Barqarorlik reytingi: tadbirkorlarni qanday imtiyozlar kutmoqda?
14:29 01.02.2024 (yangilandi: 14:44 01.02.2024)
© Torgovo-promishlennaya palata UzbekistanaToshkentda tadbirkorlar ishtirkida o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
Obuna bo‘lish
Toshkentda bir qator boshqarmalarning vakolatli vakillari tomonidan O‘zbekiston prezidentining shu yil 1-fevralidan kuchga kiradigan qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi.
TOShKENT, 1 fev — Sputnik. O‘quv-seminarida mamlakatdagi 300 nafarga yaqin tadbirkorlar, kichik, o‘rta va yirik biznes vakillari ishtirok etishdi. Ularga biznesning barqarorlik reytingi to‘g‘risidagi yangi qarorning mazmun-mohiyati tushuntirildi,deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston.
Bugundan “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror kuchga kirdi. Tadbirkorlar ishtirokida o‘tgan uchrashuvda mazkur qarorning har bir masalasiga Savdo-sanoat palatasi, Soliq qo‘mitasi, Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoat kengashining birinchi rahbarlari va boshqa bir qator mas’ul boshqarma hamda tashkilotlar tomonidan aniqlik kiritildi.
Hujjatda baholash reytingining barcha mezonlariga javob beradigan tadbirkorlarga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar berish nazarda tutilgan. Xususan, yangi ish o‘rinlari yaratish, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash va hisobot berish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, mahsulot eksporti kabilar muhim o‘rin tutadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, eng muhimi avtomatik nazorat. U shaffoflikni ta’minlaydi, soliq yuki bo‘lmaydi, qolaversa, faoliyat reytingiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Avtomatlashtirilgan axborot tizimi tegishli algoritmlar orqali baholash natijasini tadbirkorlarning shaxsiy kabinetida aks ettiradi.
Reyting soliq, adliya va sud organlarining rentabellik, to‘lov intizomi, aholi bandligini ta’minlashdagi ishtiroki, faoliyat muddati, ish haqi, kredit tarixi, hisob-fakturalar va tegishli hisobotlarni elektron shaklda rasmiylashtirish kabi ma’lumotlar asosida shakllantiriladi.
Barqarorlik reytingi "yuqori" bo‘lganlar uchun ma’lum imtiyozlar, subsidiyalar va preferensiyalar taqdim etiladi. Masalan, barcha soliq tekshiruvlaridan ozod qilish, QQS 24 soat ichida, boshqa soliqlar bo‘yicha ortiqcha to‘lovlar esa uch kun ichida qaytariladi. Shu bilan birga, rag‘batlantirish choralari ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan davlat korxonalari va yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Tadbirkorlar bilan uchrashuvda eng ko‘p beriladigan savollar baholash mezonlari bilan bog‘liq bo‘ldi: baholash sxemasi qanday, tadbirkorlik faoliyati tasniflanadimi, tizim eksportchilar va importchilar uchun qanday ishlaydi, baholashning kamayishi yoki oshishiga nima ta’sir ko‘rsatadi va hokazo.
“Bu yerda 10 ta asosiy mezon mavjud. Agar ularning har biri bo‘yicha10 ball to‘plasangiz, jami 100 ballga ega bo‘lasiz (tahr. eslatma: maksimal ball miqdori). Bundan tashqari, yana to‘rtta mezon bo‘yicha Jamoat Kengashi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa idoralar tomonidan qo‘shimcha ball beriladi. Faqat ulardan foydalanib, taxminan 35 ball olishingiz mumkin. Shu yo‘l bilan boshqa mezonlarda yo‘qotgan ballarning o‘rnini to‘ldirishingiz mumkin”, — deb tushuntirdi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamoat kengashi a’zosi, "Chust Textile" korxonasi ta’sischisi Jamshid Ismatullayev.
Mutaxassis, shuningdek, agar korxonada "temir" daftarga (mahalla organlari tomonidan ishsizlar, kam ta’minlangan yoki muhtojlar orasidan tuziladigan ro‘yxatlar) kiritilgan xodimlar bo‘lsa, avtomatik ravishda 10 ball qo‘yilishini qo‘shimcha qildi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, agar xodimlar sonining ko‘payishi kuzatilsa va ularning ish haqi eng kam ish haqidan yuqori bo‘lsa, bu ham qo‘shimcha ball olish uchun asos bo‘ladi.
Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevning ta’kidlashicha, Mahsulotlar va xizmatlarning identifikatsiya kodini (MXIK) borligi ham tadbirkorlik subyekti faoliyati barqarorligini baholashda ijobiy omil bo‘lishi mumkin.
Xorijiy investorlar o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan hamkorlik qilishdan oldin korxona faoliyatini reyting asosida baholashlari, shuningdek, Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) yordamida “ishonch indeksi”ni tekshirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
U orqali siz kompaniyaning soliq yoki boshqa to‘lovlarni to‘lamaganligi yoki soliq to‘lovchining boshqa qonunbuzarliklari uchun sudlanganligi yoki yo‘qligini bilib olish mumkin.
Ma’lum qilinishicha, qarordan kelib chiqadigan barcha masalalarga batafsil oydinlik kiritish bo‘yicha ko‘plab savol, murojaat va so‘rovlarni inobatga olib, mas’ul tuzilmalar tushuntirish ishlarini olib borishni rejalashtirishmoqda.
Xususan, yaqin vaqt ichida reyting ko‘rsatkichlari mezonlari bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar, bosqichma-bosqich tushuntirishlar va tegishli ko‘rsatmalar keng jamoatchilik e’tiboriga havola etiladi.
"Bugun bu yerda aytilgan masalalardan kelib chiqib, har bir viloyat markazida 20-25 kishidan iborat maxsus shtablar tashkil etish, dolzarb masalalarni hududiy tadbirkorlik vakillariga tezkorlik bilan tushuntirishni rejalashtirganmiz. Toshkent shahrida shtablar soni 50 ga yaqin bo‘ladi. Ishchi guruhlar tarkibida sohaga jalb qilingan barcha mutaxassislar bilan birgalikda barcha darajadagi tadbirkorlarga innovatsiyaning barcha nozik jihatlarini tushuntiramiz”, — deya qo‘shimcha qildi Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov.
Ma’lumot uchun, Reyting doirasida tadbirkorlar quyidagi toifalarga ajratiladi:
“AAA”, “AA” va “A” toifalar – yuqori barqarorlik reytingi;
"VVV”, “VV” va “V” toifalar – o‘rta barqarorlik reytingi;
“SSS”, “SS” va “S” toifalar – qoniqarli barqarorlik reytingi
“D” toifa – quyi barqarorlik reytingi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida tadbirkorlarga yanada qulayliklar yaratilishi ma’lum qilingandi. Bu maqsadlar uchun 83 trillion so‘m va 275 million dollar kredit hamda subsidiyalar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.