoz va sarimsoqpiyozlarga bu sovuq deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi.
TOShKENT, 15 fev — Sputnik. Sabzavotlarning ko‘p turlari sovuqqa chidamli, xatto sovuqdan himoya qilishga ham ehtiyoj bo‘lmaydi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati Spunik O‘zbekiston muxbiriga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda 7-20 fevral kunlari kutilayotgan havo haroratining pasayishi oqibatida bozorlarda piyoz narxlari ko‘tarilishi bilan bog‘liq xabarlar tarqalmoqda.
“Piyoz narxining ko‘tarilishiga oid xabarlar asossiz. 2023-yil hosilidan aholi iste’moli uchun yetarlicha piyoz zahirasi tayyorlangan va ular omborlarda mo‘’tadil havo haroratida saqlanmoqda. Buning isbotini esa bozorlarimizda anchadan buyon 1 kg piyoz 2500-3500 so‘mgacha bo‘lgan turg‘un narxlarda sotilayotganidan ham bilish mumkin. 2024-yil hosili uchun esa to‘qsonbosti usulida tayyorlanayotgan piyoz va sarimsoqpiyozlarga bu sovuq deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Chunki to‘qsonbosti ekinlari qishning to‘qson kunida qor bosib turishini inobatga olgan holda shunday nomlangan” – dedi vazirlik mutaxassisi.
Ma’lum qilinishicha, respublika bo‘yicha 2024-yil hosili uchun barcha toifa xo‘jaliklarida avgust-sentabr oylarida 64 ming gektar, noyabr-dekabr oylarida to‘qsonbosti usulida 82,8 ming gektar maydonda piyoz ekinlari ekilgan. To‘qsonbosti usulda piyoz ekinlarini ekish, zarur agrotexnik tadbirlarini o‘tkazish hamda sovuqdan asrab qolish bo‘yicha olimlarning ilmiy tavsiyalari ishlab chiqilib, joylarga yetkazilgan.
“Avgust-sentabr va noyabr-dekabr oylarida ekilgan piyoz 2-3 marta sug‘orilib, qishlash uchun 25-30 sm o‘sib kirgan, ildiz sistemasi yaxshi rivojlanganligi sababli sovuq o‘z ta’sirini ko‘rsatish ehtimoli juda past darajada bo‘ladi” – dedi mutaxassis.
Shuningdek, mutaxassis sabzavotlarning sovuq va issiqqa bo‘lgan talabi haqida ma’lumot berdi.
“Bu 5 guruhga bo‘linadi, uning I guruhida eng sovuqbardosh va qishga chidamli ko‘p yillik o‘simliklar (piyoz, sarimsoqpiyoz, shovul, rovoch, yerqalampir) kiradi. Bu guruhga mansub o‘simliklar qishda -10-15°S va qor ostida bo‘lsa -20-25°S sovuqqa bardosh beradi. Ularning yer ostidagi qismlari yaxshi qishlaydi. Qish-fasli ko‘pgina sabzavot o‘simliklari uchun tinim davri hisoblanadi, lekin ayrim sovuqqa chidamli sabzavotlar xatto juda qattiq sovuqqa ham yaxshi bardosh beradi. Sabzavotlarning ko‘p turlari sovuqqa chidamli bo‘lib, xatto sovuqdan himoya qilishga ham ehtiyoj bo‘lmaydi” – dedi u.
Sovuqdan keyin, sabzavot ekinlari aziyat chekmasligi uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim:
O‘simlikni qo‘shimcha oziqlantirishga katta e’tibor qaratish lozim. Bunda turli mikroelement, aminokislotalarga boy preparatlar (Viusid, Biotrac singari tarkibida bor elementi mavjud bo‘lgan oziqalar) bilan bargidan oziqlantirish yaxshi samara beradi;
O‘simlikni o‘sish va rivojlanish jarayonini tezlashtirish maqsadida azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish zarur, bunda tez ta’sir etuvchi (Sulfat ammoniya) mineral o‘g‘itlardan foydalaniladi;
Havo harorti o‘simlik uchun past bo‘lsa, egat ustini simbag‘az usulida shaffof plenka bilan vaqtnicha yopib turish maqsadga muvofiq;
Barcha agrotexnik tadbirlarini intensiv usulda, qisqa muddatlarda amalga oshirish zarur, tuproq namligini saqlab turish uchun sug‘orish kerak.