G‘allada imtiyozli kreditni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermerga berish tizimi joriy qilinadi
12:16 12.02.2024 (yangilandi: 12:18 12.02.2024)
© Ministerstvo selskogo xozaystva respubliki UzbekistanV fermerskix xozaystvax i selskoxozaystvennix predpriyatiyax respubliki virasheno bolee 8,1 milliona tonn zerna
© Ministerstvo selskogo xozaystva respubliki Uzbekistan
Obuna bo‘lish
O‘tgan yil ilk bor 3 million 700 ming tonna paxta, 8 million tonna g‘alla hosili olindi.
TOShKENT, 12 fev — Sputnik. G‘allada imtiyozli kreditni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermerga berish tizimi joriy qilinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan agrar sohadagi ustuvor vazifalar va rejalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb yozadi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Qayd etilishicha, 2023-yil ilk bor 3 million 700 ming tonna paxta, 8 million tonna g‘alla hosili olindi. Bunday raqamlar mamlakat yaqin tarixida hech qachon bo‘lmagan.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Joriy yilda tumanlarga hosildor urug‘larni yetkazib, dehqonlarni yangi agrotexnologiyalarga o‘qitib, paxta va g‘allada hosildorlikni yanada oshirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, o‘g‘it tannarxni 15 foizga kamaytirib, qishloq xo‘jaligini 900 ming tonna mineral o‘g‘it bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, bu yildan ilk bor chetdan olib kelingan chigitni ekishga ruxsat berildi.
“Lekin, shu paytgacha Paxtachilik kengashi, Karantin agentligi, viloyat hokimlari bir to‘xtamga kelib, qayerdan, qanday navli urug‘ olib kelib, qayerga ekishni hal qilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan bir oy muddatda xorijdan 3 ming tonna urug‘lik chigitni olib kelish topshirildi. Umuman, joriy yilda 100 ming gektarda yuqori hosildor xorijiy paxta navlarini ekish muhimligi ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.
O‘tgan yili g‘alla hosili ilk bor 8 million tonnaga yetdi. Fermerlar manfaatdorligini yanada oshirish uchun bu yil g‘allachilikda ham yangiliklar qilinishi aytildi.
“Joriy yilda paxtadagi kabi g‘allada ham imtiyozli kreditni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermerga berish tizimi joriy qilinadi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Bundan tashqari, davlat resursi uchun xarid qilingan bug‘doyni daladan tashib kelish va saqlash xarajati 2024-yilda ham to‘liq budjetdan qoplanadi.
Prezident yana 70 ta tumanda mineral o‘g‘it saqlash omborlarini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Omborlardagi o‘g‘itlar qoldig‘ini kunlik monitoring qilib, yetishmagan qismini zudlik bilan yetkazish muhimligi qayd etildi.
Buning uchun fevral-aprel oylarida birjaga chiqadigan mineral o‘g‘it kunlik hajmini 6 ming tonnadan 9 ming tonnaga oshirishga ko‘rsatma berildi.
Yig‘ilishda o‘g‘it sifati va ustamasi bo‘yicha ayrim tumanlarda e’tirozlar bo‘layotganiga to‘xtalib o‘tildi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Prezident mutasaddilarga fermerlarga o‘z hisobidan o‘g‘it sotib olishda qulay moliyaviy mexanizmlarni joriy qilish bo‘yicha taklif kiritishga topshiriq berdi (masalan, bank yoki sug‘urta kafolati asosida bo‘lib-bo‘lib to‘lash, tijorat krediti foizlarini pasaytirish)”, — deb yozadi Sherzod Asadov.
Joylardagi omborlardan klaster va fermerlarga mineral o‘g‘itni tashishda transportni logistika portalida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi. Shuningdek, fermerlarga yoqilg‘ini o‘z vaqtida yetkazib berishda nazoratni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, 75 ta yirik kanalni betonlashga budjetdan 680 milliard so‘m ajratilgan. Asosiy maqsad eng ko‘p suv yo‘qotiladigan kanallarni sug‘orish davri boshlanishigacha betonlashdan iborat.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Lekin, Qashqadaryodagi loyihasi tayyor 9 ta kanalni beton qoplamaga o‘tkazish ishlari bor-yo‘g‘i 34 foizga bajarilgan. Sirdaryodagi 3 ta kanalda betonlash bo‘yicha bajarilgan ishlar 10 foizga ham yetmaydi.
“Prezident hamma kuchni to‘liq safarbar qilib, vegetatsiya davri boshlanguncha betonlash ishlarini yakunlash shartligini ta’kidladi. Suv yo‘qotishlarini kamaytirish va suvni tejab ishlatish Suv xo‘jaligi vazirligining eng asosiy vazifasi ekani qayd etildi”, — deya qo‘shimcha qildi prezident matbuot kotibi.
Bu yilgi paxta va g‘alla hosili uchun budjetdan 10 trillion so‘mdan ziyod imtiyozli resurs ajratildi. Klaster, fermer va dehqonlar imtiyozli kredit olishini osonlashtirish maqsadida ochiq-oshkora platforma ishga tushdi.
Lekin 2024-yil paxtasini sotish bo‘yicha fyuchers shartnomasi tuzgan fermerlarning ma’lum qismi kreditlarni haligacha olmagan. Sababi, ayrim banklar “resurs yo‘q, garov ta’minoti kerak”, degan bahonalar bilan tayyor mablag‘ni bermayapti.
"Klasterlarning fermerlar oldidagi qarzdorligi hali to‘liq to‘lanmagan. Yangi tizimga ko‘ra, oldingi qarzini 1-aprelgacha yopmagan klaster bilan fyuchers shartnomasi bekor qilinadi va fermerga paxtani birjada sotishga ruxsat beriladi. Ma’lumotni elektron platformaga to‘liq kiritgan va fyuchers shartnoma imzolagan fermerga kredit ko‘pi bilan uch kun ichida ajratilishi shartligi ta’kidlandi", — deb yozadi Asadov.